Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot iqtisodiy va moliyaviy jihatdan bir-biriga bog’liq bo’lgan bir nechta kompaniyalarning guruhi xususida umumiy ma’lumot olishni ta’minlab, ushbu kompaniyalar guruhining faoliyati natijalari va istiqbolini o’zida aks ettiradi.
Ilk marotaba konsolidatsiyalangan buxgalteriya hisoboti XX asrning boshlarida AQShda vujudga kelgan. Aynan o’sha davr jadal iqtisodiy rivojlanish davri bo’lib, hozirgi iqtisodiy gigantlar o’sha vaqtdagi kichik korxonalarni «yutib yuborish» hodisasi mamlakat bo’ylab keng yoyilgan. Buning natijasida AQShda birinchi bo’lib, konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotlar tuzish zaruriyati paydo bo’lgan.
Buyuk Britaniya va Niderlandiyada konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotning qo’llanilishi XX asrning 20-yillariga to’g’ri keladi. Bu davlatlarda xolding bizneslarining keng quloch yozishi konsolidatsiyalangan hisobotlarni tuzishni taqozo etgan. Hozirgi kunda bu davlatlarda konsolidatsiyalangan hisob ma’lumotlari milliy standartlar asosida tartibga solinadi.
Evropaning boshqa mamlakatlarida konsolidatsiyalash jarayoni sekinlik bilan rivojlangan. Masalan, Germaniyada kompaniyalarning barcha filiallari bo’yicha konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot tuzish zaruriyati bo’yicha Qonun 1960 yilda qabul qilingan bo’lsa, yirik kompaniyalarning xorijda faoliyat yuritayotgan sho’’ba korxonalari bo’yicha qonun 1990 yilda qabul qilingan. Frantsiyada bu xususdagi qonun 80-yillarning oxirida amalga kiritilgan. Shveytsariyada konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotni tuzish milliy standartlar bilan tartibga solinib, ko’pgina yirik kompaniyalar o’z bo’linmalari faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlarni o’z hisobotlarida aks ettiradilar. Italiyada qimmatli qog’ozlar birjasida ro’yxatdan o’tgan kompaniyalar konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotlarni tuzishi majburiy hisoblanadi. Yaponiyada konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotni tuzish bo’yicha standart 1977 yilda qabul qilingan. Yuqorida keltirib o’tilgan fikrlardan ko’rinib turibdiki, jahon mamlakatlarida bu masalani hal qilish bo’yicha turli xil qarashlar mavjud.
Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot 1970 yilda qabul qilingan «Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot» nomli 3-son BHXS qabul qilinishidan keyin ilk marotaba qonuniy kuchga ega bo’ldi. 1979 yilda 3-son BHXS «Konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobot va sho’’ba korxonalarga qo’yilgan investitsiyalar hisobi» nomli 27-son BHXSga o’zgartirildi, shu bilan birgalikda 1983 yilda Evropa Ittifoqining (EI) «Konsolidatsiyalangan schetlar» nomli 7-son Direktivasi qabul qilindi.