Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə46/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   52
shaytanat

«Sen ey, bedard, naylaykim, ko‘ngul dardini bilmaysan...»

Shuhrat bulutida suzgan choqlarida, dili qayg‘uga begona, maishatga oshno damlarda ko‘ngul dardi haqida qanday kuyladi ekan? Ajab, qo‘shiqning ohangini ham unutibdi. Endi u dil azobi nima ekanini biladi. Lekin bu odamga dardkash bo‘la oladimi? Eski


«Zaporojets»iga suyanib turgan Ahadbey dardini tushunish, boshi uzra to‘planayotgan hasrat balolarini haydashga kimning qurbi yetadi? Xo‘rlik ko‘chasidan o‘tib kelgan Zelixon ham uning dardini to‘laligicha his qila olmas... Bu dunyoda qasos jomini sipqorib lazzatlanish uchungina tirik qolganman, deb hisoblovchi Elchin Vatandan quvilgan, begona tuproq uzra tariqday sochilgan xalqi taqdiridan kuyayotgan odam dardiga qanday sherik bo‘lishi mumkin? Ahadbey yuragi jahannam azoblarining yaqinlashayotganini sezib behalovat tepadi. Hademay «Vatani yo‘qning imoni yo‘qtur», degan tillarning, Vatan tomon termilib, nuri qochgan ko‘zlarning gulxanda kuyajagini bilmasa-da, qalbini o‘sha bo‘lajak alanga tafti kuydira boshlagan.
Ahadbey mezbonning hadeb jim turaverishi odobdan emas, degan qarorga kelib, yonidan Zelixon bergan pulni chiqardi-da, Elchinga uzatdi:

  • Mendan olmaydi, siz berib qo‘ying...— dedi.

Elchin uning maqsadini tushundi — yo‘q to‘yga to‘yona olishni istamayapti. Balki Zelixonning «bitta buqa topib, ag‘darasan...» degani malol kelgandir? Mol so‘yishga qurbi yetmagan odam to‘y boshlamaydi. Zelixon sof ko‘ngilda to‘yona bergan bo‘lsa-da, gaplaridagi ohangda bir oz manmanlik, minnat sezilgan edi. Elchin Ahadbey shundan og‘ringan, deb o‘ylab, bosh chayqadi:

  • Mendan ham olmaydi. Fe’lini bilasiz-ku? Sal qo‘polroq gapirgani bilan ko‘ngli toza. Ahadbey kulimsirab, bosh chayqadi. «Men uning gapidan xafa bo‘lmadim», demadi. Shuni aytsa, «demak, baribir qo‘pol gapi dilini og‘ritgan ekan-da», degan fikr chiqishi mumkin edi.

  • Sizdan iltimos uka... Otam aytdilar. Gaplarini qaytara olmayman. Xudo xohlasa, zamon tinchisa, to‘yni qoldirmaymiz. — Ahadbey shunday deb, Elchinning tislanishiga qaramay, pulni pidjagining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. — Xudo xayringizni bersin, uka... Ko‘p o‘tmay ularning yonida Selimning mashinasi kelib to‘xtadi. Selim ish bitdi, degan maqsadda xayrlashish uchun Ahadbey sari qadam qo‘yganida Zelixon uni to‘xtatdi:

  • Uyingga yur, — dedi g‘azab bilan.

Ahadbey do‘stining avzoyi buzilganini bilib, unga yaqinlashdi-da, bilagidan ushladi.

  • Zeli, ketdik, — dedi qat’iy ohangda.

  • Sen nari tur, — Zelixon bir siltanib, qo‘lini bo‘shatdi-da, bezrayib turgan Selimga o‘shqirdi: — Uyingga kir, xunasa!

Selim ahvol chatoqligini sezib, qafasdagi qush holiga tushdi. Bir Zelixonga, bir xotirjam Elchinga qaradi. Elchinni Zelixonning kallakesar shogirdlaridan deb gumon qilib, oyoqlariga qaltiroq yugurdi. Zelixon uni bo‘yniga chang solib, sudradi.

  • Zeli og‘a, sizga nima bo‘ldi? Sizga nima yomonlik qildim...

Selim darvozadan ichkari kirguncha yalinchoq ovozda shu gaplarni takrorlayverdi. Ostona hatlashi bilan Zelixonni oyog‘i ham ishga kirishdi. Go‘shtdor odamning to‘rt-besh qadam uchib tushganini orqadan kelayotgan Elchin ham, Ahadbey ham sezmay qolishdi. Selim o‘rnidan turishga harkat qilib tipirchiladi. Zelixon unga yaqinlashib, sochini tutamlab ko‘tardi-da, jag‘iga musht urdi. Elchin Zelixonning mushtlashishini ko‘p ko‘rgan. Bunaqa paytda uni to‘xtatib qolish juda mushkul. Ajratmoqchi bo‘lganlar ham uning mushtidan yoki tepkisidan benasib qolmaydilar. Elchin, Selimning kimligini, kaltakka loyiqmi yo yo‘qmi, bilmasa-da, Zelixonga erk berish noma’qul ekanini fahmlab, orqasidan quchoqladi. Ahadbey chaqqon yurib kelib, Zelixon bilan Selim orasida turib oldi.

  • Ahadbey, qoch, — dedi Zelixon, tishini g‘ijirlatib.

  • Zeli, o‘zingni bos, foydasi yo‘q.

Bu orada oshxona tomondan ayol kishining faryodi eshitildi. Bir nafas o‘tmay, semiz xotin «voy-dod, erimni o‘ldirib qo‘yadi», deganicha lopillab yugurib kela boshladi.

  • Qayt, — dedi Zelixon unga qarab o‘shqirib. — Qayt, deyapman! Joyingda damingni chiqarmay o‘tir!

Xotin uning po‘pisasiga parvo qilmay, erini to‘sdi. Ahadbeyning ro‘parada turishi, xotinning qalqon bo‘lib olgani ham foyda bermadi. Zelixon bir siltanib Elchinning quchog‘idan chiqdiyu Selimni tepdi. Xotin er bilan ovora, Elchin bilan Ahadbey esa Zelixonni mahkam ushlashdi.

  • Guli, milisaga tilpon qil! — deb baqirdi ayol, oshxona tomon qarab.

  • Zeli, qo‘y uni, ketdik, — dedi Ahadbey.

  • Yo‘q, qo‘ymayman, — dedi Zelixon. — Hammasini shu boshlagan. Qo‘yvor meni, — Zelixon shunday deb siltandi. — Qo‘yvor, bu xunasaga tegmayman. Sen chiqib mahalladagi turklar bilan o‘zbeklarni chaqirib kel. Men buning aybini bo‘yniga qo‘yaman. O‘zbeklar buni toshbo‘ron qilishsin.

Ahadbey itoat bilan chiqdi. U odam to‘plashga ulgurmay Selimning darvozasi ro‘parasida milisaning mashinasi kelib to‘xtadi. Undan ikki milisa yigit tushdi. Ular ostona hatlashlari bilan Zelixon:

  • Orqaga qaytlaring! — deb buyurdi.

Milisa yigitlar avvaliga buyruqqa itoat etib, to‘xtadilar. So‘ng «kim ekan bu, bizga buyruq beradigan?» deganday yana bir-ikki qadam qo‘ydilar.

  • Qaytinglar! — deb baqirdi Zelixon, so‘ng Selimga o‘girildi. — Kimligimni bilasan, a? Aytib qo‘y, qaytishsin!

Selim Zelixonga qo‘rqibgina qarab olib:

  • Qaytinglar, — dedi.

Milisa yigitlar ko‘chaga chiqishdi-yu, ammo mashinalariga o‘tirishmadi. Bu orada o‘nga yaqin odam to‘plandi. Ahadbey ko‘pchilikni aytgan bo‘lsa ham, cho‘chibmi, mulohaza qilibmi, chiqishmadi. Zelixon oq yaktak ustidan mayda qaviq to‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan, bir tutam oq soqoli o‘ziga yarashgan cholga yaqinlashib, qo‘sh qo‘llab so‘rashdi-da:

  • Ota, — dedi, — mana bu odamni taniysizlarmi?

  • Ha, taniymiz, bolam, — dedi chol, yuzi qontalash Selimga ajablanib qarab.

  • Bu odam emas, shaytonning urg‘ochisi, buni ham bilasizmi?

  • Unday demang, bolam, bu ham Xudoning bir bandasi.

  • Xudoning bandasi bunaqa bo‘lmaydi-da, ota. Bu odam tuzingizni ichib, tuzlig‘ingizga tupurdi. Kechagi to‘s-to‘polonni shu boshlagan. Otgan bola bilan o‘zim gaplashib chiqdim. Men chechenman, ota. Ammo o‘zbekning nonini yeganman, suvini ichganman. Turklar bilan qismatim bir. Bu barmog‘imni tishlasam ham og‘riydi, bunisini tishlasam

ham og‘riydi. Orada qon to‘kilishini istamayman.

  • Xudo xohlasa nizo chiqmaydi, bolam. Qirq yil bir gap oralamagan, endi oralaydimi? Yoshlar...

  • Yo‘q, ota, kalta o‘ylamang. Bularning oyoqlari zulmga qarab yetaklayapti. Begunoh inson qonlari to‘kiladi.

  • Astag‘firulloh, deng, bolam. Yomon nafas qilmang.

  • Bu xunasani toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar. Javobini men beraman. Toshbo‘ron qilmasalaring o‘zim o‘ldiraman. Shu savobni deb qamoqda chirib keta qolay.

Chol Zelixonga yaqinlashib go‘shtsiz barmoqlari bilan uning g‘azabdan yonib turgan yuzini siladi. Zelixon seskanib ketdi. Bobosining barmoqlarini esladi. Bobosi o‘lganidan beri bu yuzlarni birov mehr bilan silamagan edi...

  • Bolam, shaytonga hay bering. Gunohi bo‘lsa, ana, milisa turibdi. Olib borsin, so‘roq qilsin...

Cholning barmoqlari Zelixon vujudiga hukm o‘tkazayotgan g‘azabini yengdi. G‘azab, nafrat chekindi-yu, birdan xo‘rlik buluti bosib kelib, ko‘zlari namlandi.

  • Ota, ko‘ngilchanglik qilmanglar. Bunaqalarning mingtasini yig‘ishtirib kelsangiz, bitta pichoqqa sop bo‘lmaydi-yu, ammo hammayoqni qiyomat qilib ketish qo‘llaridan keladi. Siz milisaga ishonmang, ota.

  • Bolam, menday nodon cholga xo‘p, deya qoling, yuring, — chol shunday deb uni yelkasiga qoqdi. Shundan so‘ng hozirgina sher kepatasidagi Zelixon qo‘y holiga tushdi.

  • Ketaylik, — dedi Elchin, — ota to‘g‘ri aytyaptilar.

  • Men bu xunasaga yaxshilikcha aytgan edim, — dedi Zelixon, xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday. — Arining uyasini kavlama, ko‘chib ket, devdim... Bu ko‘r, men soqov ekanman. Ko‘r bilan soqov ikki dunyoda bir-birining gapiga tushunmaydi...— Zelixon shunday deb, bo‘shashgan holda darvoza tomon yurdi. Milisa yigitlarning oldidan o‘tayotganida to‘xtadi: — Oborib tiqib qo‘yish qo‘llaringdan keladimi? — Yigitlar javob o‘rniga bir-birlariga savolomuz qarab oldilar. Zelixon ulardan tasdiq javobini kutmagan ham edi. Agar Selimning adolatli jazo olishini bilganida uni do‘pposlamas, odam to‘plab

«toshbo‘ron qilinglar», demas edi.

  • Haqiqiy erkak bo‘lish uchun o‘g‘il bola bo‘lib, tug‘ilish kifoya emas, — deb to‘ng‘illadi Zelixon, «Zaporojets»ning orqa tomoniga o‘tirib. Bu gapni kimga qarata aytganini Ahadbey ham, Elchin ham anglamadi.

  • Bekorga bo‘g‘ilyapsan, — dedi Ahadbey. — Gapingga kirib toshbo‘ron qilishganida battar bo‘lardi. Chol to‘g‘ri qildi.

Elchin suhbatga qo‘shilmadi. Uning nazarida ham oqsoqol eng to‘g‘ri yo‘lni tanlagan edi. Elchin bu voqeani bir necha kundan so‘ng yana eslaydi. Ana o‘shanda «Chol to‘xtatmay, Selimni toshbo‘ron qildirganida balki bu qiyomat sodir bo‘lmasmidi», deb o‘ylaydi.
Tabiatga hukm o‘tkazgan qish yer sathini bezaydi. Odam yuragida ko‘z ochgan qish esa dilni muzlatadi, insonga husn bermaydi. Ko‘ngilni o‘z hukmiga olgan muz odam olasiga xos mehr-shafqatni mahf etadi. Oqibatda esa yirtqich hayvonlarni ham lol qoldirishi mumkin bo‘lgan vahshiyliklar sodir bo‘ladi.
Zelixon, cholning barmoqlari yuziga tegishi bilan ko‘ngli yumshagan bo‘lsa ham, alamdan tushmagan edi. «Agar bir itni o‘ldirsang, odamlar sendan nafratlanishadi, — deb o‘yladi u. — Oldin «bu it quturgan» deb ishontirib, so‘ng o‘ldirsang, rahmat aytishadi. Selim itdan battar maxluq edi, quturgan itni balki davolash mumkindir. Pul quturtirgan odamni-chi? Uni faqat o‘ldirish kerak. Nimadan qo‘rqishdi?..»

  • Ahadbey, aeroportga hayda, — dedi Zelixon buyruq ohangida. — Elchinni kuzatib qo‘yaylik.

  • Bir-ikki kun qolaman, — dedi Elchin, e’tiroz bildirib. — Oshna-og‘aynilar bilan

otamlashib ketay...

  • O‘zing bilasan. Men bular tinchiguncha Ahadbeynikida bo‘laman. Ahadbey, Farg‘onaga hayda. Fedyani topaylik.

Elchin shaharni kesib o‘tgan soy bo‘yida tushib qoldi. Eski «Zaporojets» mashinalar oqimiga qo‘shilib burilib ketgunicha orqasidan tikilib turdi. «Zeli og‘a hozir gap ko‘tara olmaydi, — deb o‘yladi u. — Tashlab ketsam ham bo‘lmaydi. Jigarlarim do‘zaxda kuysa, men jannatda yayrab yashay olamanmi, dedi. Ko‘ngli yomonlik sezyapti. Nahot, arzimas janjaldan katta fojia tug‘ilsa?! Ilgari yigitlar urishmaganmi, bir-biriga pichoq tortmaganmi? Nimaga endi qiyomat boshlanishi kerak? Qorabog‘dagi ahvol ma’lum. Til boshqa, din boshqa, dil boshqa. Tili bir, dini bir, urf-odati bir odamlar bir-birlarining qonlarini nimani bahona qilib to‘kadilar? Zeli og‘a oshirib yuboryapti shekilli? Har nima bo‘lganida ham, bir-ikki kun shu atrofda yuray-chi... «Raqib kula boshlar, yaqin do‘sting ahvolingga chekmasa qayg‘u...» Elchin shu to‘xtamga kelib, soy bo‘yidagi samovarxona tomon yurdi.
Elchin yaqindagina bo‘yoqdan chiqqan so‘riga borib o‘tirdi. Soyning loyqa suvi ayqirib, beton qirg‘oqni yalab o‘tadi. «Odamning umri ham shu soyga o‘xshaydi, — deb o‘yladi Elchin. — Dam mana shu loyqa suvday zardob to‘lib oqadi. Dardini qayoqqa singdirishini bilmaydi... Hayot ikki qirg‘og‘i betonlangan soyning o‘zi. Bir qarich chetga chiqmaysan. Ayniqsa loyqa damlarda qiyin. Bu soy ham bora-bora tinchiydi, tinadi. Shunga majbur, boshqa iloji yo‘q...»

  • Assalomu alaykum, Hofiz aka...

Qiroat bilan berilgan salom uni xayol dunyosidan qaytarib, ovoz kelgan tomonga o‘girilishiga majbur etdi. Marg‘ilonnuxsa do‘ppini boshiga qiyshiq qo‘ndirgan, qaldirg‘och mo‘ylovi o‘ziga yarashiqli, ko‘zlari kulib turuvchi yigit Elchin o‘girilgach, yana bir marta salom berdi-da, qo‘shqo‘llab so‘rashdi.

  • Omonmisiz, aka, bugun quyosh qayoqdan chiqdi, deb tursam, sizning kelishingiz ekan-da, — yigit ko‘rpachaning bir chetiga o‘tirib, yuziga fotiha tortgan bo‘ldi. — Sizni ko‘rib avval ko‘zimizga ishonmadik. Aka, bir lutf ko‘rsatib, bizning so‘riga o‘tsangiz, bir cho‘qimgina oshimiz bor edi.

Elchin bu yigitni tanimagani uchun taklifini qabul qilishga ikkilandi.

  • Siz hech xijolat bo‘lmang, aka, — dedi yigit. — San’at shinavandalari yig‘ilganmiz. Men teatruda ishlayman. Xizmatga endigina kirgan vaqtimda bir kelgan edingiz. Shu-shu ko‘ngilni egallab qo‘ygansiz. Ismim Tolibjon, aka, marhamat qiling.

Elchin ko‘pam noz etmay, o‘rnidan turdi. Tengqur hamkasblar ichkarida davra qurishgan ekan. Ularning ayrimlari Elchinni avval ham bir-ikki ko‘rgan, ayrimlari dovrug‘ini eshitgan edi. Elchin shuhrat otidan barvaqt tushib qolmaganida bunday davrani mensib qo‘shilarmidi, yo‘qmi — Xudo biladi. Amaldorlar mansabdan tushgan kunning ertasigayoq yolg‘izlanib qoladilar. O‘zini do‘st tutib yurganlar yuz burib ketaveradilar.
Shuhrati so‘ngan san’atkorlarni esa bu achchiq qismat kutmaydi. Ularning muxlislari saqlanib qoladi. Ayniqsa hamkasblar yuzaki bo‘lsa-da, qulluq qilib turadilar. Insofi bor san’atchi «osmonda suzib yurganimda buni mensimay durust ish qilmagan ekanman», deb xijolat bo‘lishi mumkin. Otdan tushsa ham egardan tushmaydigan xili esa, «meni izzat qilishga majburlar», deb yo‘nilmagan tayoqday o‘tiraveradi. Elchin Farg‘onada ko‘p bo‘lgan, ko‘p ziyofatlarning to‘rida o‘tirgan. Ko‘p odamlar bilan qo‘l berib so‘rashaverish ham erish tuyilgan. Hozir o‘sha qilig‘i esiga tushib odamlarni mensimay ranjitgandirman, deb bir oz uyaldi.
Davradagilar Elchinning tashrifidan astoydil quvondilar. Mehmonni xijolatga qo‘yishi mumkin bo‘lgan gaplardan gapirmadilar, xotiralarni tilga olmadilar. Elchin bilgan odamlarni bir-bir eslab, so‘rab-surishtirdi. Davradagilar dam hazil bilan, dam afsus bilan
javob qaytardilar. Osh suzilishidan oldin Elchin:

  • Farg‘ona tinchmi, o‘zi? — deb so‘radi.

  • Tinch bo‘lmay qayoqqa borardi. Qizil poshshomizni Maskovga deputat qilib saylab qo‘yganmiz. Do‘ppini boshga chambarak qilib yuribmiz, qizil poshsho davrida Farg‘onamiz bi-ir gullaydigan bo‘lib turibdi.

  • Tolibjon erta-saharda birinchi ovoz bergan, — dedi davradagilardan biri. — Nima bo‘lsa Tolibjon javobgar.

Askiyaga suyagi yo‘q yigitlar Tolibjonni bir-bir «olishgach», Elchin yana boshlab qo‘ygan gapiga qaytdi.

  • Turklar tinchmi?

Kutilmagan bu savoldan hamma bir-biriga qarab oldi.

  • Turklarga nima bo‘libdi, — dedi Tolibjon ajablanib. — Bir gap bormi?

  • Har xil mishmishlarni eshityapmiz.

  • Bu mishmishlar yetib kelmadi bizga. Bir gap bor bo‘lsa eshitardim. Qo‘shnim turk. Kunda bo‘lmasa ham kun ora bir kosa ovqatni biz ularga ilinamiz, ertasiga ular bizga ilinishadi. Shavkat tog‘a deganimiz meni «o‘g‘lim-o‘g‘lim», deb boshiga ko‘targuday qiladi. Bugun ertamatan chiqib ikkita qo‘yimning junini olib berdilar, deng. Agar ularga tegishli noxushroq gaplar bo‘lsa, men eshitardim. Shavkat tog‘a hamma dardlarini menga aytadilar.

Elchin oraga noo‘rinroq savol tashlaganini fahmlab, gapni teatrga burib yubordi.

  • Bugun Vodilda kontsertimiz bor, aka, oshdan keyin jo‘naymiz. Biz bilan borib ikkitagina ashula qilib bersangiz, jannatni hadya etganday bo‘lardingiz-da...

Elchin bu taklifga ko‘ndi. Uni tamoshaning ikkinchi bo‘limida chiqaradigan bo‘lishdi. Tamoshaga to‘planganlar Elchinning kelganini eshitgan, dam-badam «Elchin chiqsin!» deb hayqiriqlar eshitilib qolar, bu xitoblar unga dovruqli kunlarini esiga solib, yuragini hapriqtirar edi. Elchin torni sozlab turganida Tolibjon bashang kiyingan bir yigitni boshlab keldi. Elchin uning ko‘zlarida tashvish uchquni ko‘rdi.

  • Ha, Tolibjon, bahay? — dedi hazil ohangida. Tolibjon javob berolmay, ko‘zlarini olib qochdi. Uning o‘rniga yigit javob qaytardi:

  • Men obkomdanman, mafkura bo‘limidan, — u shunday deb yon cho‘ntagidan qizil guvohnoma chiqardi.

  • Qo‘yavering, ishondim, — dedi Elchin, guvohnomaga qaramay.

  • Siz bugun sahnaga chiqa olmaysiz.

  • Nimaga endi?

  • Kontsert — mafkuraviy tadbir. Repertuarini obkom tasdiqlagan. Siz nima aytasiz, biz bilmaymiz. Madaniyat ministrligidan ruxsatingiz bo‘lishi shart.

  • Jon aka, bu kishini biz taklif qilganmiz. O‘zlaricha kelganlari yo‘q, — dedi Tolibjon bo‘g‘ilib. Elchin bu masalada ancha gap-so‘z bo‘lganini anglab, jilmaydi:

  • Tolibjon, akangizni qiynamang.

  • Ha, ana, tushunar ekansiz-ku! Men bularga tushuntiraman, deb jigarim qon bo‘lib ketdi. O‘tgan hafta Dadaxon deganlari kelib «qo‘zg‘aling», degan ashula aytibdi.

Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin