1. Sizdan (ey, Muhammad,) o'ljalar haqida so'raydilar. Ayting: "O'ljalar Alloh va Payg'ambarnikidir. Bas, Allohdan qo'rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo'min bo'lsangizlar, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingizlar! Izoh: Badr jangidan so'ng tushgan o'ljalar taqsimida yosh jangchilar bilan keksa jangchilar o'rtasida biroz kelishmovchilik ro'y bergan. Muhammad (a. s.) ularni sulhga keltirib, o'ljani hammasiga barobar taqsim qilganlar. 2. Mo'minlar - Alloh (nomi) zikr etilganda - dillari qo'rquvda bo'ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganda - imonlari ziyoda bo'ladigan, Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan, 3. namozni mukammal o'qiydigan va rizq qilib berganimizdan ehson qiladigan kishilardir. 4. Aynan o'shalar haqiqiy mo'minlardir. Ular uchun Parvardigorlari huzurida darajalar va farovon rizq (bordir). 5. (Bu) Rabbingiz uyingizdan Sizni haq (yo'l) bilan chiqargani kabidir. Mo'minlardan bir guruhi esa (bu chiqishni) yoqtirmaydiganlardir. 6. Siz bilan haq to'g'risida (u) ayon bo'lgandan keyin bahslashmoqdalar. (Bu) go'yoki, qarab turgan hollarida, ularni o'lim sari haydalayotgandekdir. 7. Allohning ikki toifadan biri sizlarga bo'ladi, deb va'da qilganini eslang. Vaholanki, shavkatli bo'lmagani sizlarga bo'lishini xohlaysizlar. Alloh (esa) o'z kalima (amr)lari bilan haqni haqqa chiqarish va kofirlarni tor-mor qilishni xohlaydi. Izoh: Ikki toifaning birinchisi mushriklar karvoni, ikkinchisi Makkadan musulmonlar ustiga bostirib kirgan yov lashkari. Ma'lumki, Madinada hijratdan keyin Islom rivoj topib, musulmonlar qad rostlab olganlaridan keyin mushriklardan qasos olish fursati yetgan edi. Zero, musulmonlar Makkada uy-joylarini, yer va bog'larini tashlab hijrat qilib ketgan edilar. Makka mushriklari ularning qoldirib ketgan mol-mulk va boyliklarini o'zlashtirib olgan edilar. Shuning uchun ham mushriklar savdogarlik yo'li bilan karvonlarda Madina atrofida o'tib qolsalar, muhojir musulmonlar ularning yo'llarini to'sib, o'z mol-mulklari evaziga mushriklarning matoh va ashyolarini o'lja qilib olishga harakat qilar edilar. Bunga Alloh ham, rasuli ham rozilik bergan edilar. Bu oyatdagi ikki toifaning biri Shomdan qaytayotgan Makka mushriklari edi. Ularni qarshi olish uchun Rasululloh bir guruh sahobalar bilan yo'lga chiqadilar. Bundan xabar topgan Makka mushriklari katta qo'shin to'plab Madina sari yo'l oladilar. Shunda Payg'ambar (a. s.) Allohning amri bilan karvonni qo'yib, yov lashkari bilan jang qilishni ixtiyor etadilar. Ba'zi sahobalar e'tiroz bildirib: "Tayyor karvon o'lja bo'lib turganda, yovning katta qo'shiniga bas kelib bo'ladimi?" - deb norozilik bildirganlar. Ko'pchiligi esa Payg'ambarga itoat etishni
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
110
lozim topganlar. Surada shu kabi sinovlarga baho beriladi.