kimsalarni yo'ldan ozdirur va o'zi hohlagan kishilarni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilur. Albatta, qilib o'tgan amallaringizdan so'ralursizlar. 94. Qasamlaringizni o'zaro aldov vositasi qilib olmangiz! Aks holda (Islom yo'lida) mahkam o'rnashgan oyoq toyib ketur va Alloh yo'lidan to'sganingiz sababli yomonlik (balo va musibatlar)ni totib qolursizlar hamda (oxiratda) sizlar uchun ulkan azob bordir. 95. Allohning ahdini ozgina qiymatga sotib yubormangiz! Agar bilsangizlar, albatta, Alloh dargohidagi narsa (ajr-savob) sizlar uchun (dunyo matohlaridan) yaxshiroqdir. 96. Sizlarning huzurlaringizdagi narsa(lar) tugab ketur. Alloh dargohidagi narsa(lar) esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroylilari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz. 97. Erkakmi yo ayolmi - kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga pok hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroyligi barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz. 98. Qachonki, Qur'on o'qisangiz, albatta, quvg'in etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so'rangiz! 99. Albatta, imon keltirgan va faqat Parvardigorlariga tavakkul qiladiganlar ustidan u (shayton) uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir. 100. Uning hukmronligi faqat uni do'st tutib, Unga shirk keltiruvchilar ustidandir. 101. Qachonki, (Biz) bir oyat o'rniga boshqa bir oyatni almashtirsak, - holbuki, Alloh o'zi nozil qiladigan oyatlarni yaxshi biluvchidir - ular (payg'ambarga): "Haqiqatan, sen o'zing to'qib oluvchisan", -
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur