qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir!* Izoh(a): Urush harom qilingan to'rt oy - Zil-qa'da, Zil-hijja, Muharram va Rajab oylaridir. Izoh(b): Ushbu oyat dalolat qiladiki, Islomda mushriklar bilan jang qilish, balki umuman urushishga faqat zarurat taqozosi bilan ruxsat etiladi va shunda ham taqvoni qo'ldan bermaslik va tajobuzkorlikka o'tmaslikka buyuriladi. 37. Albatta, (hurmatli oylarni) kechiktirish ortiqcha kofirlikdir. U bilan kofir bo'lganlarni chalg'itilur. (Ular) uni bir yil halolga, bir yil haromga chiqarib, Alloh harom qilgan (oylar) adadiga (o'zlaricha) moslab oladilar. Shu tarzda Alloh harom qilgan narsani "halollab" oladilar. Ularga (bu) yomon ishlari ziynatli (tuyuladigan) qilib qo'yildi. Alloh kofirlar qavmini hidoyatga boshlamagay. 38. Ey, imon keltirganlar! Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida (yovga qarshi) qo'zg'alingiz, deyilsa, yerga og'irligingizni solasiz (chiqmay o'tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo'lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir! 39. Agar (yovga qarshi) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblab, o'rningizga sizdan boshqa qavmni keltirur. Sizlar (esa) Unga biror narsada zarar yetkaza olmaysiz. Alloh har narsaga qodirdir. Izoh: Tabuk voqeasiga doir oyatlar. Suraning mazkur va boshqa qator oyatlarida shu voqea tavsiloti beriladi. Tabuk-Madina bilan Shom o'rtasidagi bir voha. Hijratning to'qqizinchi yili Vizantiya harbiy qo'shini musulmonlar ustiga bostirib kelayotgani haqida ovoza Rasul(a. s.)ga etib kelgach, ko'p sonli qo'shin to'plab, din va yurt mudofaasi uchun mazkur bodiyga etib keladilar. Lekin Vizantiyaning hech qanday bosqinchilik niyati yo'qligi ma'lum bo'lgach, to'qnashuvsiz qaytib keladilar. Bu voqea asnosida musulmonlar orasidagi tilidagina imon keltirgan ko'plab munofiqlarning sirlari fosh bo'ladi.