Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild. She'rlar
O’G‘LIM ILHOMJONGA Umr o‘tayotir,
Hushyor bo‘l, bolam,
Endi qaqshayotir otang asabi.
Malol kelayotir hatto baytlar ham
Omoch tortayotgan qo‘sh ho‘kiz kabi.
Tashqarida sekin qoraymoqda kuz,
Barglarni zil havo kelmoqda bosib
Tomay-tomay degan tomchiday yulduz
Mening ruhiyamga g‘oyat munosib.
Nimani ko‘rdim men yorug‘ dunyoda,
Nahot shuncha og‘ir tiriklik ishi.
Dardim yetmaganday, undan ziyoda
Jajji opalaring cheksiz tashvishi
Yolg‘izlik, nadomat, og‘riq, xusumat
Umr yo‘llarimni burjga tiqdilar.
Taqirda o‘stirgan edim bir daraxt
Mevamni terdilar, so‘ngra yiqdilar
Charchoq yengayotir, unutma bolam,
Ehtiyot boq endi o‘ngu hushimga.
Orom olsam agar, niyat qil har dam
Yorug‘ kunlar kirsin mening tushimga.
1988
MALAK Nechun o‘g‘irlading o‘yu fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuyg‘ularim qoldi sargardon.
Seni ko‘rgandayman tushimda faqat,
Uchib o‘tgandaysan misoli yulduz.
Samoviy mo‘’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yo‘q bir malak, qoshlari qunduz.