6. Yana ularni o'sha yerda barqaror qilib, Fir'avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko'rsatib qo'yishni (istaymiz). Izoh: Xavotirlangan narsalari mol-mulk merosi va hukmronlik Isroil avlodi qo'liga o'tib ketishi bo'lib, ular shundan cho'chir edilar. 7. Biz Musoning onasiga vahiy qildikki: "Uni emizaver. Bas, (uni o'ldirib ketishlaridan) qo'rqsang, uni daryoga tashlagin va qo'rqmagin ham, qayg'urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchidirmiz va uni payg'ambarlardan qiluvchidirmiz". 8. Bas, Fir'avn xonadoni uni (o'sib-ulg'aygach,) o'zlariga "dushman va tashvish" bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar. 9. Fir'avnning xotini (unga): "(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak", - dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edilar. 10. Muso onasining qalbi tashvishdan forig' bo'ldi. - Agar Biz ("Musoni o'zinga qaytarurmiz", degan va'damiz)ga imon keltiruvchilardan bo'lishi uchun uning ko'nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o'z o'g'li ekani)ni ochib qo'ygan bo'lur edi. 11. (Ona Musoning) opasiga: "Uning (ortidan) tushgin", - dedi. Bas, u ular sezmagan hollarida (Musoni) bir chetdan kuzatib turdi. 12. Biz oldindan (Musoga barcha) emizuvchi ayollarni taqiqladik (u hech bir ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): "Men sizlarga unga kafil bo'lib (emizadigan) va unga xolis (tarbiya beradigan) bir oilani ko'rsataymi?" - dedi.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur