Amaldagi qonunchilikka binoan korxonada rezerv kapitali tashkil etiladi. Uning miqdori jamiyat ustav kapitalining 15 foizidan kam bo’lmasligi kerak. Rezerv kapitali har yili sof foydadan ajratmalar o’tkazish yo’li bilan jamiyat ustavida belgilangan miqdorga etguncha tashkil etiladi. Rezerv kapitali korxona ko’rgan zararini qoplash, imtiyozli aktsiyalar uchun dividend to’lash, aktsiyadorlar talabiga ko’ra aktsiyalarni qayta sotib olish uchun ishlatiladi. Shu bilan birgalikda rezerv kapitali hisobvaraqlari uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda yuzaga keladigan inflyatsion rezervlarga muvofiq foyda hisobidan tashkil qilinadigan rezerv hisobi uchun mo’ljallangan.
Rezerv kapitali hisobi quyidagi hisobvaraqlarda yuritiladi:
8510 - «Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar»;
8520 - «Rezerv kapitali»;
8530 - «Beg’araz olingan mol-mulk».
8510-«Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar» hisobvarag’i qayta baholash natijasida aktivlar qiymatining oshishini hisobga oladi.
Misol. Transport vositasining boshlang’ich qiymati 500000 so’mga, eskirish qiymati 200000 so’mga teng. 3 koeffitsient bilan qayta baholash natijasida transport vositasining boshlang’ich qiymati 1500000 so’m (500000 x 3)gacha oshgan. Transport vositasining eskirishi esa 600000 so’m (200000 x 3)gacha oshgan. Transport vositasining boshlang’ich qiymati o’rtasidagi farq 1000000 so’m (1500000 - 500000)ga eskirish qiymati o’rtasidagi farq 400000 so’m (600000 - 200000)ga teng.
Ushbu muomalalar hisobda quyidagicha aks ettiriladi:
D-t 0160-«Transport vositalari» - 1000000 so’m
K-t 8510-«Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar» - 1000000 so’m
D-t 8510-«Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar» - 400000 so’m
K-t 0260-«Transport vositalarining eskirishi» - 400000 so’m.
Asosiy vositalar kabi qimmatli qog’ozlar ham qayta baholanadi.
Misol. Korxonada balans qiymati 80000 so’mlik qimmatli qog’oz bor. Ularning hisobot davri oxiridagi bozor qiymati 85000 so’mga teng bo’lgan.
Agar korxona o’z investitsiyalarini qayta baholangan qiymat bo’yicha hisobga olsa, u holda qayta baholashdan olingan daromad rezerv kapital hisobvaraqlarida aks ettiriladi:
D-t 0610-«Qimmatli qog’ozlar» - 5000 so’m
K-t 8510-«Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar» - 5000 so’m.
Agar keyingi hisobot davriga kelib bu qimmatli qog’ozlarning bozor qiymati kamaysa, unda mazkur qimmatli qog’ozlar bo’yicha avvalgi qayta baholash doirasida rezerv kapitalini kamaytirish hisobiga uni qoplash mumkin. Bu qimmatli qog’ozlar bo’yicha tashkil etilgan rezervdan oshuvchi narxning pasayish summasi xarajat sifatida tan olinadi.
Misol. Qimmatli qog’ozlarning bozor qiymati 78000 so’mga tushib ketgan, ya’ni 7000 so’mga kamaygan:
D-t 8510-«Aktivlarni qayta baholash bo’yicha tuzatishlar» - 5000 so’m
D-t 9690-«Moliyaviy faoliyat bo’yicha boshqa xarajatlar» - 2000 so’m
K-t 0610-«Qimmatli qog’ozlar» - 7000 so’m.
AJ rezerv kapitali ustavda belgilangan miqdorga etguniga qadar har yili sof foydadan ajratmalar yo’li bilan shakllantiriladi:
D-t 8710-«Hisobot davridagi taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar)»
K-t 8520-«Rezerv kapital».
Rezerv kapitali korxona ko’rgan zararini qoplash, imtiyozli aktsiyalar uchun dividend to’lash, aktsiyadorlar talabiga ko’ra aktsiyalarni qayta sotib olish uchun ishlatiladi.
Masalan, hisobot davrida foyda mavjud bo’lmaganida imtiyozli aktsiyalar uchun dividendlar to’landi:
D-t 8520-«Rezerv kapital»
K-t 6610-«To’lov uchun dividendlar».
Korxona tugatilayotganida turli debitorlarning qarzlari hisobdan chiqarildi:
D-t 8520-«Rezerv kapital»
K-t 4010-«Xaridor va buyurtmachilardan olinadigan schyotlar».
Ta’sis hujjatlari va hisob siyosatiga muvofiq turli maqsadlar uchun rezerv fondi boshqa mulkchilik shaklidagi korxonalarda ham tashkil etilishi mumkin.
Mol-mulk tekinga olinganida quyidagi provodka beriladi:
D-t 0110-0190-«Asosiy vositalar»
D-t 0410-0490-«Nomoddiy aktivlar»
D-t 0610-«Qimmatli qog’ozlar» D-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar»
K-t 8530-«Beg’araz olingan mol-mulk».
Amaldagi qonunchilikka binoan bepul olingan mol-mulk qiymati foyda solig’i bazasini oshiradi. Bepul olingan mol-mulk ekspert yo’li bilan yoki o’tkazma hujjatlar asosida aniqlangan adolatli qiymat bo’yicha hisobda aks ettiriladi.