220. dunyo va oxirat haqida. Sizdan, shuningdek, yetimlar (haqlari) to'g'risida so'raydilar. Ayting: "Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsalaringiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir. Alloh buzg'unchi bilan isloh etuvchini (farqini) biladi. Agar Alloh xohlasa, sizlarni qiyinchilikka solib qo'ygan bo'lar edi. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasidir. Izoh: Yetimlarning haqqini nohaq yo'l bilan yeyish yoki o'zlashtirish ulkan gunohlardan hisoblanishi oyat va hadislarda bayon etilgan. Niso surasining 10-oyatida bu xususda qattiq vaid (tahdid) bordir. 221. Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha, nikohingizga olmangiz. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo’mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga yoqimli tuyulsa ham. Ular (mushriklar) do'zaxga chorlaydilar. Alloh (esa) o'z izni bilan jannatga va mag'firatga chorlaydi va eslatma olishlari uchun odamlarga o'z oyatlarini bayon etadi. 222. Sizdan hayz to'g'risida so'raydilar. Ayting: "U (er-xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangizlar! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringizlar (qovushaveringizlar). Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi". 223. Xotinlaringiz ziroatgohingizdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan kelaveringiz va o'zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz. Allohdan qo'rqingiz va bilingizki, siz U bilan muloqot qiluvchidirsiz. Mo’minlarga (oxirat mukofotlari haqida) xushxabar bering (ey, Muhammad)!
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
26
Izoh: Bu oyati karimada Alloh taolo ayollarni ziroatgohga o'xshatadi. Darhaqiqat, ekinzorlarga qanaqa urug' ekilsa, o'sha urug' unib chiqadi. Dehqon hosil olish uchun o'z yerining xohlagan tomonidan kelib ishlov berib, don sepib, ko'chat o'tqazib dehqonchilik qilaverganidek, erlar ham o'z xotinlaridan farzand orttirish maqsadida xohlagan shaklda yaqinlik qilishi mumkin. Lekin 222-oyatda aytilganidek, faqat Alloh buyurgan tarafdan kelish shartdir. Lekin bu degani faqat old tomonidan degani emas, balki qaysi tomondan bo'lsa ham ziroatgoh qasd qilinishi kerak. Alloh muloqotda bo'lishni eslatish bilan xotinga nisbatan Lut qavmining qiliqlarini qilmaslikka ishorat qilinmoqda.