GURUHBOZ
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
46
Bitta o‘zi pashshani ham yiqolmaydi,
U joyga ham bitta o‘zi chiqolmaydi.
Qayga borsa atrofiga sherik to‘plar,
Yo‘qolsa ham bitta o‘zi yo‘qolmaydi...
1987
* * *
Yiroq bo‘l hasratdan, mungdan, ko‘zyoshdan,
Sha’ningga otilgan ta’nadan, toshdan.
Mag‘rur tursang agar, mag‘rur degaylar,
Mutelik izlarlar fe’li yovvoshdan.
Yupanch topoldingmi, dunyoga kelib,
Ustoz yo shogirddan yoki tengdoshdan.
Qashqir to‘dasida qolgan bir otsan,
Tuyog‘ing sinmasa basdir, bardoshdan.
Faqat muhabbatga topingil, ey qalb,
Sen mehr ko‘rgaysan o‘shal quyoshdan.
Axir bobolar ham demishlar qadim:
Muhabbat yaratgan dunyoni boshdan.
1987
* * *
Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shahr ichra yotmoqlik malol.
Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor - eng pokiza shabbodadir bu,
Bahor - eng toza bir shamoldir demak.
Kengliklar bag‘riga uraman o‘zni,
Ko‘zimga ko‘ringay dilbar diyorim.
Go‘dak nafasidek yupatar yuzni
Qish bo‘yi intizor kutgan bahorim.
Bahor-ku o‘tadi shamoldek shitob,
Mayli o‘tajak u va o‘tar bo‘lsin.
Azizim, umringda havo bo‘lsin sof,
Umring shamollari muattar bo‘lsin...
1987
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |