www.ziyouz.com kutubxonasi
18
– Taqvo bilan, o’zini haromdan saqlashlik bilan, ya’ni, gunoh qilmaylik, xato qilmaylik,
toki bizni do’zaxga tushirmasin... Bilmay qilgan xatolarimiz uchun bizni jazolab, jannatga
kirishdan mahrum qilmasin deb, aql yurgizib ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz.
Hazrati Umar ajoyib bir inson edilar... Har xil savollar bilan u kishiga murojaat etishar
edi. Rivoyatlardan birini sizga aytib beraman, keyin mavzumizni davom ettiramiz:
Abdulloh ibn Abbos yosh bola, ammo ko’p bilimdon edi... Hazrati Umar xalifa
bo’lganlaridan keyin uni doimo o’zlari bilan birga suhbat va majlislarga olib boradigan
bo’ldilar. Buni ko’rgan Qurayshning keksa sahobalari bir-birlaridan: «Bu bolani nega
safimizga qo’shyapmiz? Bizning ham bu boladek farzandlarimiz bor, nega endi xalifa
Umar uni bizning davramizga qo’shmoqda?» – deb so’ragan ekanlar.
Hazrati Umar – ashobning eng martabasi yuksaklaridan edilar. Ibni Abbosni
chaqirtirdilar.
Yosh sahoba bola, roziallohu anhu, uni ham, otalarini ham Alloh lutf etsin, roziligiga
vasila etsin, bizlarga ham Payg’ambarimiz alayhissalomning shafoatlarini nasib aylasin...
Chaqirtirib, o’tqazdilar. Yoshi katta sahobalarni ham chaqirdilar va «Nasr» surasini
tushuntirib berishni so’radilar.
Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.
«(Ey Muhammad), qachon Allohning yordami va g’alaba kelsa va odamlar to’p- to’p bo’lishib Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko’rsangiz, darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va U zotdan mag’firat so’rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi bo’lgan zotdir». Shunda keksa sahobiy aytibdilar: «Ey, amiral mo’’minin! Alloh bu sura bilan insonlarni
dinga, Islomga da’vat qilib, musulmon bo’lib, guruh-guruh Islomga kirganlarini ko’rib
(Fasabbih bihamdi rabbik) «Rabbingga hamd aytib, Rabbingni ulug’lagin! (vastag’firhu)
Undan mag’firat so’ragin!» – demoqda. (innahu’ ka’na tavva’ba’). U qullarining tavbasini
qabul qiluvchidir! Qullariga tavajjuh qiluvchidir. Ya’ni, fath kelishi bilan, Allohning
yordami kelishi bilan, Alloh Payg’ambarimizga «hamd aytgin, istig’for aytgin», deb amr
qilmoqda» – deya tushuntirdilar.
Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu Abdulloh ibni Abbos roziyallohu anhuga yuzlanib:
«Sen nima deysan? Sen ham shunday deysanmi?» – dedilar.
«Yo’q».
«Xo’sh, nima deysan, bu sura haqida?»
«Bu surada Alloh taolo Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlarining
yaqinlashganidan xabar bermoqda» - deb aytdilar.
Chunki bu yerdagi fath so’zidan maqsad – Makka fathi. Makka fath qilindi. Quraysh
kofirlari zulm qilib, kuchaygan davrda musulmonlar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi
vasallam bilan birga Madinaga hijrat qilganlar. Badr, Uhud, Xandaq janglari sodir bo’ldi.
Undan keyin Makka ham fath qilindi. Fathdan so’ng Arabiston yarim orolida
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga qarshi birorta kofir qavm qolmagan edi.
Insonlar guruh-guruh bo’lib islomga kira boshladilar.