www.ziyouz.com kutubxonasi
102
Balki vijdon deya tinmay chekib oh,
Hayqirib yurmaydi har qanday odam.
Topilgay bobolar hikmatlarin goh,
Shunchaki nasihat deguvchilar ham.
Qay bitta narsaga muhtoj bo‘lsa gar,
Eng avval o‘shanga topingay inson.
Mayli, ummon qadar yo zarra qadar,
Har nechuk qalblarda bor bo‘lsin vijdon.
Magar ketar bo‘lsa vijdon bosh olib,
Iymon ham u bilan birga ko‘chgaydir.
Butkul mardu nomard tayanchsiz qolib,
Choh uzra chirpirak bo‘lib uchgaydir.
Devlar qutulgandek Sulaymon o‘lib,
Betizgin tuyg‘ular har yon yugurgay.
Qalb degan istehkom posbonsiz bo‘lib,
Eng avval nafs unga o‘zini urgay.
Haqiqat atalmish ravshan quyoshni,
Ochiq diydalarki, ilg‘amas ko‘rib.
Avliyo degaylar so‘qir avboshni,
Adolat o‘rnini egallar firib.
Ilojin topsalar har qanday onda
El-yurtni chalg‘itib qo‘yarlar oson.
Gar hakam bo‘lsalar biror maydonda,
Mag‘lubni g‘olib deb etarlar e’lon.
Kuppa-kunduz kuni kiprik qoqmasdan
Yolg‘on so‘zlay boshlar daholar hatto.
Kimlardir umrida bir sham yoqmasdan,
Mash’al bo‘lmoqlikni qilgaylar da’vo.
Vijdon ketgan joyda albatta bir kun,
Ilondek qo‘zg‘olur bo‘hton va tuhmat.
Bu yorug‘ olamda odamzod uchun
Bormikan ulardan ortiqroq kulfat.
Vijdonsiz kimsaga duch kelgan nafas
Kofir ham dod solgay: Asragil, yo Rabb!
Oddiy bismilloni bilmaydigan kas
Iltijo qilgaydir qiblaga qarab.
Vijdondan ayrilib qolgan fursatda
Boshlanar toj-taxtga ruju daf’atan.
Ne-ne zukko xalqlar qolib g‘aflatda,
To‘zg‘ib ketajakdir butun bir Vatan.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
103
Ha, o‘zing yorlaqa, yaratgan egam,
Iblis yuraklarga qutqu solmasin.
Vijdondan mosuvo etmagin hech ham,
Toki u xotirot bo‘lib qolmasin.
1994
ERKINLIK
Egasi yo‘q tulporman,
Dala-dashtda kezguvchi.
Uchib yurgan shunqorman,
Har sharpani sezguvchi.
Qo‘lga tushsam tulpor deb
Ko‘pkariga solurlar,
Yo, bos, qani, shunqor deb
O’ljasini olurlar.
1994
SHUKUR BURHON
Azamat bir chinor,
Ayqirgan daryo.
Undan nariroqda salobatli tog‘.
Tepada poyonsiz haybatli samo,
Atrofda ufqqa tutash dala, bog‘.
Chinor soyasida ulug‘ mo‘ysafid
Sokin kuzatadi yeru osmonni.
U Shukur Burhondir, goho shu taxlit
Tasavvur qilaman O’zbekistonni.
1994
BOSHPANA
To hayot ekansan bu olam aro
Boshingga savdolar tushgay rang-barang.
Gohida shukr aylab sevinsang, goho
Juda ko‘p narsadan sovir hafsalang.
Yuragingni siqar ming bitta savol,
Do‘st deb bilganingning adovatlari.
Qiynar unutilish, mavhum istiqbol,
O’tgan yo‘llaringning nadomatlari.
Deysan nahot g‘olib dunyoda iblis,
Nahot yaxshilikning boshi doim xam.
Chulg‘ab olganida shundayin bir his,
Qayga qochar eding, bechora odam.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
104
Faqat tabiat bor - ilohiy maskan,
Faqat o‘shanga sen bepisand boqma.
Loaqal uni sen tanigin, Inson,
Yolg‘iz boshpanangni o‘t qo‘yib yoqma.
1994
Dostları ilə paylaş: |