Kapital qo’yilmalar Montaj
Pudrat usuli Inventar qiymat
Xo’jalik usuli
Takrorlash uchun savollar
Kapital qo’yilmalar deganda nimani tushunasiz ?
Kapital qo’yilmalar qaysi usullarda amalga oshiriladi ?
Inventar qiymat qanday aniqlanadi ?
Adabiyotlar: 2, 4, 7, 8, 11, 12.
7 - BOB. ISHLAB CHIQARISH ZAHIRALARINI HISOBGA OLISH
7.1. Ishlab chiqarish zahiralari hisobining vazifalari, ularni turkumlash va baholash
Korxonalar o’z ishlab chiqarish faoliyatlarini amalga oshirishi uchun ma’lum miqdorda ishlab chiqarish zahiralariga ega bo’lishi kerak. Ishlab chiqarish zahiralari xo’jalik yurituvchi sub’ektning ishlab chiqarish faoliyatini normal davom etishini ta’minlaydi. Ularning tarkibiga materiallar, xom-ashyo, ehtiyot qismlar va boshqalar kiradi.
Ishlab chiqarish zahiralari, asosiy vositalardan farqli ravishda, bir ishlab chiqarish jarayonida qatnashib, o’z qiymatini ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatiga shu davrning o’zida to’la o’tkazadi. Materiallar bilan birgalikda, xom-ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg’i, ehtiyot qismlar korxona oborot aktivlarini tashkil qiladi. Korxona uchun zarur bo’ladigan oborot mablag’larining umumiy miqdori tegishli vazirliklar tomonidan belgilanadi.
Materiallarning har bir turi bo’yicha normativlarni korxonaning o’zi mustaqil belgilaydi. Har bir korxonada mahsulot ishlab chiqarish jarayonining to’xtovsiz davom etib turishida belgilangan normativlarga rioya qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida korxonalarda ishlab chiqarish zahiralaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, ularning oqilona sarflanishiga rioya qilish, mahsulot tannarxida moddiy xarajatlarning salmog’ini minimallashtirish masalalariga alohida e’tibor beriladi. Eng avvalo, materiallarni to’g’ri, tejamli sarflash korxona faoliyatini rivojlantirishda va bu orqali mamlakat iqtisodiyotini gullab-yashnashida, aholining moddiy farovonligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Ishlab chiqarish zahiralarini hisobga olishning vazifalari quyidagilardan iborat:
Ishlab chiqarish zahiralari harakati bilan bog’liq muomalalarni o’z vaqtida tegishli hujjatlarda rasmiylashtirish;
Ishlab chiqarish zahiralarining to’g’ri saqlanishi ustidan nazorat olib borish;
Ishlab chiqarish zahiralarining ishlab chiqarishga to’g’ri sarflanishi hamda ularni sarflash me’yorlariga rioya qilish ustidan uzluksiz nazorat olib borish;
Mahsulot tannarxini hisoblashda sarflangan materiallarni kalkulyatsiya ob’ektlari o’rtasida to’g’ri taqsimlash.
Korxonada ishlab chiqarish zahiralarini hisobga olishni engillashtirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida ularni turkumlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Ishlab chiqarish zahiralari ulardan foydalanishning iqtisodiy mazmuniga ko’ra quyidagi guruhlarga bo’linadi:
Xom-ashyo - mahsulotning moddiy asosini tashkil etadigan mehnat ashyolaridir. Masalan, paxta, ruda va boshqalar;
Materiallar - xom-ashyoga ta’sir etish uchun qo’llaniladigan va mahsulotga ma’lum iste’mol xususiyatini berishda foydalaniladigan vositalardir. Ular ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosini tashkil etadi, ya’ni gazlama, charm, metall va hokazolar;
Sotib olinadigan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar - ma’lum darajada ishlov bosqichidan o’tgan, lekin hali pirovard mahsulot darajasiga etkazilmagan mahsulotlar;
Yoqilg’i - ko’mir, benzin, torf, gaz hamda neft mahsulotlari;
Ehtiyot qismlar - mashina va jihozlarni tuzatishda, ishdan chiqqan qismlarni almashtirishda qo’llaniladigan mashina va mexanizmlarning detal, agregat va qismlari;
Qurilish materiallari - bevosita qurilish va montaj ishlari jarayonida, qurilish qismlarini tayyorlashda, bino va inshootlarning alohida konstruktsiya va qurilmalarini ko’tarishda va qurib tugatishda foydalaniladi. Ularga qurilish uchun zarur bo’ladigan yog’och-taxta, shifer, mix va boshqalar kiradi;
Idish va idish materiallari - turli material va mahsulotlarni o’rash, joylashtirish, tashish hamda saqlashda ishlatiladigan buyumlardir. Ularga yog’och, karton, metalldan yasalgan, shisha va boshqa idishlar kiradi;
Inventar va xo’jalik anjomlari - ushbu guruhga korxona xo’jalik faoliyatida ishlatiladigan inventar buyumlar hamda arzon baholi va tez eskiruvchi buyumlar kiradi;
Boshqa tomonga qayta ishlashga berilgan materiallar - korxona balansida turgan, qayta ishlash uchun boshqa korxonaga berilgan materiallar. Ularga, asosan, qayta ishlash uchun o’zga korxonaga berilgan o’simlikchilik, chorvachilik hamda o’rmon xo’jaligi mahsulotlari kiradi;
Boshqa materiallar - yuqoridagi satrlarda ko’rsatib o’tilmagan boshqa materiallar kiradi. Ularga chiqitlar, tuzatilmaydigan braklar, metallom va boshqalar misol bo’ladi.
Mol-mulk inventar va xo’jalik anjomlari tarkibiga kiritilishi uchun quyidagi mezonlarga javob berishi lozim:
xizmat muddati bir yildan oshmagan;
xizmat muddatidan qat’i nazar bir birlik (komplekt) uchun O’zbekiston Respublikasida belgilangan (xarid qilish paytida) eng kam ish haqining ellik baravarigacha miqdorda qiymatga ega bo’lgan buyumlar. Rahbar hisobot yilida ularni inventar va xo’jalik anjomlari tarkibida hisobga olish uchun buyumlar qiymatining kamroq chegarasini belgilashga haqli.
Xizmat muddati va qiymatidan qat’i nazar inventar va xo’jalik anjomlari tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
maxsus asbob-uskunalar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumli va ommaviy ishlab chiqarish yoki yakka tartibdagi buyurtmani tayyorlash uchun mo’ljallangan, maqsadli asbob va moslamalar);
maxsus va sanitariya kiyimi, maxsus poyabzal;
ko’rpa-to’shaklar;
yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qo’yiladigan asboblar va hokazolar);
oshxona inventari, shuningdek dasturxon va sochiqlar;
barpo etish xarajatlari qurilish-montaj ishlarining tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (titulsiz) inshootlar, moslamalar va qurilmalar;
foydalanish muddati bir yildan oshmaydigan almashtiriladigan uskunalar;
ovlash qurollari (to’rlar, matraplar, trallar va hokazo).
Korxona ularning vazifasi va moliya-xo’jalik faoliyatidagi o’rniga bog’liq holda inventar, asboblar va xo’jalik anjomlarini hisobga olish uchun hisobvaraqlarni mustaqil ochish huquqiga ega. Topshirish paytida inventar va xo’jalik anjomlarining qiymati to’laligicha ishlab chiqarish yoki davr xarajatlariga kiritiladi.
Materiallarni buxgalteriya hisobida to’g’ri baholash muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Ishlab chiqarish zahiralarini baholash «Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMAga asoslangan bo’lishi lozim. Ushbu standartga muvofiq materiallar eng kam bahoda, ya’ni tannarxi bo’yicha yoki sof sotish qiymatida hisobga olinishi lozim. Chunki buxgalteriya hisobining ehtiyotkorlik tamoyilini aks ettirishning biri bo’lib past baholash qoidasi hisoblanadi: tannarx bo’yicha yoki sotishning sof qiymati.
«Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMAga asosan tovar moddiy zahiralarning tannarxi barcha sotib olish xarajatlarini va tovar-moddiy zahiralarni manzilga etkazib berish hamda tegishli holatga keltirish bilan bog’liq bo’lgan transport-tayyorlov xarajatlarini o’z ichiga oladi.
Materiallarni sotib olish xarajatlari sotib olish qiymatini, import bojlari va yig’imlarni, mahsulotni sertifikatsiya qilish xarajatlarini, ta’minot, vositachi tashkilotlarga to’langan komission to’lovlarni, soliqlarni (keyinchalik hisob-kitob tarzida), shuningdek transporttayyorlov xarajatlari, xizmat va zahiralarni sotib olish bilan bevosita bog’liq bo’lgan boshqa xarajatlarni o’z ichiga oladi. Savdo diskontlari, siylovlari va shunga o’xshash boshqa chegirmalar materiallarni sotib olish xarajatlarini belgilashda amalga oshiriladi. Boshqa xarajatlar, agar ular materiallarni manziliga etkazish paytida paydo bo’lgan taqdirdagina tovar-moddiy zahiralarning tannarxiga kiritiladi. Masalan, ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmagan qo’shimcha xarajatlar yoki muayyan mijozlar uchun mahsulot ishlab chiqarish sarflarini materiallar qiymati bo’yicha xarajatlarga kiritish imkoniyati vujudga kelishi mumkin.
Materiallarning har bir turini tayyorlash, haqiqiy tannarxini hisoblash ko’p mehnat va vaqt talab qiladi. Shuning uchun ham ko’pchilik hollarda moddiy boyliklar joriy hisobda - o’rtacha sotib olinish bahosi, reja tannarxi bo’yicha va boshqa baholarda baholanadi. Materiallarning haqiqiy tannarxi bilan o’rtacha sotib olinish bahosi yoki reja tannarxi o’rtasidagi farq ularning guruhlari bo’yicha alohida hisobvaraqlarda hisobga olinadi. Amaliyotda kompyuterlarning keng qo’llanilishi material zahiralari har bir turining haqiqiy tannarxini hisoblash imkoniyatini yaratadi.
Ishlab chiqarish xarajatlariga hisobdan chiqariladigan materiallarning haqiqiy tannarxini aniqlash, ularni baholashning quyidagi usullarini qo’llash bilan amalga oshirish mumkin:
O’rtacha tannarx bo’yicha yoki AVECO usuli;
O’rtacha chamalangan baholar bo’yicha, birinchi tushum-birinchi xarajat, FIFO usuli;
O’rtacha chamalangan baholar bo’yicha, oxirgi tushum-oxirgi xarajat, LIFO usuli.
AVECO usuli materiallarning o’rtacha narxlariga asoslangan. Bu usul bo’yicha har bir birlikning qiymati davr boshlarida o’xshash birliklarning o’rtacha o’lchanadigan qiymatidan va davr mobaynida sotib olingan va ishlab chiqarilgan o’xshash birliklar qiymatidan belgilanadi. O’rtacha qiymat davriy asosda yoki xo’jalik yurituvchi sub’ektda mavjud bo’lgan vaziyatga ko’ra, har bir qo’shimcha etkazib berish davomida hisoblanishi mumkin.
FIFO usulida ishlab chiqarishga birinchi sotib olingan materiallar partiyasi bo’yicha baholanadi, so’ngra ikkinchi partiya bahosi bo’yicha va hokazo. FIFO usulida xom-ashyo, materiallar va tovarlar kelib tushish tartibi bo’yicha baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, materiallar tannarxining qismi sifatida nisbati oldingi bahoda haqiqatda ushbu materiallar yuqori yoki past narxda sotib olinganligidan qat’iy nazar, sarflanadi. Materiallarning bahosi ularning joriy bahosini aks ettiradi. Inflyatsiya davrida FIFO usulidan qo’llanilsa, sof foydaning eng yuqori darajasiga erishiladi.
LIFO usulida materiallar ishlab chiqarishga avval oxirgi partiya tannarxi bo’yicha yoziladi, so’ngra avvalgi partiya va hokazo. Zahirada qolgan materiallar qiymati hisobot davrining oxirida birinchi sotib olingan material tannarxi bo’yicha hisoblanadi. LIFO usulidan foydalanish inflyatsiya davrida eng past foydani, deflyatsiya, ya’ni narxlarning pasayishi vaqtida eng yuqori foydani keltiradi.
Bir qancha mamlakatlarning soliq qonunchiligida, shu jumladan O’zbekiston Respublikasida bu usulni qo’llash taqiqlanadi. Chunki bu usulda korxona foydasidan to’lanadigan soliqni hisoblash bazasi kamayib ketadi.
Misol. «Bobur» kompaniyasida yil davomida quyidagi materiallar sotib olindi:
Sotib olish sanasi
Miqdori
Bir birlik materialning qiymati, so’m
Jami qiymat, ming so’m
10 mart
1000
600
600
28 may
1700
800
1360
9 noyabr
1500
900
1350
Jami
4200
3310
Yil davomida 2800 so’mlik material sarflandi va omborda 1400 so’mlik material qoldi.