www.ziyouz.com kutubxonasi
32
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ka’baning oldiga borib:
«Qanday chiroylisan, qanday muboraksan, ey Ka’ba! Naqadar muhtaramsan, lekin
Allohga qasam bo’lsinki, mo’’min qulning qalbi Alloh nazdida sendan ko’ra
qiymatliroqdir», – deydilar.
Mo’min qulning qalbi Ka’badan ko’ra hurmatliroq. Namozxon, niyozmand bir faqirga biror
narsa berib ko’nglini olsangiz, qanchalik savob topgan bo’lasiz!
Istanbulda sodir bo’lgan bir voqeani aytib berdilar. Juda ham qiziq, aqlim lol qoldi.
Qurbon bayrami kuni namozdan chiqishlari bilan bir boy kishi u yerdagi bir oq soqolli,
o’rtacha bo’yli, jamoatning faqir kishilaridan birini qo’ltig’idan tutib masjid atrofidagi bir
qo’y podasining oldiga olib boribdi va:
«Shu qo’ylarning orasidan eng chiroylisini, eng semizini tanlagin! Qaysi birining go’shti
shirin va yaxshi bo’lishini sen yaxshi bilasan. Eng chiroylisini topgin!» – debdi.
Faqir eng katta, eng semiz qo’yni tanlab:
«Taqsir shunisini oling, shunisi eng yaxshisi!» – debdi.
«Xo’p bo’ladi! Chetga tortgin uni!» – deb buyuribdi.
Qo’yning haqini beribdilar. Keyin:
«Buni uyingga olib bor! Bolalaring bilan mazza qilib yegin!» – deb faqirga ehson qilib
yuboribdi.
U bechora, boy qo’yni o’ziga tanlayapti, deb o’yladi. Holbuki, u faqirga bermoqchi edi.
Agar qo’yni unga berishini bilganida edi uyalardi, kichigini tanlar edi. «Shunisi yetadi
taqsir, shart emas!» – deb aytardi. Boy kishi o’ziga oladi deb, eng kattasini, eng
semizini, ikki barobar qimmatini tanladi. Boy esa qo’yning pulini to’lagach, «Buni
uyingga olib bor! Men bu qo’yni sen uchun oldim!» – dedi.
Bu juda ham hayratlanarli, shu bilan birga ibratli bir holdir. Qarang, men uni
tanimayman, lekin eshitganimdan keyin duo qilyapman. Jo’mardlikni qilgan odam
allaqachon o’lib ketdi, ammo ramazon oyida Ispartada uning haqqiga duo qilmoqdalar.
Inson o’ladi, lekin orqasida qilgan yaxshi amali, ehtiromga sazovor nomi qoladi.
Endi hayotingiz xronologiyasini bir ko’z oldingizga keltirib ko’ring-chi; Sizga yomonlik
qilgan, yaxshilab jazolagan biror odamga yaxshilik qildingizmi? Demak, Alloh yomonlik
qilganga yaxshilik qilganni sevadi. Shunday qilinsa, orada muhabbat paydo bo’ladi,
yaralar bitadi. Agar shunday qilinmasa, qon da’vosi to’xtamaydi. Shu bois Alloh taolo:
«Yomonlik qilganga yaxshilik qilganingizda savob topardingiz, rizoligimga erishardingiz.
Molingizdan berganingizda rizoligimni qozonar edingiz. Farzlarimni tutganingizda
savobimga erishardingiz. Mening xotiram uchun g’azabimdan qo’rqib, bir gunohdan
o’zingizni tortganingizda, roziligimga erishgan bo’lar edingiz», deb ogohlantirmoqda.
Bir hadisi qudsiy yodimga tushdi. Ertaga ro’zi mahsharda Alloh taolo bandasiga shunday
der ekan:
«Bandam! Men kasal bo’ldim, meni ziyorat qilmading!»
«Subhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, qanday qilib sen kasal bo’lasan?
Bu nima degani?»
«Falonchi qulim kasal bo’lganda uni ziyorat qilganingda edi, Meni ziyorat qilgandek
savob topar eding».
«Ey bandam! Men och qoldim, meni to’ydirmading!»
«Fasubhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, sen och qolmaysan, sen bu
sifatlardan poksan!»