27. (Ey, Muhammad,) Saqarning nima ekanligini qayerdan ham bilar edingiz?! 28. U (biror kofirni) qoldirmas ham, qo'ymas ham (balki kuydirib, azob berur). 29. (U) terilarni qoraytirib kuydiruvchidir. 30. Uning ustida o'n to'qqiz (farishta qo'riqchilik qilur). Izoh: 19 raqami, shuningdek, boshqa oyatlarda ham uchraydigan turli raqamlardan keyingi vaqtda har xil ilohiy mo''jizalarni kashf etishga urinishlar ro'y bermoqda. Biz oyatlar zimnida behad mazmun va ma'nolar borligini to'la tasdiq etgan holda bizgacha yozilgan ishonchli tafsirlarga taqlid qilgan holda raqamlardagi ilohiy sir-sinoatlar haqida ortiqcha so'z yuritmadik. 31. Biz faqat farishtalarni do'zax egalari (qo'riqchilari) qildik va Biz faqat kufrga ketgan kimsalarni sinash uchun ularning sanoqini (o'n to'qqizta) qildik. Toki kitob berilgan kimsalar aniq bilgaylar va imon keltirgan zotlarning imonlari yanada ziyoda bo'lgay hamda kitob berilgan kimsalar ham, mo''minlar ham (bu xususda) shak-shubha qilmagaylar. Yana dillarida maraz (munofiqlik) bo'lgan kimsalar va kofirlar: "Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?" - degaylar. Alloh O'zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo'ldan ozdirib qo'yar va O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Parvardigoringizning qo'shinlarini (farishtalarning adadi va sifatini) Uning O'zigina bilur. U (jahannam) insonlar uchungina bir eslatmadir. Izoh: Tavrot va Injilda ham qo'riqchi farishtalarning soni 19 deb qayd etilganiga ishorat qilinmoqda. 32. Yo'q! Oyga qasam, 33. o'tib ketgan tunga qasam, 34. yorishib kelayotgan tongga qasamki, 35. albatta, u (jahannam) ulkan (balo)lardan biridir. 36. Insonlar uchun ogohlantiruvchi hamdir.