4. (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot (tomoni)dan nozil qilingandir. 5. (U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir. 6. Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. 7. Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. 8. Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning go'zal ismlari bordir. 9. (Ey, Muhammad,) Sizga Muso haqidagi xabar keldimi? 10. Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko'rib oilasiga: "(Shu yerda) turinglar, men bir olovni ko'rib qoldim, shoyadki sizlarga biror cho'g' olib kelarman yoki shu o't (atrofi)da biror yo'l (ko'rsatuvchi) toparman",- dedi. 11. Bas, olov (yaqini)ga kelgach: "Ey, Muso!" - deb nido qilindi. 12. "(Ey, Muso,) Men sening Rabbingdirman. Bas, oyoq kiyimingni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidadirsan. 13. Men seni (payg'ambarlikka) tanladim. Bas, (O'zingga) yuboriladigan vahiyga quloq tut! 14. Darhaqiqat, Men Allohdirman! Mendan o'zga iloh yo'q! Bas, Mengagina ibodat qil va Meni eslaganingda namozni ado qil! 15. Qiyomat albatta keluvchidir. (Lekin) har bir jon qiladigan sa'y-harakati sababli jazolanishi uchun uni (qachon bo'lishini) yashirishni istayman. 16. Bas, unga (qiyomatga) ishonmaydigan va havoyi nafsiga ergashgan kimsalar seni undan to'smasinlarki, u holda halok bo'lursan. 17.Ana u - qo'lingdagi nimadir, ey, Muso?!" 18. (Muso) dedi: "U asoyim, unga tayanurman va u bilan qo'ylarimga (barg) qoqib berurman. Yana unda boshqa hojatlarim ham bor".
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur