www.ziyouz.com kutubxonasi
105
Men o‘lmayman, chunki bobom o‘lgan emas.
1994
* * *
Ishlari ig‘vo-yu tuhmat va riyo,
Aldamchi, haromxo‘r, iymonsiz balo.
Agar ularni ham yaratgan bo‘lsang
Kimdan gina qilay endi, ey xudo.
1994
* * *
She’rim, aytgan so‘zim, ba hukmi zamon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Qalblarda tinch-totuv yasharmi ular,
Bozor iqtisodi bilan yonma-yon.
1994
BAYRAM
Toki tirik ekan dunyoda odam,
Unga hamroh erur goh shodlik, goh g‘am.
Ertang ne bo‘lishin bilmasman ammo,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
Yordan ayri kechsa - har lahza abas,
Vafosiz do‘stni ham do‘stim dema, bas.
Keng jahon sen uchun bo‘lmasdan qafas,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
Demagil, chopqirdir omadim manim,
Hech qachon belanmas loylarga sha’nim.
Ustingdan yozmasdan bir nomard g‘anim,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
Oddiy narsalarni ko‘zga ilmay goh,
Olis yulduzlar deb chekamiz oh-voh.
Boshingni qotirmay yoningdagi moh,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
Olamda bazmu aysh uchrar alomat,
Bemorga bormikan undan halovat.
Mayliga yovg‘on ich, lekin salomat,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
Eng avval tinch bo‘lsin ko‘ksingda vijdon,
Tinch bo‘lsin elu yurt, Vatan jonajon.
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |