www.ziyouz.com kutubxonasi
135
Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam betob
yotganlarida: «Abu Bakrga buyuringiz, jamoat oldiga chiqib imomlik qilsin!» — dedilar.
Men: «Abu Bakr o‘rningizga imomlik qilsalar, yig‘lab yuborg‘aydirlar, odamlar qiroatlarini
eshitolmay qolg‘aydir, Umarga buyuringiz, imomlik qilsin!» — dedim. Keyin: «Abu Bakr
sizning o‘rningizda tursalar, yig‘ilaridan qiroatlari eshitilmay qolg‘aydir, imomlikni
Umarga buyura qolingiz, deb Rasulullohga aytg‘il!» —dedim Hafsaga. Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Tek turg‘il, sizlar Yusuf alayhissalomning qissasidagi
xotinlar singaridirsizlar, Abu Bakrga buyuringiz, imomlik qilsin!» — dedilar Hafsaga».
Shunda Hafsa: «Sendan hech yaxshilig‘ ko‘rmadim-da!» — degan erkanlar Oisha
onamizga.
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga
o‘n yil ergashib yurdim, ul kishining xizmatlarini qilib, suhbatlarida birga bo‘ldim.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafotlaridan oldin betob yotganlarida Abu Bakr
jamoatga imomlik qilardi. Dushanba kuni biz sahobalar namozda saf tortib turgan erdik,
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xujralarining pardasini ochib, bizga qaradilar.
Janob Rasululloh oyoqlarida tik turar erdilar, yuzlari xuddi kitob varag‘idek oppoq, ozgin
va chiroylig‘ erdi. Keyin, bizga tabassum qilib jilmaydilar. Biz Rasululloh sallallohu alayhi
va sallamni ko‘rib, suyunganimizdan safdan chiqmoqchi bo‘ldik. Abu Bakr Siddiq ersa
birinchi safga kirib olmoq uchun orqasiga tisarila boshladi. Ul, Rasululloh sallallohu
alayhi va sallam namozga chiqmoqchilar, deb o‘yladi. Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam, namozni davom ettiraveringiz, degan ma’noda bizga ishora qildilar-da, pardani
yopib qo‘ydilar. Ul zot shu kuni vafot etdilar».
Anas raziyallohu anhu naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch kun
namozga chiqa olmadilar. Namozga takbir aytildi, Abu Bakr oldinga (imomlikka) o‘tdi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hujralarining pardasini ko‘tardilar. Hech qachon
Janob Rasulullohning chehralarini ko‘rgan kezimizdagidek suyunmagan erdik. Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam Abu Bakrga «Oldinga (imomlikka) o‘tg‘il!» deb ishora qildilar-
da, pardani yopdilar. Keyin, vafot etgunlaricha pardani ochmoqqa darmonlari yetmadi».
Hamza ibn Abdullohning otalari Abdulloh ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh
og‘ir yotganlarida, «Namozga chiqa olasizmi?»—deyishdi. Shunda Janob Rasululloh:
«Abu Bakrga aytingiz, jamoatga imomlik qilsin!»—dedilar. Oisha onamiz: «Abu Bakr
ko‘ngli bo‘sh odamdirlar, qiroat qilsalar, yig‘idan to‘xtay olmag‘aylar»,— dedilar. Janob
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Buyuringiz unga, jamoatga imomlik qilsin!» —
dedilar. Oisha onamiz yana boyagi so‘zlarini takrorladilar. Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam yana: «Buyuringiz unga, jamoatga imomlik qilsin! Sizlar Yusuf alayhissalom
qissasidagi xotinlar singaridirsiz»,— dedilar».