www.ziyouz.com кутубхонаси
38
bandlik, bosh barmoqning ikki bandi bordur. Har nimarsani xoxlasa tutar. Mundin bo‘lak ham
chandon xizmatlar qilur. Va agar hamma uqaloyi olam (oqillar) barmoqlar vasfini yana bir
tariqada bo‘lmog‘ini xohish qilsalar, masalan, hamma barmoqlarning bir sifatda
bo‘lmog‘ini va yo uch barmoq bir suratda bo‘lmog‘ini va yo barmoqlar olti bo‘lmog‘i va
to‘rt bo‘lmog‘i, mundin o‘zga ham bir suratda tasavvur qilsalar, albatta noqis va
notamom bo‘lg‘usidur. Komili va loyiqi uldurki, Haq subhonahu va taolo xalq qilibdur, bu
vajh birla, ma’lumdurki, yaratuvchi hamma olamlarga muhitdir. Va hamma mavjudoti olam
holiga donodur.
Bas, odam a’zolaridin har birining hojatlarig‘a nazar qilsa, chunonchi, o‘z a’zolari, taom
va libos, manzil va makon, va mundin o‘zga ham, temir va yogoch va misdin bo‘lg‘on
asboblar va mundin o‘zga ham chandon nimarsalarni bandalarining hojati uchun Haq
subhonahu va taolo o‘z lutfi inoyati birla yaratibdur. Bas, bu mazkur bo‘lg‘on so‘zlardin
banda bilurkim Haq taolo bandalarig‘a mehribondur. Chunonchi, Haq taolo aytibdur:
Sabaqat rahmatiy ala g‘azabi. ya’ni, mening rahmatim g‘azabimdan avval turur. Hazrati payg‘ambar s.a.v.
aytibdurlarkim Haq taoloning bandalariga shafqati va marhamati sut emadurgon bolaga
onasining shafqati va marhamatidin ziyodaroqdur.
Bas, odam zotining kuch-quvvatidin hazrat vojibul vujud qodirligi va barkamolligini bilur.
Va ajzo va atrofiy tafsilidin Xudovandi olamning ilmi hamma ashyoga muhitligini anglar. Va
o‘z atrofi manfaatlari va ajoyib hikmatlari vuqufidin (bilish, xabardorlik) Haq taolo qudrat
kamolini mushohada qilur. Banda o‘ziga nochor lozim bo‘ladurg‘on va yo ziynat uchun muxtoj
bo‘ladurg‘on nimarsalarni o‘zida mavjud ekanidin Haq taoloning nihoyasiz lutfu
marhamatlarini bilur. Ushbu vajhdin, o‘zligini tanimoq Haq subhonahu va taolo
ma’rifatining kalididur.