bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar oyatlarimizga ishonmaydigan bo'lib qolganlari haqida gapirur. Izoh: Islom aqidasiga binoan, qiyomat qoyim bo'lish oldidan Yeru osmonda turli g'ayri tabiiy alomatlar zohir bo'ladi. Shulardan biri "Dobbatul - Arz" - ya'ni Yer maxluqi. U yerdan chiqib kofirlarga la'nat o'qiydi. 83. Biz har bir ummatdan bir guruh - oyatlarimizni inkor etadiganlarni to'plaganimizda ular tizilib turadigan kunni (eslang)! 84. Bas, ular (hisobot beriladigan joyga) kelishgach, (Alloh) aytadi: "Sizlar aniq bilmagan holingizda oyatlarimni yolg'on dedingizmi?! Yoki nima qiluvchi bo'ldingizlar?!" 85. Zolim (kofir) bo'lganlari sababli ularning ustiga (azob to'g'risidagi) so'z tushadi. Bas, ular so'zlay olmaslar. 86. Biz ular taskin topishlari uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug' qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir! 87. Sur chalinib, Alloh O'zi xohlagan zotlardan boshqa osmonlardagi va Yerdagi (barcha) kimsalar dahshatga tushib qolgan va barcha U zot (huzuri)ga taslim qilgan holda keladigan kunni (eslang)! 88. Siz tog'larni ko'rib (mangu) qotib turuvchi, deb o'ylarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlar (suzib) yurgandek (havoda suzib) yurarlar. (Bu) barcha narsani puxta qilgan zot - Allohning sinoatidir. Albatta, U zot sizlar qilayotgan (barcha) ishlardan ogohdir! Izoh: Tog'larning suzib yurishini ikki xil tasavvur qilish mumkin. Birinchisi - qiyomat kuni tog'lar tuya yungi kabi havoda to'zib yurishi. Bu to'g'rida 101-suraning 5-oyatida ham zikr etilgan. Ikkinchisi - Yerni fazodan turib kuzatilganda tog'lar ham Yer bilan birgalikda bulutlar kabi sayr etayotgandek ko'rinishi.