Yakuniy moliyaviy natija - bu korxonaning hisobot davrida jami faoliyat turlaridan olingan daromadlari bilan jami faoliyat bo’yicha ko’rilgan zararlarining farqidir.
Yakuniy moliyaviy natija buxgalteriya hisobida 9900-«Yakuniy moliyaviy natija» hisobvarag’ida hisobga olib boriladi. Ushbu hisobvaraq tranzit bo’lib, aktiv-passiv hisobvaraq xarakteriga ega. Hisobvaraqning debetida zararlar, kreditida esa foyda aks ettiriladi. Ushbu hisobvaraqning debet va kredit oborotlarining farqi korxonaning hisobot yilidagi moliyaviy natijasini, ya’ni soliq to’langunga qadar bo’lgan foydasini aks ettiradi. Hisobot yilining oxirida 9810-«Daromad (foyda) solig’i bo’yicha xarajatlar», 9820-«Boshqa soliq va yig’imlar bo’yicha xarajatlar» hisobvaraqlarida foyda (daromad)dan hisoblangan umumiy summa aks ettiriladi. Hisobot davrida hisoblangan soliq va yig’imlar summasi quyidagi provodka orqali chegirib tashlanadi:
D-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
K-t 9810, 9820.
Ushbu muomaladan so’ng 9900-«Yakuniy moliyaviy natija» hisobvarag’ida qolgan summa korxonaning hisobot yilida olgan sof foyda (yoki zarar)ini anglatadi va ushbu summa quyidagi provodka orqali 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)» hisobvarag’iga o’tkaziladi:
sof foyda summasiga:
D-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
K-t 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)»
zarar summasiga:
D-t 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)»
K-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija».