2. kofirlarga (atalgan azob to'g'risida)ki, uni qaytaruvchi (kuch) yo'qdir, 3. albatta, (u azob) me'rojlar egasi (Alloh)dandir. Izoh: Me'rojlar - bu yerda osmon qavatlaridir. 4. Farishtalar va Ruh (Jabroil) miqdori (masofasi) ellik ming yillik (bo'lgan) bir Kunda (Qiyomat kunida) Uning huzuriga ko'tarilurlar. Izoh: Ba'zi tafsir sohiblari bu oyatdagi 50 ming yilga to'g'ri keladigan bir kunni hozirgi fandagi zamon va makon o'lchovlariga taqqoslab, Jabroil va boshqa farishtalarning yo'l bosishlariga taalluqli deb noto'g'ri talqin qilmoqdalar. Vaholanki gap bu yerda qiyomatning bir kuni to'g'risida ketmoqda. Jabroil (a. s.)ning bu masofalardagi harakatlari uchun esa Alloh xohlaganicha vaqt zarur bo'ladi, xolos. 5. Bas, (Ey, Muhammad, kofirlarning aziyatlariga) chiroyli sabr bilan sabr qiling! 6. Chunki, ular u (Kun)ni uzoq deb bilurlar, 7. Biz esa uni yaqin bilurmiz. 8. U Kunda osmon yog'ning quyqasidek bo'lib qolur. 9. Tog'lar esa yung kabi (to'zon) bo'lib ketar. 10. Do'st do'stidan (hol-ahvol) so'ramas. 11. (Holbuki,) ular (bir-birlariga) ko'rsatilurlar. Jinoyatchi (kofir) u Kunning azobidan (qutulish uchun) o'g'illarini, 12. xotini va birodarini, 13. uni o'z panohiga oladigan qarindoshini 14. va Yerdagi barcha kishilarni to'lov qilib berib, unga najot berishni istar. 15. Yo'q! Axir, u do'zaxdir. 16. Terilarini sidirib oluvchidir. 17. U (Haq yo'lidan) yuz o'girib, ters qarab ketganni (o'ziga) chaqirur.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur