Shoir bo‘lib tug‘ilmasaydim, Ko‘rmas edim bunchalar xo‘rlik...
—Anvar, qo‘ysang-chi, hazillashdim-ku? Shuncha yillik ayriliqdan keyin bir hazillashsam...
Men seni sog‘indim... Xatlarimga nima uchun javob bermading? Meni ko‘rishni ham istamagan edingmi?.. Endi nimaga kelding? Men seni qutqarishga ojiz edim. Endi sen meni ozod etmoqchimisan? Unamasam-chi?
Anvar, xatlaringga javob bermay, Uchquduqda ko‘rishishga chiqmaganimning sababini boshqa safar aytib beray. Mana bu yerimda, — Elchin ko‘kragini mushtladi, — jon qolmagan, zardobga to‘la. Dardim to‘lib-toshgan, senga aytmasam kimga aytaman?
Noilani sen o‘ldirmagan eding. Bunga hammaning aqli yetib turuvdi. Sen uning ruhiga xoinlik qilding.
Men qamoq muddatini o‘tab qaytdim. O‘zim chiqargan hukm esa hali ijro etilgani yo‘q. Jazoimni tortib yuribman. Agar o‘shanda otishga hukm qilishganida birato‘la qutular edim... — Elchin shunday deb xo‘rsindi.
Anvar unga tikildi: sochlariga oq tushgan, mijjalari atrofini ajin bosgan. Ruhini tetik ko‘rsatishga intilayotgan bo‘lsa ham, ko‘zlaridan nur qochgan. Qarashlarida ilgarigi jon yo‘q...
Otishganida xoin sifatida o‘lib ketarding.
Jon oshnam, meni qiynama. Hozir menga yordaming kerak.
O‘z kuching bilan meni bu yerdan chiqarib ketganingda rahmat aytardim. Sen bir boshi buzuqning marhamati bilan menga ozodlik bermoqchi bo‘libsan. Miyang aynib qolibdi. Men hali senga dunyoning formulasini topdim, dedim. Bu sen o‘ylagandek jinnicha hazil emas. Chindan ham topganman. Eshit: haqiqat degan narsa bu no‘l! Dunyoni ko‘zga chiroyli ko‘rsatib beruvchi niqob, choyshab. O‘likning ustiga gulli choyshab yopib qo‘yganing bilan murda chiroyli bo‘lib qolmaydi-ku, to‘g‘rimi? Hayotda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Faqat choyshabning nomi o‘zgarib turadi. Choyshabning hozirgi nomi nima, bilasanmi? Qayta qurish!
Anvar, qo‘y, bu gapni keyin gaplashamiz.
Yo‘q, eshit, mening nimadan jinni bo‘lganimni bilishing kerak. Demak, dunyoning
formulasi: haqiqatni iks deb turaylik, — Anvar stol ustidagi qog‘ozni, chiroyli qalamni olib tez-tez yozdi-da, Elchinga uzatdi. — Mana, qara: H(haqiqat)=xiyonat+riyo+(hasad+ochko‘zlik)+adovat+g‘iybat+nifoq+shuhratparastlik+ mansabparastlik—vijdon+iymon+hayo=0
Elchin qog‘ozdagi satrlarga uzoq tikilib qoldi. So‘ng uni ikki buklab stol ustiga tashladi.
O‘rislarda bir maqol bor: Amerikani ikkinchi marta kashf etmaydilar. Oddiy haqiqatni kimga isbot etmoqchisan? Dunyoda hamma narsa nisbiy. Men falonchiga nisbatan insofliman, sen esa menga nisbatan, yana bir odam senga nisbatan insofliroq. Har birimiz haqiqatni o‘zimizcha tushuna- miz.
Bizning nodonligimiz ham shu tushunchalardan suv ichib ko‘karadi.
Bo‘pti, sen haqsan. Bahslashgan bilan qorin to‘ymaydi. Narsalaringni yig‘ishtir.
Men... ketmayman. Menga shu yer yoqib qoldi.
Jinnilik qilma.
Yo‘q, shu imkoniyatdan foydalanmasam, chindan ham jinni bo‘laman.
Bu ishga Asadbek aralashganini bilmasang indamay chiqarding. Men atay aytdim. Bilib qo‘yishing kerak buni... Seni bu yerga jo‘natgan odamga faqat Asadbek bas kela oladi, — Elchin shunday deb boshini egdi. Xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek davom etdi: — Qaytgan kunimoq senikiga bordim. O‘larday sog‘inuvdim. So‘ng... aytadigan gaplarim ko‘p edi senga. Men endi pulga muhtoj bo‘lmayman. Bolaligimizda sen kuchli eding. Meni himoya qilarding. Hozir bu himoyaga muhtoj emasman. U tomonda orttirgan oshnalarim bor. Sen yonimda bo‘lsang bas. Nafasingni his qilib tursam bo‘lgani. Men adolatga sig‘inay desam, qayga boraman, haqiqatga sig‘inay desam, qayga boraman?
Ezgulikka-chi? Bilib qo‘y, men uchun hammasi — sensan! Keyin, men seni bu holda tashlab qo‘ymayman. Men xunxo‘r odamman. Ha, Noilani men o‘ldirmaganman. Lekin u mening ablahligim tufayli halok bo‘ldi. Shuning uchun jazo olishim kerak edi. Bu — bir. Ikkinchidan, begunohligimni isbot qila olmas edim. Ular bunga yo‘l qo‘ymas edilar.
Bilaman, o‘lim jazosini o‘shalar bekor qilishgan. Menga yaxshi bir saboq berishmoqchi edi. Saboq oldim. Lekin ular mo‘ljallagan xulosaga kelmadim. Endi mening suratim odam. Aslida esa, men ilonman! Ularni bo‘g‘ib qiynayman, so‘ng qonini so‘raman. Men ularning ko‘zlarini o‘yaman, tillarini sug‘uraman, qo‘llarini sindiraman, quloqlariga qo‘rg‘oshin quyaman. Umrimning mazmuni ham, totadigan lazzatim ham shu! — Elchin xo‘rsinib, Anvarga qaradi. Uning ko‘zida yovuzlik o‘ti chaqnadi. Endi u yosh dillarni vayron qiluvchi «lirik xonanda»ga sira-sira o‘xshamas edi. Anvar uning so‘zlarini eshitib, ko‘zlariga tikildi-yu, bir so‘z aytmadi. Elchin undan javob kutmay gapini davom ettirdi:
Sen menga keraksan. Rad etishga haqqing yo‘q. Bu dunyodagi umrim o‘lchovli, meni ranjitsang gunohga botasan, bilib qo‘y.
Anvar javob qaytarmadi. Og‘ir kulfat toshi yelkasidan bosib turganday bukchayganicha o‘tiraverdi. U do‘stining maqsadini tushundi. Asadbek huzuriga bosh egib borishining ma’nosini ham angladi. Elchin jonini tikib, xavfli o‘yinga kirgan edi. U uch boshli ajdahoni yengish qasdida chiqqan ulovsiz, yarog‘siz pahlavon holida edi. Bir paytlar bu ajdaho ko‘ziga farishta bo‘lib ko‘ringan edi. Anvar «Adashyapsan!» deb uni yo‘ldan qaytarishga ko‘p urindi. Ammo harakati zoe ketdi. Endi-chi? Endi nima qilsin? Yana yo‘ldan qaytarishga urinsinmi? Ilgari Elchinning ko‘zlari ojiz edi. Endi ko‘ra-bila turib, o‘limga rozi bo‘lib ketyapti.
Anvar bir qarorga kela olmay dog‘da edi. Shu bois boshini ko‘tarib o‘ychan ko‘zlarini do‘stiga qadadi.
Sening orqangda tog‘ bo‘lishi kerak. Men... afsus, tog‘ emasman. Bir toshchaman. Hayot meni ermak qilib o‘ynab, istagan paytda uloqtirib tashlashi mumkin. Menga ishonma.
Yaxshi, buni keyin gaplashamiz. Bu yer masala so‘qishadigan joy emas. Tur, lash- lushlaringni yig‘ishtir.
Anvar hazin jilmaydi.
Men ketmayman.
Istasang, seni bu yerga jo‘nattirgan it emganlarning hammasini haydab kelib, qarshingda tiz cho‘ktiraman.
Bundan nima foyda? Shu bilan insofga kelishadi, deb o‘ylaysanmi? O‘zingni ham, meni ham qiynama, og‘ayni.
Elchin tizzasiga urib, o‘rnidan turib ketdi.
Qaysarlik ham evi bilan-da... — u bir oz jim qoldi. So‘ng Anvarga yaqinlashib, uni yelkasidan tutdi.— Hech bo‘lmasa bir kunga chiqarsan. To‘yimga borarsan, kuyovjo‘ra bo‘larsan?
Bu gapdan keyin Anvarning ko‘zlariga insof nuri qaytib, yuziga qizillik yugurdi.
Uylanyapsanmi? Qutlug‘ bo‘lsin. Shuni oldinroq aytmaysanmi? Xo‘p, bir kunga chiqaman. Kimga uylanyapsan, sir emasmi?
Elchin yangilikni eshitib qochib ketmasin, degandek Anvarning yelkasini yanada mahkamroq ushladi:
Asadbekning qizini olyapman, — dedi do‘stiga tikilib.
Elchin «jodugar kampirga uylanyapman» deganida Anvar bunchalik hayratlanmas edi. Lekin Asadbekning qiziga uylanish!!! To‘g‘ri, Elchin xushsurat yigit, avvalgi shuhrati ham unchalik so‘nmagan. Eng lobar qiz ham unga jon-jon deb tegishi mumkin. Lekin Asadbekning qizi?.. Qiz xohlagan taqdirda ham, Asadbekning rozi bo‘lishi?.. Anvar uchun bu yechimi og‘ir jumboq edi.
3
Aslida esa bu jumboqning yechimi unchalik og‘ir emas. Yechimga Noila o‘ldirilgan tunda kirishilgan bo‘lsa-da, hal qiluvchi palla deb 1988 yil 31 dekabrni belgilash mumkin.
Otasini olib ketishganidan beri, o‘ttiz birinchi dekabr, nasariy hisobidagi yangi yil kechasi Asadbek uchun motam tusini olgan edi. Ulg‘ayib, uylanib, bola-chaqali bo‘lganidan keyin ham, atrofida odamlar to‘planib, qudratli kuchga aylanganidan keyin ham yilning so‘nggi kunida yolg‘iz qolar edi. Bu kuni uni hech kim bezovta qilmasdi. Aniqroq aytsak, bu kuni unga birov yurak yutib betlay olmasdi. Bu kuni u eng muhim ishlarini ham chetga yig‘ishtirardi.
Oldi peshayvon, ikki xonali o‘sha eski uyiga borib, chiroqlarni yoqmay, tanchaga cho‘g‘ tashlamay tong ottirardi. Yangi yil kechasi uning eng sara, eng sodiq to‘rt yigiti uchun ham harom edi. Ularning ikkisi ko‘chaning u boshida, ikkisi bu boshida sergak turardi. Shu tun qor tugul tosh yog‘sa ham, sovuq ming darajaga chiqib ketsa ham bu hol o‘zgarmas edi.
...Asad o‘sha kech otasining aytganini bajarmadi — qo‘shnisi Jalillarnikiga chiqmadi. Nazarida haligi odamlar hazillashganday, dam o‘tmay otasi qaytib keladiganday tuyuldi... Ana, ko‘cha eshik «g‘iyt» etib ochildi. Ana, dadasi haligi ikki kishi bilan birga kulib kirib keldi. «Qalaysan, toychoq! Mening o‘g‘lim azamat, hech narsadan qo‘rqmaydi, desam, bular ishonishmay, men bilan garov o‘ynashgan edi. Sinab ko‘rib yutqizishganini tan olishdi. Qoyilman senga, ularni boplading!» Shunday deb dadasi uni o‘pdi... Ko‘cha eshigiga ilhaq tikilib o‘tirganida ko‘ziga ko‘rindimi yo bir zumgina mudroq yenggan chog‘ida shirin tush ko‘rdimi — farqlay olmadi. Har holda dadasining qaytishiga qattiq ishondi. Tancha sovudi. Chiroqni yoqmadi. Qo‘rqmadi. Ishonch qo‘rquvdan ustun keldi.
Nigohi qorong‘ilik bag‘rini titib, timirskilanib kezdi. Oy ko‘tarilgach, hovlini qoplagan qor
oppoq oqarib atrofni yoritdi. Oy nuri singan ko‘zi o‘rniga qog‘oz qoplangan deraza orqali uyga ham kirdi.
Ko‘cha eshik ertalabgacha qilt etmadi. Dadasining ketishi hazil emas, chinga aylanayotgan damda ko‘cha eshik ochildi. «Dadam!» U irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, eshik og‘zida oshnasi Jalilni ko‘rib, o‘sha zahoti joyida qotdi. Jalil hovliga kirib, bir-ikki qadam bosgach, to‘xtab atrofga alangladi. Uning bunaqa odati yo‘q edi. To‘g‘ri uyga kirib kelaverardi. Hozir esa bir narsadan qo‘rqib to‘xtadi.
Jalil hovliga kirishi bilan shunday deb baqirib qo‘yib, uyga qarab yurardi. Bu safar past ovozda, birovni cho‘chitib yuborishdan qo‘rqqanday asta chaqirdi. Javobni kutdi. So‘ng yana o‘sha ovozda «Asad», deb qo‘ydi.
Asadbek o‘rtog‘ini ko‘rib yig‘lab yuboray dedi. Badanidan o‘tgan sovuqni ham endi sezdi. Qo‘rquv ham endi iskanjaga oldi.
Jalil yana chaqirdi. Javob bo‘lmagach, iziga qaytmoq uchun o‘girildi. Shunda Asadbek jonholatda «Jalil!» deb baqirdi-da, hovliga otildi. Jalil ranglari oqargan, ko‘zlari kirtaygan, ko‘kargan lablari titrayotgan o‘rtog‘ini ko‘rib baqrayib qoldi. Keyin yugurib keldi-da, qo‘llarini ushladi.
Sovqotdingmi? — dedi soddalik bilan.
Asadbekning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqdi. Ho‘ngrab yubormaslik uchun pastki labini qattiq tishladi. O‘zidan kattaroq yoki zo‘rroq boladan kaltak yesa yoxud o‘yin chog‘i yiqilib u yer-bu yeri og‘risa yig‘lab yuborardi. Kuzda birdaniga o‘n yettita yong‘oqni yutqizganida ham alamidan yig‘lab yuboruvdi. Hozir o‘zini yig‘idan tutdi. Vujudida o‘zi ham anglamagan kuch uyg‘onib undagi yig‘ini bo‘g‘di. Hozir dadasini olib ketganlarini, yangi yil kechasi qorong‘i, sovuq uyda bir o‘zi o‘tirganini aytib yig‘lasa ham o‘rtog‘i ayblamasdi, kalaka ham qilmasdi. Bu holatni u keyin, ulg‘aygan chog‘larida ko‘p esladi. Yig‘ini bo‘g‘a olgan qanday kuch ekan, deb o‘yladi. Ammo o‘ylab o‘yiga yeta olmadi. Bu g‘oyib kuchi uni faqat yig‘idan to‘xtatmay, ojizligini ham yenggan, sirli qudrat ham bergan edi. O‘sha onda u mutelik kishanini o‘zi bilmagan holda parchalagan edi. Shu bilan birga inson bolasiga xos eng pokiza tuyg‘ularni quvgan ham edi. Qorong‘i kechada unga qo‘rquv yaqinlashmadi, lekin mitti yuragiga yovuzlik tuxum qo‘ydi. Yovuzlikning birinchi ovozini o‘rtog‘i Jalil eshitdi:
Titroq, yig‘i aralash ovozda aytilgan bu so‘zni eshitib, Jalil qo‘rqib ketdi. Ko‘chada janjallashib qolishganida «qarab tur, o‘ldiraman seni» deb ko‘p marta aytishgan. O‘ldirish qanaqa bo‘lishini bilishmas, shu bois ham bu po‘pisadan cho‘chishmas edi. Ammo Asadbekning labidan uchgan hozirgi so‘zlar... Bular po‘pisa emas, amalga oshishi haq bo‘lgan hukm edi...
O‘shandan beri yangi yilning birinchi kuni Jalil bu xonadonga kiradi. Asadbekning onasi vafot etgan yili o‘ttiz birinchi dekabr oqshomida chiqqan edi, «meni xoli qo‘y», deb iziga qaytardi.
1949 yilning 31 dekabri Asadbekka «hayot beshafqat, hayot naq urushning o‘zi, og‘zingni ochib lalayganing — o‘lganing», degan haqiqatni oydin qilib bergan edi. O‘sha kuni u urushga kirgan edi. Oradan yillar o‘tib, urushda mutlaq g‘olib bo‘ldim, degan to‘xtamga kelib edi. G‘alabasiga ishongan edi. Kutilmaganda mutlaq g‘olib emasligi ma’lum bo‘lib qoldi.
Ikki kun burun qizi o‘qishga ketdi-yu, qaytmadi. Yigitlari shaharning titi-pitini chiqarib ham topisholmadi. Qiz o‘qishda bo‘lgan, tanaffusdan so‘ng esa darsga qaytmagan. Ota- onadan xafa bo‘lib yoki biron ko‘ngil qo‘ygan yigiti bilan qochdi, degan faraz Asadbek uchun behuda edi. Asadbek g‘animlari uchun toshbag‘ir, farzandlari uchun g‘oyat
mehribon edi. Ammo mehrning chegarasini bilar, bolalarini erkalatmasdi. Shu bois qizning yengiltaklik bilan qadam bosishiga ishonmasdi.
G‘animlari bilan har kun, har soat olishuvchi, har daqiqa biror falokat ro‘y berishi mumkinligini hisobda tutib yashovchi odam noxush damlarda tez fikrlash, tez xulosa chiqarishga odatlanadi. Asadbek ham tezda bir to‘xtamga keldi: uning hokimligi tuzdan yasalgan qasr ekan. Yomg‘ir yoqqan mahali qasrning erib bitishini hisobda tutmagan ekan. Qizining o‘g‘irlanishi (aynan o‘g‘irlanganiga Asadbek shubha qilmaydi) ana shu yomg‘irdan nishon edi. Qizining o‘g‘irlanishi yana bir narsadan — shaharda yangi to‘da paydo bo‘lganidan ham darak edi. Asadbek faqat shahardagi emas, butun o‘lkadagi yirik to‘dalarni biladi. Barcha to‘daboshilar «Asadbek!» deganda uning hurmatini joyiga qo‘yishadi. Ayrimlar esa qo‘rquvdan zir titrashadi ham. Asadbekka qarshi biror ish qilish u yoqda tursin, sha’niga mos kelmaydigan xunukroq so‘z aytishdan ham cho‘chishadi.
Ularga «xudo bor», desangiz, ishonishmas, lekin «devorning qulog‘i bor», desangiz, ishonishadi. Ularning nazarida daraxtlarning, hatto o‘t-o‘lanlarning ham qulog‘i bor. Tildan uchgan har bir nojo‘ya so‘z Asadbekka yetib borishini bilishadi. Ular Sadirqimorbozga o‘xshab o‘lim topishdan qo‘rqishadi...
...Sadirqimorboz vodiyda beli baquvvat yigitlardan edi. Bir kechada bir yarim million yutib olib, katta ziyofat berdi. Shunda manmanligi tutdimi yo ajal tilini qichitdimi:
«Asadbeklaring menga qulluq qilib kelsin. Istasam, oldiga bir burda non qo‘yaman, istasam, suyak tashlayman», deb yubordi. Sadirqimorboz bu so‘zlarni kayfning kuchi bilan aytdi-yu, unutdi. Ikki kundan keyin ko‘chalarida asfalt bosadigan mashinalar, egniga pushti kamzul kiygan ishchilar paydo bo‘lishdi. O‘tgan hafta u ijroqo‘m rahbaridan biriga «bizning ko‘chaga ham son bitadimi yo yo‘qmi», degan edi. Ko‘chadagi harakatni ko‘rib, «bizning gapimiz ham yerda qolmaydigan bo‘libdi», deb g‘ururlanib qo‘ydi. Qo‘ni-qo‘shnilar «pulning kuchi shu-da, qimorboz bo‘lmaganida ko‘chamizga it ham, bit ham qaramas edi», deyishdi. Uzun ko‘cha ikki kunda asfaltlandi. O‘sha kundan e’tiboran qimorboz ham ko‘rinmay qoldi. Qimorboz «safar»ga ketsa, bir-ikki oysiz qaytmas edi. Buni qo‘ni-qo‘shnilar ham bilishardi. Lekin bu gal besh-olti kundan keyinroq «qimorboz hech yerda yo‘qmish», degan mishmishlar tarqab qoldi. O‘n kundan keyin esa Sadirqimorbozning uyi sotiladigan bo‘ldi. Uning xotini uyga xaridor chiqishini ham kutmay: «Sadir akamlar katta shahardan joy olibdilar», deb ko‘ch-ko‘ronini yuklab jo‘nab ketdi. Hamshiralikka o‘qib, turmushga chiqqunicha bir yilgina ishlagan ayolning katta shahardagi jinnixonaga boshliq bo‘lib qolganini eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar hayratdan yoqa ushlashdi. Ayrimlar «pulning kuchi shu-da», deb qo‘yishdi. Shu ko‘chadan ko‘p qatnaydigan aravakashlar qimorbozning uyiga yaqinlashganda otlarining hurkishidan bir nimani sezishdi-yu, ammo «astag‘firulloh!» deb qo‘yishdan nariga o‘tishmadi. Hammaga ham jon shirin-da!
Asadbekni bilganlarga shu voqeaning o‘ziyoq kifoya edi. Uning qudratiga ishonqiramay turganlar ham ta’zim qiladigan bo‘lishdi. Chunki Asadbek manmansiragan g‘animdan bu atroflar uchun butunlay yangicha bo‘lgan, g‘oyatda vahshiy tarzda o‘ch olgan edi.
Shunday ekan, Asadbekka kim qo‘l ko‘tara olishi mumkin? Qo‘l ko‘targanda ham pichoqni duch kelgan joyga emas, yurakni mo‘ljallab uribdi. Asadbek har bir to‘daning imkoniyati, ish usulini fikr oynasidan o‘tkazib, «yo‘q, ular jur’at etisholmaydi», degan qarorga keldi.
Bu ish tasodifan ro‘y bergan emas. Puxta o‘ylangan. Uzoq vaqt payt poylangan. Balki g‘animga Asadbekning yaqinlaridan biri yordam bergandir? Qiz kuppa-kunduz kuni, ko‘pchilik orasidan o‘g‘irlangan. Demak, qizi ko‘chaga chiqib, mashinaga qadar ham o‘zi yurib borgan. Qizi tanimagan odamning orqasidan yurib bormaydi.Qizining dugonasi ham nom-nishonsiz yo‘qolgani ma’lum bo‘lgach, Asadbekka kalavaning bir uchi
ko‘ringanday edi. Ana shunda Asadbek keyingi bir yil ichida qamoqdan qaytganlar bilan qiziqdi.Elchinning ham qaytganini bilib o‘ylanib qoldi: «Oradan o‘n yil o‘tibdimi? Ikki oydan beri nima qilib yuribdi ekan, nima uchun menga ro‘para kelmadi? Otuvdan olib qolganimni aniq biladi. Bila turib kelmagani qiziq...» Asadbek yigitlariga Elchinni, qamoqdan qaytgan yana besh odamni qattiq nazorat ostiga olishni tayinladi.
Ko‘ngli notinch bo‘lganiga qaramay, o‘ttiz birinchi dekabr kuni eski uyiga qarab ketdi. Asrdan o‘tib, shomga yaqinlashgan paytda ko‘cha eshigi ochilib, xotini ko‘rindi.
Dadasi ham xuddi shu paytda kirib kelgan edi. U eshikni shart ochib, ichkari kirib,
«toychoq!» deb suyunchilagan edi... Xotini esa eshikni ohista, xuddi sindirib qo‘yishdan avaylaganday ochdi. Hovliga horg‘in-horg‘in qadam tashlab kirib keldi.
Dadasi ko‘ringanida bolaligiga borib, yot kishilarni bir nafasgina unutib, irg‘ib o‘rnidan turgan edi.
Xotini ko‘ringanda esa... tosh qotdi. Issiq jon oyoq-qo‘llarini tark etib, badaniga sovuqlik yugurdi. Dastlab xayoliga «qizim topilibdi!» degan xushxabar keldi. Ammo bu fikr umri yashin umridan ham qisqa bo‘ldi. «Shum xabar keltirgan!» — shu fikr uning tanasidan jonni quvib chiqara boshladi.
Manzura — erining ko‘ziga biron marta bo‘lsin tik qaramagan, biron marta bo‘lsin ishiga aralashmagan, «nima qilyapsiz, pulni qaerdan topyapsiz» demagan, «vazifam erimni suyib-erkalash, bola tug‘ib berish, uyni sarishta tutishdangina iborat» deb bilgan ayol yostiqdoshi uchun muqaddas bo‘lgan bu kunda uni bejiz bezovta qilmas edi.
Ko‘cha eshikdan ayvongacha o‘n besh qadam, ayvon ikki qadam. Asadbekning nazarida Manzura bu yo‘lni bir necha soatda bosib o‘tganday bo‘ldi. Avvaliga «tezroq yur!» deb baqirib bermoqchi edi. Ammo sovuq xabarni bir soniya bo‘lsa-da, kechroq eshitganim ma’qul, degan yashirin o‘y bunga yo‘l qo‘ymadi.
Manzura ostona xatlab qadam qo‘yishga jur’at etmay, eriga baqrayib qarab qoldi. Uning qarashida iztirobdan ko‘ra qo‘rquv zohir edi. Asadbek u bilan salkam o‘ttiz yil birga umr ko‘rib, biron marta urmagan, so‘kmagan edi. Shunga qaramay xotini undan qo‘rqardi.
Odamlardan Asadbekning yovuzligi haqidagi gaplarni eshitib yurak oldirgan desak, bu ovozalar keyinroq chiqdi. Asadbek chimildiqqa kirib kelganida uning ko‘zidagi o‘tni ko‘rganu yuragi shuv etib ketgandi. Holbuki, u damda Asadbek ko‘zida yovuzlik emas, kuyovlardagina bo‘ladigan hirs o‘ti mavjud edi.
Manzuraning otasi badjahlroq edi. Onasi esa huda-behudaga kaltak tushib qolishiga ko‘nikib ketgandi. Er zoti xotinini mana shunday uraveradi, degan tushuncha Manzura ongiga singib ketgan, shu bois erining bir kunmas-bir kun qattiq do‘pposlab qolishidan qo‘rqib yashardi. U ba’zida o‘zicha: «Bunaqa qo‘rqib kutgandan urib yuborganlari ming marta yaxshi edi. Kaltak yeb o‘ladigan bo‘lsa, onam allaqachon o‘lib ketardilar», deb qo‘yardi.
Asadbek xotinini behad hurmat qiladi, boshiga ko‘tarib yuradi, desam, sizni aldagan bo‘laman. Asadbekka muhabbat begona, desam, siz ishoning. Hayotdan alamzada yurak ko‘zlari yovuzlik pardasida to‘silgan, muhabbat otlig‘ pokiza fazilat bunday biqiq va qorong‘i bo‘shliqda yashay olmas edi. Lekin shunga qaramay, xotiniga bir buyum yoki o‘yinchoq sifatida ham qaramas, Manzuraning ayrim qiliqlari, ishlari yoqmaganda ham qattiq gapirmas edi. Manzuraning hatto «ovqat tayyor» deyishga qo‘rqib turishidan achchiqlanib, «bolalarni o‘zingga o‘xshatib mute qilib qo‘yma» derdi.
Sezib turibman. Siz bu gaplarimga unchalik ishonmadingiz. Odamni o‘limga hukm etganida yuragi jiz etib qo‘ymaydigan Asadbekning uyda musulmonsheva bo‘lishi siz uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin men sizga Asadbekning onasi haqida hali so‘zlaganim yo‘q. To‘ng‘ich farzandi emaklay boshlaganida erini urushga kuzatgan, ikki oydan so‘ng qora xat olganiga qaramay, besh yil yo‘lga ko‘z tikkan, og‘zim oshga yetdi
deganda esa boshi toshga tekkan, ikkinchi o‘g‘lini tug‘ib chiqqanida erining qamalganini eshitgan, so‘ng «dada» deb tili chiqqan Samandarning o‘pkasini sovuqqa oldirib, Egamga topshirgan, har sahar turib, samovar qo‘yib erini kutgan mushfiq ayol haqida keyinroq so‘z ochaman. Qani, ayting-chi, onasining dardli hayotini ko‘rib ulg‘aygan odam ayolga qo‘l ko‘tarishi yoki haqorat qilishi mumkinmi? Shuning uchun ham Sadirqimorbozning xotinini yolg‘iz tashlab qo‘ymadi, shuning uchun ham Noilaga pichoq sanchgan yigitni surgun qilib yubordi, desam ishonarsiz? Hozir bu gaplarning o‘rni emas. Hozir Asadbekning eski hovlisidamiz. Asadbekning o‘zi nimqorong‘i uyda, xotini esa ostonada turibdi.
Asadbek ostonada turib qolgan xotiniga «ishqilib xushxabar aytsin» degan ilinjda tikildi.
«Tezroq gapir!»— dedi ichki bir hayqiriq, «Yo‘q, indamay tursin!»— dedi boshqa bir ovoz.
Er-xotinning bir-biriga unsiz tikilib turishi uch-to‘rt nafas davom etdi. Ammo Asadbekning nazarida soniyalar soatlar kabi kechdi. Beixtiyor: «Gapir!»— dedi. Biroq, ovozini o‘zi ham eshitmadi. Hatto tili ham muzlab qolganday g‘o‘dirandi. Manzuraga bu ovoz g‘oyibdan eshitilganday bo‘ldi. Gapirishga mador topolmay yutindi.
Asadbek o‘zini qo‘lga olishga harakat qildi:
Manzura «ha» deganday bosh irg‘ab, yig‘lab yubordi.
Asadbek nima uchun bunday deb so‘raganini o‘zi ham bilmadi.
Xudoga shukr, tirik...— Manzura shunday deb labini tishladi.
Shu so‘z Asadbekka jonini qaytarib berdi. Shart o‘rnidan turib xotiniga yaqinlashdi-da, uni ikki yelkasidan tutib, silkidi:
Unda nimaga yig‘laysan, nimaga vahima qilasan?
Manzura boshini egib, yig‘lab yubordi. Asadbek, shu paytgacha xotinini chertmagan odam, tarsaki qo‘yganini o‘zi ham sezmay qoldi.
O‘zini qo‘lga olish uchun Manzuraga shu tarsaki kifoya edi.
Mengina o‘lay... qizingiz... aytolmayman, dadasi...
Gapir, xuddi bo‘g‘ib tashlayman, — Asadbekning ovozi tahdidli, bu shunchaki bir po‘pisaga o‘xshamas edi.
Qizingizni bir ahvolda tashlab ketishdi...
Asadbek nima gapligiga tushundi. «Bundan ko‘ra o‘ldirishgani yaxshi edi,— dedi o‘ziga o‘zi, — bu shunchaki tasodif emas. Kim bo‘lsa ham meni o‘tmas pichoq bilan so‘ydi. O‘la- o‘lgunimcha it azobini totishimni istagan odam qilgan bu ishni. O‘ch olishni bilarkan.
Meni o‘ldirib keta qolganda lazzat ololmasdi. Endi azobda to‘lg‘onishimni ko‘rib, lazzatlanmoqchi... Yo‘-o‘q... chuchvarani xom sanabdi. Lazzatlana olmaydi. Men o‘zim yuragimni sug‘urib olib chaynab tashlashim mumkin, lekin u ko‘zlarimda azob uchqunini ko‘rmaydi. Bu meni jangga chaqirdimi, demak, kurashaman!!»
4
Uningni o‘chir! — dedi Asadbek dag‘al ovozda. — Uyga bor, ovozingni chiqarma. Bitta-yarimta so‘rasa... ammasinikida edi, de.
Voy...— Manzura eriga ajablanib qaradi. — Ammasi yo‘q-ku?
He noshud, — Asadbek shunday deb g‘ijindi. «Bu lalaygan xotin eplab bir bahona topolmasa...» — ammasi bo‘lmasa... ko‘chada mashina sal turtib ketibdi, de, kasalxonada ekan, de.. Bor... To‘xta, kim bilan kelding?
Jamshid bilan.
Seni tashlab, Jalilni olib kelsin.
Jalil hozir shaharning kunchiqar tomonidagi ko‘pqavat uyda turadi. Ukalari ulg‘ayib, siqilib qolishgach, Asadbek shahar ijroqo‘miga birgina imo bilan to‘g‘rilab berganini o‘zi bilmaydi. Ishxonadagilarim lutf ko‘rsatishdi deb quvonib yuribdi. Asadbek shahar markazidan, g‘ishtli uylardan olib berishi mumkin edi. Bu holda Jalil darrov sergaklanib, homiysi kim ekanligini anglab qolar va bu marhamatdan, shubhasiz, voz kechardi. Qaysi bir o‘zbek ishchisiga shahar markazidagi g‘ishtli uydan nasib etibdi — Jalilning bunaqa ikir-chikirlarga fahmi yetadi.
Jalil shom chog‘i kirib keldi. Asadbek qorong‘i uyda, pisillagan tanchada qunishib o‘tirardi. Do‘stining salomiga javoban bir qarab qo‘yib, lom-mim demay o‘tirgan yerida qo‘l uzatdi. Jalil Asadbek yo‘qlayotganini eshitiboq noxush voqea yuz berganini sezgan,
«Nimaga? Nima bo‘ldi?» deb o‘tirmay, norin to‘g‘rashni ham yig‘ishtirib, chaqqon otlangan edi. Oshnasining qunishib o‘tirganini ko‘rib, xunuk voqea yuz berganiga ishonch hosil qildi. Shu sababli ham Asadbekdan ranjimadi. Boshqa payt bo‘lganida
«Azroilning qavmidan bo‘lsang o‘zingga, men bilan odamga o‘xshab so‘rash!» deb bobillab berardi. Asadbekka bu yorug‘ olamda shu Jalil bas kelib tik gapira oladi. Jalil kezi kelsa otasini ham ayamaydigan, gapirganda ham hamisha baland pardada oladigan toifadan. Burni bir oz puchuq, yuzi dumaloqdan kelgan, qalin qora qoshli bu odam xunuk ko‘rinsa-da, bejirim burun, bejirim lab, bejirim yuzli odamlarga nisbatan istaraliroq edi. Lekin u Asadbekka yaqin bo‘lgani uchun a’yonlar ham astoydil uni hurmat qilishadi, desak adashamiz. Hurmatning sababi boshqa: hayotning qaltis o‘yinlarida ishtirok etayotgan, hamisha tig‘ ustida yurib, ertaga kimning qahriga uchrashi-yu, kimning fatvosi, kimning qo‘li bilan umrlariga nuqta qo‘yilishini bilmay hamisha xatarda yashaydigan a’yonlar bu beg‘ubor odamning rost gaplarini eshitganlarida o‘zlarini dunyo tashvishlaridan bir oz forig‘ bo‘lganday his etardilar. Ammo Xudoning bu adashgan bandalari inson umri faqat yaxshi gaplar uchun, yaxshi ishlar uchun berilganini anglab yetmas edilar. Asadbekning yurak ko‘zini alam, qasos o‘ti ko‘r qilgan, ularning aksari esa mol-dunyo, shuhrat, maishat ilinjida ojiz edilar. Jalil buni bilgani uchun ham ularni ayamas edi. To‘g‘ri, ba’zan u quyushqondan chiqadi. Ularning, hatto Asadbekning ham hamiyatiga tegadi. Shunday bo‘lsa-da, uni kechirishadi. Boshqa odam Jalilning tilidan uchgan gaplarni aytib yuborsami — hukm tayin. Ammo Jalil bu davrada, o‘z iborasi bilan aytganda «shaytonsaroy»da, moziy yodgorxonasining qirilib ketayotgan pokizalik ramzi sifatida saqlanuvchi anjomi kabi asraladi.
Asadbek ko‘pincha, dam xursandchiligida, dam ko‘ngliga qil sig‘may qolganida Jalilni yo‘qlatardi. Yo‘qlov borganda u «xo‘jayiningning kayfiyati qandoq?» deb so‘raydi. «A’lo» degan javobni eshitsa, «meni ko‘rmoqchi bo‘lsa, o‘zi kelsin» deydi. «Chatoq» deyilsa,
«Sen ketaver, meni onam mashinada tug‘magan, avtobusda boraman», deb yo‘lga otlanadi. Asadbekning bugun — 31 dekabrda chaqirtirgani uni ham ajablantirdi, ham bir oz tashvishga soldi. Shu sababli yuborilgan mashinaga o‘tirib kelaverdi.
Ha, ukam, tinchlikmi? — dedi Jalil, fotiha o‘qilgach.
Asadbek asta «ha» deb bosh irg‘ab qo‘ydi. U Jalilni chaqirtirishga chaqirtirib, gapni nimadan boshlashni bilmay garang o‘tirardi. U dardini faqat shu oshnasiga ayta olardi. Uni shuning uchun ham chaqirtirgan edi. G‘animlar qizining emas, o‘zining nomusini bulg‘aganini anglagani uchun ham dardini aytish og‘ir edi.
Tashqarida qor bo‘lmagani, oy ko‘tarilmagani uchun atrof tezda zimistonga aylandi.
Samandar o‘lmaganida qirqqa qadam qo‘yardi, — dedi Asadbek, horg‘in ovozda. Jalil bu horg‘inlik zamirida titroq ham sezdi. Juda ko‘p yillardan beri oshnasini bu holda ko‘rmagan edi. Shu sababli darrov javob qaytarishga so‘z topolmadi.
Ha, endi... umri kalta ekan... Hur ketdi, — dedi.
Bu olamda na akam bor, na ukam... yolg‘izman...
Gaping uyingdan ham sovuq, a? Odam ham yolg‘iz bo‘larkanmi? Faqat Xudo yakka! Sening bola-chaqang bor, akam yo‘q deysan, men kimman, katta xolangning erimanmi? Yarim po‘pisa, yarim hazil ohangidagi bu gap oradagi sovuqlikni picha ko‘targanday bo‘ldi.
Akamsan, sen akamsan...— dedi Asadbek o‘zini jilmayishga majbur qilib. Lekin bu hazin jilmayishini qorong‘ilik yutib yubordi — Jalil ham ko‘rmadi. — Samandar tirik bo‘lganida...
To‘xta! Gapni chaynama. — Jalil uning tizzasiga shap etib urdi. — Diplomim bo‘lmasa ham miyam ishlab turadi. O‘zingni qiynama, bo‘ladigan gapdan gapir. Samandarni Xudo rahmat qilsin. Sen bilan men bir qop-bir qop gunohni orqalab boramiz u yoqqa.
Samandar esa begunoh ketdi. Bu dunyoning g‘alvalarini ko‘rmay ketdi. Xudoning suygan bandasi ekan. Endi u dunyoda huru g‘ilmonlar bilan ayshini surib yurgandir.
Jalilning baland ovozda aytgan bu gaplari Asadbekka quvvat berganday sergaklantirdi. O‘zidan o‘zi nafratlandi. «Bu qanaqasi, mishiqi boladay ping‘illab qoldimmi? Endi unga ko‘z yoshi qilaymi? U meni yupatsinmi? «Qo‘yaver, bunaqalar ko‘p hozir» deydimi yo
«Sen birga bo‘lgan qizlarning ham ota-onasi shunday kuygandir» deydimi? Men... charchabman... kuchdan qolibman... Bu yaxshilikka olib bormaydi. Menga qarshi urush ochdilar... Men esa ping‘illab o‘tiribman...»
Jalil, — bu safar Asadbekning ovozi dadilroq yangradi, — sen ketaver.
Jalil «nimaga chaqirdingu nimaga haydayapsan?» demadi. Tushundi shekilli. Indamay o‘rnidan turdi.
Mashina kutib turibdi, — dedi Asadbek.
Oyim meni mashinada tug‘maganlar. Besh tiyin to‘lasam, g‘irr etib olib borib qo‘yadi.
Ertalab kelib, ovora bo‘lib o‘tirma.
O‘zing bilasan.
Asadbek o‘rnidan turib, uni kuzatib chiqdi. Muyulishga qadar birga bordi. Jalil xayrlashib, qo‘nalg‘a tomon yurgach, Asadbek olcha daraxti panasida to‘xtab turgan ko‘k «Jiguli»ga yaqinlashdi. Eshik ochilib, jingalak sochli yigit tushdi.
Elchin degan otarchini yerning tagidan bo‘lsa ham topib kellaring.
Asadbek shunday deb yo‘lida ketaverdi. Bu holat tashqaridan kuzatgan kishiga go‘yo jingalak sochli salom berganu u alik olib o‘tganday tuyulishi mumkin. Asadbek uch qadam qo‘ymay ko‘k «Jiguli»ning motori o‘t olib, joyidan xuddi poygachi mashinaday uchib qo‘zg‘oldi.
5
Elchin yonboshlagan holda televizor tomosha qilardi. Ko‘zi televizorda, xayoli esa o‘zga tomonda edi. Qamoqdan qaytganiga ikki oy bo‘lyapti. Qamoqning dastlabki kunlari, oylari zax hujralarga, sassiq baraklarga ko‘nikishi qanchalik og‘ir kechgan bo‘lsa, uyga qaytgach, shinam xonalarga, yumshoq o‘rindiqlarga o‘rganish shunchalik og‘ir bo‘ldi.
To‘g‘ri, yumshoq o‘rindiqda tan rohatlanadi, ammo ruhi tikanaklar uzra yotganday azobda.
Bu uyda o‘n yil bo‘lmadi. Noilasi o‘n yildan beri bu uyda nafas olmaydi, yurmaydi, shirin kulgisi, pichirlab aytuvchi ehtirosli so‘zlari eshitilmaydi. Qamoqning birinchi yillari u Noilasi bilan birga edi. «Marhumni so‘nggi marta qay holda ko‘rsang, uni shu holda xayolingga muhrlaysan. Marhum senga kulib qaragan bo‘lsa, umring bo‘yi uni shu holda tasavvur etasan...» deydilar. Chindan ham avvaliga ko‘zlari yumuq Noila bilan
suhbatlashardi. Keyinroqqa borib xayolidagi Noilasi ko‘zlarini ochdi. Lekin bu Elchin suygan kulib turuvchi ko‘zlar emasdi. Bu nigohda «Gunohim nima edi?» degan ajablanish zohir edi. Elchin bu savol nazariga javob berishga majbur edi. O‘zini, faqat o‘zini ayblab javoblar qaytarar, biroq, Noilaning ajablangan nigohi bundan taskin topmasdi. Mana shu holat, shu nigoh ta’qibi Elchin uchun oliy jazodan battar edi.
Uchquduq quyoshida jizg‘anagi chiqib ketay deganda ham, Sibir o‘rmonlaridagi qahraton qishning sovuq nafaslarida muzlab qolay deganida ham bunchalar azoblanmas edi. Ruh azobini dushmaningga ham ravo ko‘rmasin ekan.
Oqlovchi so‘nggi suhbatda «yaxshi odamlar oraga tushib sizni otuvdan olib qolishdi. Giyohvandlik, qotillik oliy jazoga loyiq edi. Siz menga emas, o‘sha odamlarga qulluq qiling», degandi. Elchin, ruhi qiymalangan kezlari, «yaxshi odamlar»ning «marhamati»ni esladi. Bu «marhamat» uni azoblardan halos qilmay, balki bir umrlik jabru jafolarga hukm qilganini anglab yetdi. Shunda «Pichoqni sug‘urib o‘z yuragimga sanchmaymanmi!» degan o‘yda afsus chekdi.
Qamoq muddati yarimlaganda Noilaning nigohidagi «Gunohim nima edi?» degan savol
«O‘ch oling!» degan undov bilan almashdi. O‘ch olish fikri unda o‘sha mudhish kunning ertasigayoq tug‘ilgan bo‘lsa-da, «men bir kuchsiz ashulachi bo‘lsam, ular baquvvat bir to‘da, qo‘limdan nima kelardi?» deb bechoraligidan kuyardi. Qamoqda turli taqdirli, turli fe’l-atvorli odamlarni ko‘rgach, «Men ham erkakman. Ularga bas kela olaman!» degan ishonch tug‘ila bordi.
Elchin qamoqdan shu ishonch bilan qaytdi.
Qamoq azobi tugab, ruhiy azob xuruj qilganini uyga keliboq his qildi. Ozodlikning bunchalik beayov kechishini u tasavvur etmagan edi. Birinchi tunni xuddi jinniday alahsirab o‘tkazdi. Keyingi tun yarimlamay, ko‘chaga chiqib ketdi. Ko‘chalarda tentiradi. Ertalab uyiga qaytib, o‘zini la’natladi: «Noilaning ruhi meni bu uyda o‘n yil kutgan edi.
Men uni yolg‘iz tashlab, ko‘chaga qochdim. Noilamning ruhidan qo‘rqib qochdim-a?! O‘zimni erkak deb yuribmanmi, hali?!»
Agar ko‘kragida qasos o‘ti bo‘lmaganida bu ruhiy azoblar uni ezib tashlardi. Vujudi uch- to‘rt kun mobaynida janggohga aylandi. Bir tomondan xotira izidan ergashuvchi ruhiy kechinmalar uni ezishga chog‘lanadi, ikkinchi tomondan esa qasos o‘ti alanga olib bu kechinmalarni quvishga harakat qiladi. Alqissa, qasos o‘ti g‘olib chiqib, u qaddini rostlashga muvaffaq bo‘ldi.
Qasos olishning turlari ko‘p. Qamoqdan chiqqan kuniyoq «yaxshi odam»larning birini yoki bir qanchasini so‘yib tashlashi yoki uylariga o‘t qo‘yishi mumkin edi. Lekin bu oson yo‘l Elchinga ma’qul tushmadi. U nihoyatda uzun, nihoyatda xatarli yo‘lni tanladi. Elchin
«yaxshi odamlar» to‘dasiga kirishi shart edi. Shu niyatda qamoqdan chiqqan kuniyoq ularning oyoqlariga bosh ursa olam guliston bo‘lardi. Lekin u bunday ham qilmadi.
Yanada boshqa yo‘l tutdi. Xatar ko‘chasining eshigini ochib birinchi qadamini qo‘ydi. Endi
«yaxshi odamlar»ning o‘zi chorlaydi. Elchin bu chorlov ikki-uch kun orasida bo‘lar deb o‘ylagan edi. Biroq, yangi yil kirishiga yarim soat qolganida Asadbekdan elchi kelishi uning uchun kutilmagan hol bo‘ldi.
Jingalak sochli yigit — Jamshid gapdan ko‘ra ishni ma’qul ko‘radigan yigit edi. U bilan o‘n kun turib, birga yurib to‘rttagina gap so‘rasangiz, hushiga kelsa ikkitasiga javob qaytarar, xohlamasa shu ikkita gap ham yo‘q edi. Indamas bu yigitni kuzata turib, yorilib ketmayotganiga ajablanasiz. Buning yoshidagi yigitlar o‘ynab-kuladilar, askiya qiladilar. Jamshidning kulganini ko‘rganman degan odam dunyoda yo‘qdir-ov. Lekin uning jilmayganini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan baxtiyorlar bor. Bunga ishoning.
Kamgaplik hech zamonda, hech yerda fojia sanalmagan, balki fazilat hisoblangan. Shunday ekan, siz ham asardagi yangi tanishingiz Jamshidning kamgapligini asosiy
fazilat deb bilavering. Bir voqea sabab bo‘lib mehr, lutf, hayo kabi tushunchalarning yaqiniga ham yo‘lamay qo‘ygan bu yigitdan o‘zga fazilat qidirib ovora bo‘lmaylik. Ha, darvoqe, sadoqatni unutibmiz. U Asadbekka sadoqatli edi. U o‘sha voqeadan keyin kuchli, shafqatsiz odamlarni yaxshi ko‘rib qolgan. Asadbek uning nazarida eng kuchli odam. Garchi undagi sadoqat bizning nazarimizda yaxshilikka emas, zulmga xizmat qilsa-da, o‘ziga xos fazilat deb qabul qilishimiz mumkin.
Elchin bu yigitni zimdan bilardi. Qamalmasidan ilgari Asadbek xonadonida bo‘lganida uni bir necha bor ko‘rgan. Shu sababli Jamshidni darrov tanidi. Jamshid o‘zbeklarga xos lutf bilan salom berib, «Siz falonchi akamisiz?» «Sizni falonchi akam yo‘qlayaptilar» deb latta chaynashni yoqtirmas edi. Eshik qiya ochilib, Elchin ko‘rinishi bilan «Sizni Bek akam chaqiryaptilar» dedi-yu, mashinasi tomon yurdi. Elchin uning fe’l-atvorini bilmagani sababli to‘ng muomalasidan taajjublandi. Ko‘ngli yomonlik yuz berganini sezdi.
«Asadbekka ma’lum bo‘ldimi? Kim sotishi mumkin?» Kiyinayotganida ham, mashinaga chiqib o‘tirganida ham xayoli shu savol bilan band edi.
Jingalak sochli yigit gapiravermagach, Elchinning yuragi toshdi. Uni gapga solish uchun:
Chaksam maylimi? — deb so‘radi.
Jamshid yo‘ldan ko‘z uzmagan holda, «ha», deb qo‘ydi.
Bek akangiz salomatmilar, ko‘rmaganimga ham o‘n yil bo‘ldi, — dedi Elchin. Jamshid unga bir qarab oldi-yu, indamadi. «Demak, ahvol chatoq, — deb o‘yladi Elchin. — Agar Asadbekka ma’lum bo‘lsa... Nimaga huzuriga chaqirtirdi? Bu yigitga «olib kel», demay,
«o‘ldirib kel» desa ish osonroq pishardi-ku? O‘n yil avval o‘limdan olib qolgan edi. Endi nima qilmoqchi?»
Elchin Asadbek saltanatiga qarshi urush ochganida dadil edi. Hozir nima uchundir cho‘chiyapti. Uchquduqda ekanida qamoq ahlini yotqizib-turg‘izadigan mahbuslar unga ozor berishmasdi. Keyinroq o‘ziga ma’lum bo‘lishicha, u «Asadbekning odami ekan». Bu ta’rif Sibirda ham uni qiynoqlardan xalos etgan edi. To‘g‘ri, u yoqlarda Asadbek, desangiz birov bilmas edi. Lekin «O‘qilon» ko‘pchilikka taniqli edi. Elchin umrida o‘qilonni ko‘rmagan, biroq, o‘zi kichkina bo‘lgan bu ilon o‘qday uchib yuradi, odamga duch kelsa tovonidan teshib, miyasidan chiqadi, deb eshitgandi. Asadbekka «O‘qilon» deb laqab qo‘ygan odam shuni nazarda tutganmi?
Elchin ovozasi uzoqlarga ketgan ana shu dahshatli O‘qilonga qarshi chiqdi. Birinchi qadamini qo‘ydi. Bu ham birinchi, ayni choqda so‘nggi qadam bo‘lib qolmasmikin?
Og‘ayni, tanishib olaylik, ismingiz nima edi?— Elchin bu yigitni avval yaxshi taniganu shu damda ismini unutib qo‘yganday so‘radi.
Jamshid javob bermadi. Qarab ham qo‘ymadi. Elchin: «Tirik bo‘lsang bilib olarsan, deganimi bu?» deb o‘yladi.
Mashina eski shahar tomon burilganida Elchinning tashvishi ortdi. U Asadbekning bolaligi o‘tgan hovlini, uning odatini bilar edi. Qorong‘i hovliga, so‘ng qorong‘i xonaga kirganida
«kuragim ostiga hozir pichoq sanchiladi» deb kutdi. Yo‘q, u o‘limdan qo‘rqmadi. Elchin o‘limni bo‘yniga olib, shu yo‘lga kirgan edi. U yo‘l boshidayoq pand yeganidan, muddaosiga yeta olmaganidan alamda. U necha yil qasos yog‘ida qovrildi. Endi esa... U o‘zini qafasga tushib qolgan quyondek his etdi. Lekin bir necha daqiqadan so‘ng esa bu ojizligi uchun o‘zini o‘zi la’natladi.
Elchin kuragi ostiga pichoq sanchilishini kutdi. Buning o‘rniga qorong‘ilikdan Asadbekning ovozi keldi.
Ha, hofiz, eson-omon chiqib keldingizmi?
Asadbekning ovozida piching yoki tahdid ohangi yo‘q edi. Elchin bundan yengil tortdi. Xavotiri bekor ekanini anglab, ovoz kelgan tomonga qarab salom berdi.
«Keldim» deb ham qo‘ymaysiz-a, hofiz, — dedi Asadbek salomga alik olib. — Har
holda men sizga begona emas edim. Aka-ukaligimiz bor edi, a?
Asadbekning «sizni otuvdan olib qolgan men bo‘laman» demoqchi ekanini Elchin fahmladi. Ko‘zi qorong‘ilikka o‘rganib, uyning chap tomonida do‘ppayib turgan tanchani, devorga suyanib o‘tirgan odam qorasini ilg‘adi. Uchrashuv nima uchun qorong‘ida bo‘layotganiga tushunmadi.
Qamoqdan qaytgan ukadan xabar olish akadan lozim, deb o‘ylabman, — dedi Elchin gina ohangida.
Kelganingizni bilganimda uchib borar edim, — gap ohangida endi kinoya sezildi. So‘ng ohang keskin o‘zgardi: — Hofiz, chaynalmasdan erkakcha gaplashaylik. Xotiningizning o‘limida mening zarracha aybim yo‘q. Siz mening ziyofatlarimni gullatar edingiz. Sizni yo‘qotishdan men nima naf ko‘rarkanman? Aksincha, zarar ko‘rdim. Siz kimgadir yoqmay qolgansiz. Jallodni bizning ichimizdan emas, o‘zingizga o‘xshagan otarchilar orasidan qidiring. Bir-biriga surma ichirib ovozlarini bo‘g‘adigan otarchilarning qo‘lidan bundan battar ishlar ham keladi. Aybni bo‘yningizga olib, ahmoqlik qildingiz.
Chindan ham qotillik Asadbekning ixtiyorisiz sodir bo‘lgan va u aybdorni beayov jazoga tortgan edi. Hozir buni aytmay, gunohkorni otarchilar ichidan qidirish kerak, deb qo‘ya qoldi.
Elchin uchun Asadbekning gaplari yangilik emas edi. Qamoqda o‘tirganida gumonlar ko‘chasi uni hamkasblari tomon ham boshlagandi. To‘g‘ri, «falonchi hofiz falonchi ashulachining choyiga surma qo‘shib ichiribdi», degan gaplarni ko‘p eshitgan. Biroq, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, bunday voqeaga shohid bo‘lmagan. Mana-man degan ashulachi ikkita-uchta bo‘lsa shunday qilishi mumkindir. Hozir kunda bir arava qo‘shiqchi yog‘ilayapti. Mikrofonni tumshug‘iga tirab kuchanadi. Ovozi bor-yo‘qligini ham bilib bo‘lmaydi. Ammo har biri o‘zini zo‘r hofiz deb fahmlaydi. Latifa qilishlaricha, bir tasodif bilan yuzta hofiz harbiyga chaqirilibdi. Zobit ularni safga tizib «bir chekkadan sananglar» deb buyuribdi. Saf boshida turgani «bir» debdi, ikkinchisi «ikki» deyish o‘rniga u ham
«bir» dermish. Uchinchi... qirqinchisi ham «bir» dermish. Zobit achchiqlanib turganda saf boshidagi unga asta tushuntiribdi: «O‘rtoq boshliq, biz ashulachilarmiz. Bizda ikkinchi degan gap yo‘q, hammamiz birinchimiz». Hofizlar mayda qabihliklarni qilar-u, lekin begunoh ayolni zo‘rlab, so‘ng yuragiga pichoq sanchishga jur’at etisholmas. Elchin bunga qattiq ishonadi. Shu sababli ham Asadbekning gaplarini bee’tibor eshitdi. «O‘sha voqeadan oldin odamlaringiz mendan boj talab qilishdi. Har oyda falon ming so‘mdan to‘lab turishim lozim edi. Rad etdim. Shunda hazillashdik, deb meni ziyofatga olib borishdi. U yerda hazillashib qimor o‘ynadik...» demoqchi ham edi, lekin «To‘g‘ri, ular hazillashishgandi» degan javobni eshitishini bilib, indamadi.
Mendan bir xatolik o‘tgan: hasadgo‘ylaringiz ko‘pligini hisobga olmaganman. Sizni himoya qilishim kerak edi. Bir ashulangiz bor edi:
Dostları ilə paylaş: |