www.ziyouz.com кутубхонаси
260
13. Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko'zlari quvonishi va g'am chekmasligi uchun hamda Allohning va'dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin, ko'pchiligi (buni) bilmaydilar. 14. Qachonki, u voyaga yetib, (aqli) to'lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz. 15. (Kunlardan birida Muso) shaharga uning aholisi qaflatda bo'lgan (peshin) paytida kirgan edi, unda ikki kishini urushayotgan holatda topdi. Bunisi o'z guruhidan (Isroil avlodi qavmidan) va unisi dushmanidan (qibtiylardan) edi. (Bas, Musoning) guruhidan bo'lgan kishi undan dushmaniga qarshi yordam so'radi. Shunda Muso bir musht urib, uni o'ldirib qo'ydi. (So'ng pushaymon bo'lib,) dedi: "Bu shaytonning ishidandir. Albatta, u aniq adashtiruvchi dushmandir". 16. (Keyin Allohga iltijo qilib,) dedi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, men o'zimga zulm qilib qo'ydim. Bas, meni mag'firat et". (Alloh) uni mag'firat etdi. Albatta, Uning O'zigina mag'firatli va rahmli zotdir. 17. U (yana) dedi: "Ey, Rabbim, menga qilgan in'oming haqqi endi sira jinoyatchilarga yordam qiluvchi bo'lmasman!" 18. Bas, u erta tongda shaharda qo'rquvga tushib, (biror ko'ngilsizlikka) ko'z tutgan holda ketayotgan edi, qarasa, birdan kecha undan yordam so'ragan kimsa yana uni yordamga chaqirayotibdi. Muso unga dedi: "Darhaqiqat, sen aniq gumrohdirsan!" 19. Endi u ikkisiga dushman bo'lgan kimsani (Qibtiyni) tutmoqchi bo'lgan edi, "Ey, Muso, kecha bir jonni o'ldirganing kabi (bugun) meni ham o'ldirmoqchimisan?! Sen faqat yer yuzida jabr qiluvchi bo'lmoqchisan. Sen isloh qiluvchilardan bo'lishni istamaysan",- dedi.