OYBEK HAQIDA QO’SHIQ
Qalbi pok mardona elning,
Sen aziz farzandisan.
Ganju mulkka bergisiz el,
Gavhari, dilbandisan.
Har kalimang ma’rifatning
Ufqida oydek to‘lib,
El aro topding sharaf sen,
Ustoz Oybek bo‘lib.
Shan hayoting odamiylik
Xayru soflikdan nishon,
Chaqnadi she’ringda nurli
E’tiqod birlan imon.
Goh Navoiy suhbatingda,
Goh Torobiy, Yo‘lchi goh,
Sen sevikli davrim o‘g‘li
Begumon, beishtiboh.
Xizmatingdan, hikmatingdan
Elu yurt mangu rizo,
O’chmagay, noming asrlar
So‘ngidan bergay sado.
1986
AHMAD ZOIRNI TINGLAB...
Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin biroz
So‘zlayin ezgulik, shafqat otidan.
To barpo bo‘libdi ko‘hna bu jahon,
Karvonlar oh chekar yovlar zotidan.
Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin biroz
Ona Sharq sehri bor jihozlaringda.
Senda yig‘lab borar Sa’diy navjuvon
Rudakiy mehri bor bayozlaringda.
Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin biroz
Chashmi zilol bo‘lib dardingni olay.
Yo bir yaproq misol bo‘lay soyabon,
So‘ngra xazon yanglig‘ yo‘lingda qolay.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
41
Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin biroz
Umidli bu jahon g‘amga bo‘lmas g‘arq.
Izingdan termulib qolmay to nolon,
Qumliklar bag‘rida g‘oyib bo‘lma, Sharq.
1987
ISM HAQIDA
Xayolimga kelar goh g‘alat bir gap,
Har uni el aro so‘ylab yurmasman.
Bilmadim ne bois, bilmam ne sabab,
Ismimni birovga ravo ko‘rmasman.
Ulug‘ otdoshlarim maqomi yuksak,
Men shogird erurman garchand alarga.
Har nechuk, bir gapni aytmog‘im kerak:
Oson bo‘lmagan hech Abdullalarga.
1987
HAZIL
Ellikda odamlar qirol bo‘lishgan,
Qirol bo‘lmaganlar qarol bo‘lishgan.
Aravakash bo‘lgan uquvsizlari,
Shu yoshda boyigan zargarning bari.
Shoirlar shu yoshda dovrug‘ qozongan,
Yonsa - so‘nggi muhlat - oshiq ham yongan,
Oh, do‘stim, bizlar-chi, nimani ko‘rdik,
Ellikka shunchaki lallayib kirdik.
1987
UQTIRISH
Unga uqtirdilar,
Oqni qora, deb,
Chunki bir qorani,
Oqlash lozim edi.
Unga uqtirdilar
Toqni bu - juft, deb,
Chunki bitta juftni
Toqlash lozim edi.
Unga uqtirdilar
Qing‘ir to‘g‘ri, deb,
Chunki bir qing‘irni
Yoqlash lozim edi.
1987
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |