www.ziyouz.com кутубхонаси
407
19. Bas, o'z kitobi (nomai a'moli) o'ng tomonidan berilgan kishi aytur: "Mana, mening kitobimni o'qinglar. 20. Darhaqiqat, men hisobotimga ro'baro' bo'lishimni bilar edim", - der. 21. Bas, u qoniqarli maishatda, 22. oliy jannatda, 23. mevalari yaqin (joyda) bo'lur. 24. (Jannat ahliga): "O'tgan kunlarda (dunyoda) qilib o'tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz- ne'matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringlar" (deyilur). 25. Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: "Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa, 26. va hisob-kitobim qanday bo'lishini bilmasam! 27. Eh, qaniydi, o'sha (birinchi o'limim hamma ishni) tugatuvchi bo'lsa! 28. Menga mol-mulk ham asqotmadi. 29. Saltanatim ham halok bo'lib ketdi". 30. "(Ey, jahannam qo'riqchilari!) Uni ushlab kishanlanglar! 31. So'ngra uni olovda toblanglar! 32. So'ngra uzunligi yetmish gaz bo'lgan zanjirga solinglar!" 33. Chunki, u (dunyodalik paytida) Ulug' Allohga imon keltirmas edi. 34. Miskinga taom berishga (o'zini va o'zgalarni) targ'ib qilmas edi. 35. Bas, bugun bu yerda unga biror do'st yo'qdir. 36. Yiringdan boshqa biror taom ham yo'qdir. 37. Uni esa faqat xatoga (kufrga) ketganlargina yegaylar. 38. Qasamyod etaman, sizlar ko'radigan narsalarga 39. va sizlar ko'rmaydigan narsalargaki, 40. u (Qur'on), albatta, mukarram Payg'ambarning (Alloh nomidan aytgan) so'zidir!