101. Allohning oyatlari sizlarga o'qib turilgan, oralaringizda Uning payg'ambari turgan bir paytda qanday qilib (dinni) inkor etasiz?! Kim Alloh (dini)ni mahkam tutsa, demak, u to'g'ri yo'lga yo'llanibdi. 102. Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo'rquv bilan qo'rqingiz va musulmon bo'lmay dunyodan o'tmangiz! 103. Hammangiz Allohning "arqoni" (Qur'on)ni mahkam tuting va firqalarga bo'linmang va o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi. 104. Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin! Aynan ular, tole topuvchilardir. Izoh:Bu yerdagi "sizlardan" so'zidan arab tili qoidasi bo'yicha ikki xil ma'no olish mumkin. Ya'ni, sizlardan bir jamoat chiqib, yaxshilikka da'vat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlari bilan shug'ullansin, deb ham tushunish mumkin. Yana, sizlar hammangiz mazkur ishlarni qiladigan ummat bo'linglar, degan buyruqni olish ham joiz. Deyarli hamma tafsirlarda shu ikki xil tafsir bayon etilgan. Lekin mufassirlarning aksariyati ikkinchi tafsirni qo'llab-quvvatlaganlar. Ular jumlasidan Abu Mansur Moturidiy hazratlari ham "Ta'viloti Ahlis-sunna" nomli tafsir kitoblarida shu suraning 110-, Moida surasining 79-oyatlari va bir necha hadisi shariflardan dalil keltirib, amri ma'ruf, nahyi munkar ishlarini qilish har bir musulmon zimmasiga vojib qilingan, deb ta'kidlaydilar. Binobarin, ba'zi bir diniy oqimlarning mazkur 104-oyat asosida turli hizb va guruhlar tuzib, jamoatdan ajralib olishlarining ilohiy ko'rsatmalarga to'la mos emasligi ma'lum bo'ladi.