SAID AHMAD (1920) O’zbek adabiyotining yetak nosirlaridan biri Said Ahmad Husanxo‘jaev 1920 yili Toshkentning
Samarqavd darboza mahallasida ziyoli oylasida dunyoga keldi. Shu yerda o‘rta maktabni (1939)
bitirib, Oliy o‘quv yurtida (1940—1941) ta’lim olgan. Adabiyot darslari va to‘garaklarida ijodga
bo‘lgan havasi ortib, qo‘lga qalam ushlagan, vaqtli matbuot uning ijod dorilfununi bo‘lgan. Said
Ahmad dastlab «Mushtum» oynomasida, Radio komitetida (1942—1943), «Qizil O’zbekiston»
ro‘znomasi (1943—1947), «Sharq yulduzi» oynomasida (1948—1950) va so‘nggi yillarda u
O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi nasr bo‘limiga boshchilik qiladi. Uning birinchi
hikoyalar to‘plami «Tortiq» 1940 yilda nashr etiladi.
Urush va urushdan so‘nggi yillarda Said Ahmad ko‘plab fel’eton, ocherk va hikoyalar yozdi. «Er
yurak» (1942), «Farg’ona hikoyalari» (1948), «Muhabbat» (1949) kabi to‘plamlar nashr etildi.
Ulug’ Vagan urushi davri voqealariga bag’ishlangan «Xazina», «Hayqiriq», «Rahmat azizlarim»
kabi hikoyalarida avtor urushning dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi, urush
qahramonlarini ulug‘laydi.
Adibning hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G’afur G’ulomning yumori, Abdulla
Qahhorning bayondagi lakonizmi mujassamdir.
Said Ahmadning barcha hikoyalari zamonaviy mavzuda yozilgan. U hikoyalarida tasvirlaydigan
har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarishga, voqealarni lirik ta’sirchanlik bilan
ifodalashga, badiiy priyomlarning xilma-xilligiga erishishga intildi. «Cho‘l burguti», «O’rik domla»,
«Lochin», «Odam va bo‘ri», «Bo‘ston», «To‘y boshi» kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida
ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘ldi, Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy
va pok bo‘lgan zamondoshlarimizdir. Muallif «Tog‘ afsonasi», «Zumrad», «Muhabbatning
tug’ilishi», «Ko‘zlaringda o‘t bor edi», «Poyqadam», «Alla», «Iqbol chiroqlari» asarlarida hayotiy
xarakterlar yaratdi.
Said Ahmad hajviy hikoyalarida taraqqiyotjmizga to‘siq bo‘layotgan yaramas urf-odatlar ustidan
kuladi, yangicha ma’naviy-axloqiy masalalarni o‘rtaga qo‘yadi. Aksincha, o‘zbek psixologiyasiga
singmaydigan, milliylikdan yiroq bevatan, bemillat, yangicha urf-odatlar, udumlar ustidan ham
qahqaha otib kuladi. Uning «Xanka bilan Tanka» «Lampa shisha» kabi o‘nlab hajviyalari shular
jumlasidandir. Said Ahmad kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesida quvnoq
miniatyuralar teatriga asos solgan.
Said Ahmad hikoyalaridan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga o‘tdi. 1949 yilda chop etilgan
«Qadrdon dalalar» va «Hukm» (1958) qissalari shular jumlasidandir.
«Ufq» romanida (1964) Ulug’ Vatan urushining olovli yillarida o‘zbek dehqonlarining front
orqasida ko‘rsatgan mehnat qahramonliklari atroflicha hikoya qilinadi. «Ufq» trilogiya bo‘lib,
yozuvchi unda urushdan oldingi va undan keyingi davr hayotiy muammolari haqida bahs
yuritadi. U o‘zining «Jimjitlik» (1988) romanida esa turg’unlik davri illatlarini fosh etishga intildi.
Said Ahmad mohir dramaturg sifatida ham tanildi. Uning «Kelinlar qo‘zg’oloni», «Kuyov» kabi
sahna asarlari shular jumlasidandir.
Said Ahmad ham qatag’onlik zulmining ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lgan, lager azoblarini
tortgan ijodkordir. O’z talanti va ona xalqiga sadoqat, katta ishonch adibni so‘z san’atkori
darajasiga yetkazgan.
Ijodkor tarjima ishlari bilan ham faol shug’ullangan. Jumladan, B. Polevoy, A. Musatov, O.
Gonchar kabi yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ayni chog’da adibning ko‘pgina
hikoyalari qardosh va horijiy tillarga ag’darildi.
Said Ahmad o‘zining quvnoq, orombahsh hikoyalari va salmoqli romanlari bilan o‘zbek prozasi
rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelayotgan ilg‘or yozuvchidir. U O’zbekiston xalq yozuvchisi,
Hamza mukofoti sovrindori hamdir.