bo'lmaydigan bir mulk (hukmronlik) ato etgin. Sening O'zinggina (barcha yaxshiliklarni) ato etuvchisan". 36. Bas, unga u istagan tomonga uning amri bilan mayin esaveradigan shamolni bo'yin sundirdik. 37. Shuningdek, barcha (qasrlarni) bino qiluvchi va (dengizlar qa'riga shung'uvchi) g'avvos shaytonlarni (jinlarni) ham. 38. Boshqa (bo'yin sunmaydigan jin)larni esa kishanlar bilan bandi qildik. 39. (Sulaymonga dedik): "Mana shu Bizning (senga) ato etganimizdir. Bas, sen (ularni) ehson qil yoki (o'zingda) saqla, (sendan bu to'g'rida) hisobot olinmas". 40. Albatta, (Sulaymon) uchun Bizning huzurimizda yaqinlik va go'zal oqibat (jannat) bordir. 41. (Ey, Muhammad,) bandamiz Ayyub Parvardigoriga nido qilib: "Meni shayton mashaqqat va azobga tutdi", - degan paytini eslang! 42. (Shunda unga aytildi): "Oyog'ing bilan (yerni) tepgin! (chashma otilib chiqur). Mana shu sovuqqina cho'miladigan va ichimlik suvidir". 43. Biz O'z tomonimizdan marhamat ko'rsatib hamda aql egalariga eslatma bo'lishi uchun, (Ayyubga) ahli (oilasi)ni va ular bilan qo'shib, yana o'shalarning mislicha (farzand) ato etdik. 44. (Yana Biz Ayyubga aytdik): "Qo'lingga bir bog' (novdani) olib, u bilan (xotiningni) urgin - qasamingni buzmagin". Darhaqiqat, Biz (Ayyubni) sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir! Haqiqatan, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir! Izoh: "Hiylai shar'iy" degan ibora shu oyatga o'xshagan dalillarga asoslanib to'qilgan bo'lishi kerak. Ayyub (a. s.) og'ir betob bo'lgan kezlarida, xotinlari yaxshi parvarish qilmaganlari tufayli "Tuzalganimdan keyin seni yuz qamchi uraman" - deb qasam ichib qo'ygan ekanlar. Shu qasamlarini ro'yobga chiqarib, gunohkor bo'lib qolmasliklari uchun Alloh taolo yuzta mayda novdani bir dasta qilib, o'sha bilan xotinlarini bir marta urib qo'yishlikni buyurgan ekan.