o'shalar (mangu) azobga hozir qilinurlar. 17. Bas, tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham Allohga tasbeh aytingiz! 18. Osmonlar va Yerdagi (bor) hamd Unikidir. Oqshomda ham, peshin paytiga kirishlaringizda ham (tasbeh aytingiz)! 19. (Alloh) o'likdan tirikni chiqarur, tirikdan o'likni chiqarur va yerni "o'lganidan" keyin (bahorda qayta) "tiriltirur". Sizlar ham (qiyomat kunida qabrlaringizdan) shu tarzda chiqarilursizlar. 20. Uning alomatlaridan (biri) - U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so'ngra sizlar basharga aylanib, (yer yuziga) tarqalishlaringizdir. 21. Uning alomatlaridan (yana biri) - sizlar taskin topishlaringiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratishi va o'rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir. 22. Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir. 23. Uning belgilaridan (yana biri) - kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringizdir. Albatta, bunda eshitadigan qavm uchun alomatlar bordir. 24. Uning belgilaridan (yana biri) - sizlarga (momaqaldiroqdan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatishi va osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirishidir". Albatta, bunda aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir. 25. Uning belgilaridan (yana biri) - osmon va Yer Uning amri bilan (fazoda muallaq) turishidir. So'ngra (qiyomatda) U sizlarni (yotgan) yerlaringizdan bir bor chaqirishi bilan barchangiz birdan chiqursizlar.