Microsoft Word shaytanat1 ziyouz com doc



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə8/52
tarix23.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80292
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   52
shaytanat

II b o b 1


Qayta qurish sharofati bilan depara qidiruv bo‘limining inspektori, leytenant Zohid Sharipovning yelkasiga oftob tegdi. «Halolligi, o‘z ishiga vijdonan munosabatda bo‘lganligi» tufayli uni shahar prokuraturasiga ishga olishdi. Jumlaboshini qo‘shtirnoq orasiga olganimga, kinoya qilyapti, demang. Bu jumla depara ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining tavsiyanomasidan ko‘chirmadir. Zohid chindan ham halol, vijdonli yigit. Uning aynan shu fazilati boshliqqa yoqmas edi. Boshliq «qayta qurish, oshkoralik degan balo qayoqdan chiqdi!» deb norozi bo‘lib yurganida, aynan shu qayta qurish joniga ora kirdi: yoshlarni ko‘tarish masalasi kun tartibiga qo‘yilganda shartta Zohidning nomzodini ko‘rsatdi.
Mahmadona leytenantning har majlisda bir igna sanchib olishi, haqiqat talab etishi boshliqning esini teskari qilib yuborgan, majlis desa ko‘ngli ag‘dariladigan, ko‘z oldiga Zohid keladigan bo‘lib qolgan edi. Zohid ketgach, atrofidagi ikki-uch
haqiqatparvarlarning o‘z-o‘zidan tinchishiga ishonardi. Boshliq Zohidni «mening ko‘richagim», deb piching qilardi. Osongina tashrih tufayli bu ozorli darddan qutulganiga shukr qildi. Lekin Zohid ko‘richak emas, buyrakdagi tosh ekan. O‘qtin-o‘qtin qo‘zg‘ab, bezovta qilib turishi mumkin ekan.
Zohid prokuraturada vazifasini o‘tashga kirishgan kuniyoq uning qo‘liga shu deparaga oid ish berildi. Kecha tantana bilan kuzatilgan leytenant bugun yana boshliq huzurida paydo bo‘ldi. Ilgari boshliq unga baqirib, hatto chiqarib yuborishi mumkin edi. Endi esa jilmayib ko‘rishishga majbur. Boshliq Zohidni butunlay yo‘q bo‘lib ketadi, deb hisoblamagan. Biroq bunchalar tez kelar, deb o‘ylamovdi.
Usti choynak izlaridan dog‘ bo‘lib ketgan bitta stol, oshiq-ma’shug‘i arang ilinib turgan kitob javoni turgan tor xona Zohidga meros bo‘lib qoldi. Stol tortmasidan «VT» sigaretasining bo‘sh qutisi, besh-olti dona cho‘pi qolgan gugurt bor edi. Zohid ularni olib simto‘rxaltaga tashladi-da, stol ustini changdan tozalash uchun uch-to‘rt bora qattiq pufladi. Shu puflash oqibatida qo‘qqis uyg‘onib ketgandek telefon jiringladi.

  • Sharipov, — dedi u, telefon go‘shagini qulog‘iga tutib.

  • Lola ko‘chasidagi o‘n yettinchi uydan qoradori topilgan. Qidiruv guruhi jo‘nadi. Bu ish sizga topshiriladi.

Buyruq qisqa va qat’iy edi. Zohid shoshilmay o‘rnidan turdi-da, go‘shakni joyiga qo‘yib, tashqariga yo‘l oldi. U Lola ko‘chasini bilardi. O‘zi xizmat qilgan militsiya bo‘limiga yaqin, mahalla guzaridan chapga burilishdan shu ko‘cha boshlanardi. Bu mahalla tinch, yilda bir-ikki mushtlashish bo‘lib turishi hisobga olinmasa jinoyatdan ancha yiroq edi.
Mahallaning osoyishtaligi militsiya bo‘limi yaqin joylashgani uchun emas. Milisaxona ko‘chib kelmasidan oldin ham mahalla tinch edi. Bu yerdagilarning aytishicha, biz tilga olgan «bir-ikki mushtlashuv» ham milisaxona ko‘chib kelganidan so‘ng boshlangan. Bu qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri — Yaratganga ma’lum. Mahallaning osoyishtaligiga sabab, bu yerdagi odatlarga na «turg‘unlik» deb nom olgan yillar ta’sir o‘tkaza olgan, na qayta qurish degan gaplar. Mahalla azaldan qariyalar hukmiga bo‘ysunib kelgan. Umri adosiga yetgan qariyalar eng yaxshi odatlarni o‘zlari bilan olib ketmay, ortlarida qolayotganlarga meros qoldirishgan. Kimga yolg‘on, kimga chin, shaharda bo‘kib ichib, oyoqda turolmaydigan darajaga yetgan odam ham mahalla hududiga qadam bosishi bilan sergak tortib qolarkan. Salomni kanda qilmay guzardan o‘tib, uyiga yetib olarkan.
Zohid mahallaning odamlarini yaxshi bilgani uchun ham boshi qotdi: qoradori bilan kim shug‘ullanishi mumkin?
Biron joyda jinoyat sodir bo‘lsa qidiruvchilarning ko‘z oldiga dastlab yaqin orada qamoqdan qaytganlar keladi. Bir uyni o‘g‘ri urib ketgan bo‘lsa, avval o‘g‘irlik usuli bilan qiziqishadi. Yozuvchining o‘ziga xos uslubi bo‘lganidek, jinoyatchilarning ham o‘z uslublari mavjud. Ali o‘g‘rining ishi hech mahal Vali o‘g‘rining ishiga o‘xshamaydi. Ba’zan jinoyatchilarning o‘zlari militsiyaga yordam berishadi: uslub kimniki ekanini aytishadi.
Qora dorining topilishi ham shunday «xolis xizmat» oqibati bo‘lishi mumkin.
Lola ko‘chasidagi o‘n yettinchi uy oldida ikkita yengil va bir tez yordam mashinasi turardi. Hangomatalablar ham to‘planishib qolishgan edi. Uy tashqi tomondan qaraganda xarobgina ko‘rinadi. Yondagi imoratlar ko‘krak kerib turgani uchunmi, chiroyli peshtoqsiz bu uy oddiy bostirmaga o‘xshardi.
Zohid ichkari kirdi. Uzunasiga ellik qadamcha keladigan hovli ishkomdan iborat edi. Tashqarisidan g‘aribgina ko‘ringan uy ichkarisi ham shu ahvolda ekan. O‘rtada dahliz, dahliz to‘rida obrez. Chap tomonda kichikroq uy kimyogarlikka oid turli-tuman idishlarga to‘la. O‘ng tomonda kattaroq xona — yotoq ham, yemakxona ham shunda mujassam.
Jinoyat qidiruv bo‘limining xodimlari — Zohid-ning kechagi hamkasblari shu yerda. O‘rtada dumaloq stol. Stol ustida oq kukunli shaffof xaltachalar — tanish manzara.
Deraza yonidagi kursida yosh juvon boshini ushlab o‘tiribdi. Yig‘layverib shishib ketgan. Xona to‘rida — divan. Divanda bir yigit behush yotibdi. Qidiruvchilar boshlig‘i — Hamdam Tolipov axborot berdi.

  • Uy egasi Sharif Namozov — anavi yotgan yigit, vino zavodida bosh muhandis ekan. Bir xalta portfelidan chiqdi. Qolganlari narigi xonada. Tajribaxonasi emish.

  • O‘zi mastmi?

  • G‘irt mast. Bilagida igna izi bor. Hozir qon olishdi, natijasini aytib qolishadi. Anavi ayol xotini ekan. Hech nimani bilmayman, deydi.

  • Iziga qanday tushdinglar?

  • Ikkita giyohvand yigitni tutuvdik. Qaerdan oldilaring, desak, shu yerni aytishdi.

  • Osongina aytishdimi yo qiynadinglarmi?

Hamdam «meni bilasan-ku», deganday kulimsirab qo‘ydi. Zohid bo‘sh stulni olib, ayolning ro‘parasiga o‘tirdi-da, o‘zini tanishtirdi.

  • Ismingiz nima?

  • Nasiba, — juvon shunday deb unga najot ko‘zi bilan tikildi.

  • Eringiz nima ish qiladilar?

  • Vino zavodida ishlaydilar. Ikki oygina bo‘ldi, ko‘tarishuvdi. Portugaliyaliklar bu kishining ishlarini sotib olishgandan keyin odamlarning o‘zlari saylab qo‘yishdi.

Ko‘nmasalar ham zo‘rlashdi. Boshliq bo‘lishga sirayam toqatlari yo‘q edi.

  • Portugaliyaliklar qanaqa ishni sotib olishdi?

  • Musallas qilishning yangi usulini topganlar. Besh yildan beri sarson edilar. O‘zimiznikilar hech o‘tkazishmadi. Ular qayoqdandir eshitib qolishib, atay kelib tekshirib ko‘rishdi.

  • Eringiz ko‘p icharmidilar?

  • Yo‘-o‘q, bunaqa ichmasdilar. Sinash uchun bir ho‘plam-bir ho‘plam ichardilar, xolos. Bunaqa ahvolda hech ko‘rmaganman. O‘zim ham qo‘rqib ketdim.

  • Soat nechada kelgan edilar?

  • O‘n ikkilarda. Bunaqa kech yurmasdilar. To‘yga borsalar ham vaqtli qaytardilar.

  • O‘zlari yurib keldilarmi?

  • Bilmadim, — Nasiba o‘ylandi. — Mashinada keldilar shekilli. Ha, avval mashina to‘xtadi. Keyin qo‘ng‘iroq chalindi. Chiqsam, devorga suyanib o‘tiribdilar. Uyga zo‘rg‘a olib kirdim.

  • Bular qaerdan keldi? — dedi Zohid stol ustidagi xaltachalarni ko‘rsatib.

  • Bilmadim... Bular kelishdi. Uyni tintishdi. Men anqayib turaverdim. Zohid o‘rnidan turib, dahlizda chekayotgan Hamdamga yaqinlashdi.

  • Tintuvga ruxsatnomangiz bor edimi? — dedi. Hamdam kulib qo‘ydi.

  • Ruxsatnoma olguncha bular kutib o‘tirishmaydi. Tintib, topib qo‘yibmiz-ku? Zohid uning ish uslubini bilardi: Hamdam hamisha shoshilib ishlardi. Ba’zan qonun-

qoidalarga rioya ham qilmas edi. Javobdan bo‘yin tovlayotgan jinoyatchining qorniga bexos musht tushirib qolishni yaxshi ko‘rardi. Musht yegan odam bukchayib, ixranayotganida u xotirjam sigaret tutatardi. Zohidga uning bunday usulllari yoqmas edi. Lekin halolligi, jinoyatchiga beshafqat bo‘lgani uchun uni hurmat qilardi.

  • Giyohvandlarning surati bormi?

Hamdam ko‘krak cho‘ntagidan beshta surat chiqarib, ikkitasini ajratdi:

  • Mana bular. Ko‘rsatdim, tanimadi.

  • Bu yerga qachon kelishgan ekan?

  • Uch kun oldin.

Zohid suratni olib, iziga qaytdi.

  • Mana bularga diqqat bilan qarang. Shoshilmang. Birontasi uyingizga kelganmi? Ayol sinchiklab qarab, bosh chayqadi.

  • Yaxshilab eslang. Balki birontasi uch kun oldin kelib eringizga uchrashgandir?

  • Kelsa bilardim. Adasiga uchrashishlari mumkin emas. Uch kun oldin u kishi Yerevanda edilar.

  • Qachon keldilar?

  • Kecha ertalab kelib, choy-poy ichib keyin ishga ketdilar.

  • Bu yerga notanish odamlar kelib turisharmidi, masalan, bir narsa so‘rabmi?

  • Yo‘q, odam kam bo‘ladi uyimizda. U kishi doim ish bilan bandlar. Bekordan-bekorga gaplashib o‘tirishni yoqtirmaydilar.

  • Musallas so‘rab kelishmaydimi?

  • Qo‘ni-qo‘shnilar chiqib turishadi.

Dahlizga oq xalatli ayol kirib, Hamdamga nimadir dedi. Hamdam ichkari kirib Zohidning qulog‘iga shivirladi:

  • Qonidan qoradori topilgan.

Zohid o‘rnidan turib dahliz tomon boshladi.

  • Giyohvand yigitlaringiz qaerda?

  • O‘zimizda.

  • Yuring, ular bilan gaplashishim kerak.— Zohid shunday deb tashqariga yo‘naldi. Giyohvand yigitlardan birining pastki labi osilgan, ko‘zlari chaqchaygan, ikkinchisining qarashlari sovuq, o‘ng yuzida uzun tirtiq bor edi.

  • Bilagingni ko‘rsat, — dedi Zohid tirtiqqa.

U «shu ham ishmi?» deganday erinibgina kurtkasini yechib, ko‘ylagining yengini shimardi. Labi osilgan yigitning bilagida ham igna izlari bor edi. Ularning giyohvandligiga Zohidda shubha qolmadi.

  • Kukunni qaerdan olardilaring? — deb so‘radi Zohid.

  • Bratanga etganmiza, qayoqdan oganuvzani,— dedi labi osilgan yigit.

  • Menga ham ayt.

  • Lola ko‘chasida... o‘n... yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.

  • Ikkoving birga borganmisan?

  • Bir xil paytda man borardim, bir xil paytda u borardi, bir xil paytda ikkalavuza borardik.

Zohid hali Hamdamdan olgan suratlarni cho‘ntagidan chiqarib, uchtasini ajratib oldi-da, stol ustiga yoyib, labi osilganini chaqirdi.

  • Qara, Sharif akang qaysi biri?

Yigit o‘rdakka o‘xshab lapanglab kelib suratlarga uzoq tikildi-da, bittasini ko‘rsatdi.

  • Joyingga o‘tir, — Zohid shunday deb suratlarning joyini almashtirdi-da, tirtiqni chaqirdi. U boshqa suratni ko‘rsatdi.

  • Oxirgi marta qachon boruvdilaring? — deb so‘radi Zohid.

  • Uch kun bo‘ldi.

  • Balki to‘rt kundir?

  • Vey bratan, man o‘zim borganman. Soqqa yo‘g‘idi, qarzga bergan. Nishtyak odam u. O‘zini laboratoriyasi bor. Ayn moment tayyorlab beradi.

  • Laboratoriyasiga kirganmisan?

  • Kirganman-de. Shundoq chap tomonda.

  • Ayvondan o‘tgandami?

  • Ha-de, bilib turib so‘ruvrasizmi?

Zohid «bu yog‘iga nima deysiz?» deb Hamdamga qaradi.

  • Ayvonning oldi rommi?

Labi osilgan yigit o‘ylanib qoldi.

  • Rom bo‘lsa kerak, — dedi ikkilangan holda.

  • Yolg‘on gapirma! — dedi Hamdam baqirib.

  • Bratan, aldavotganim yo‘q.

Hamdam unga yaqinlashib, yoqasini changallab o‘rnidan turg‘izdi.

  • Yolg‘on gapirma, xunasa, uyida bo‘lmagansan. Ayvoni yo‘q uning. Labi tirtiq birdan tutqanog‘i tutgan odamdek baqirib yubordi:

  • Qo‘yvoring! Men kechasi borganman. Ayvoniga qarabmanmi, o‘zi zo‘rg‘a turuvdim.

  • Borganmisan?!

  • Ha, borganman!

  • Uch kun oldinmi?

  • Ha, uch kun oldin.

  • Juda yaxshi! — Hamdam uni qo‘yib yubordi. — Menga shu kerak edi. Yozib qo‘ying, o‘rtoq prokuror. Borganini tan oldi. Endi bilib qo‘ylaring: uch kun oldin u uyida o‘ldirilgan!

Ikkala yigit avvaliga «xato eshitmadikmi?» degandek qarab oldi. So‘ng xuddi kelishib olishganday Hamdamga baravariga dahshat bilan boqishdi.

  • Yo‘q! — dedi tirtiq jon holatda.

  • Nima yo‘q? — dedi Hamdam g‘olib kishining muloyim ovozida.

  • Bormaganmiz.

  • O‘rtoq prokuror, bunisiga nima deysiz?

  • Soqchini chaqiring, olib ketsin.

Giyohvandlar chiqib ketishgach, Hamdam divanga o‘tirib, oyoqlarini stol ustiga chalishtirib qo‘yib oldi.

  • Hamdam aka, darrov topganingizdan ajablanmadingizmi? — dedi Zohid uning yoniga o‘tirib.

  • Ajablanishga vaqt bo‘lmadi. Ana endi o‘zing, mazza qilib ajablanaverasan. Men topdim. Sen tergayver. Operativ ishlaganim uchun okaxoning rahmatnoma e’lon qiladi menga.

  • Yuvarkanmiz-da, — Zohid shunday deb yelkasiga asta urib qo‘ydi. Keyin jiddiy ohangga ko‘chdi: — Bularni kim ishga solgan bo‘lishi mumkin?

Hamdam darrov javob bermadi.

  • Vino zavodida nima gap ekan? — dedi u ma’nodor qilib.

  • Men ham shuni o‘ylab turibman.

  • O‘ylasang o‘ylagin-u, ammo vinzavodga osila ko‘rma.

  • Nimaga?

  • Kimga qaraydi zavod, bilasanmi?

  • Oziq-ovqat vazirligigami?

Hamdam kulib, tizzasiga shapati urdi.

  • Ey, prokuror, ko‘zingni och! Shuncha yil ugroda saqich chaynab yurgan ekansan-da, a? Vinzavod Asadbekning tasarrufida-ku?! Buni ko‘chadagi mishiqi bola ham biladi, sen bilmaysanmi, qishloqi?

Zohid ham eshitgan bu gaplarni. Zavod direktori Asadbekning tavsiyasi bilan qo‘yiladi, hatto qorovul ham uning ruxsatisiz ishdan bo‘sholmaydi, degan gaplar yuradi. Xalq og‘zidagi mish-mishning qandaydir asoslari mavjud. Biroq, Asadbek haqidagi gaplar ko‘pincha g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqadi. Zohid o‘tgan yili bunga ishondi: kutilmaganda bir gap tarqalib odamlar behalovat bo‘lib qolishdi. Emishki, bir odamni qo‘shnisi mashinasida qaergadir olib borib qo‘yishi lozim ekan. Mashina aytilgan tomonga emas, bo‘lak yoqqa burilibdi. «Nimaga bu tomonga burilding?» deb so‘rasa, mashina egasi «jim
o‘tiravering, ko‘rasiz» debdi. Xullas, mashina gadoy topmas ko‘chalardan yurib, shahar tashqarisiga chiqibdi. Borib-borib yo‘l qamishzorga taqalibdi. Mashina egasi o‘tirib turing, deb g‘oyib bo‘libdi. Haligi odam qo‘rqib, mashinadan tushibdi. Qamishzor oralab qarasa, bir chuqurda allaqancha murdalar yotganmish. U «meni ham o‘ldirib tashlashar ekan- da» deb o‘ylab, o‘liklarni surib, tagiga tushib yotaveribdi. Bir oz vaqt o‘tgach, besh-o‘nta odam paydo bo‘lib, uni qidirishibdi. Keyin «bizni aldadingmi, hali» deb mashina egasini do‘pposlashibdi. Tongga yaqin haligi odam o‘liklar orasidan chiqib qarasa, uzoqda bir chiroq miltillab turganmish. Borib qarasa, bir qozoq cho‘ponning uyi ekan. Qozoq uni uyiga olib kirib, yuvintirib, o‘zining toza kiyimlarini beribdi. Gapning qisqasi, o‘sha odamlar Asadbekka tegishli ekan. Shu vahima gaplar kuchaya borgach, tekshirib ko‘rish Zohidga topshirildi. U bir hafta urinib, chuvalangan ipning uchini, o‘sha odamni topdi. U odam o‘n yetti yildan beri ruhiy xastaliklar shifoxonasida ro‘yxatda turarkan. Zohid bir qarasa, uning gapi bama’ni, bir qarasa, g‘alati edi. U qo‘shnisini ko‘rsatdi. Qo‘shni ajablandi. Ustiga-ustak uning mashinasi yo‘q. Haligi odam qamishzorni ko‘rsataman, dedi. Zohid ko‘ndi. Qadimda «Xotinko‘prik» deb atalgan joyga boshlab bordi. Qamishzor yo‘q. Hammayoq ko‘pqavatli imorat edi. Haligi odam mo‘ltillab turib, so‘ng yig‘lab yubordi. Zohid uni uyiga emas, shifoxonaga eltib qo‘ydi.
Bu voqeaga bir yildan oshibdi. Zohid o‘sha odamning mo‘ltillab turishi, yig‘lab yuborishini o‘qtin-o‘qtin eslardi. Hozir vinzavod haqida gap chiqqanida yana yodiga tushdi. Yon daftariga «jinni odam, Xotinko‘prik» deb yozib qo‘ydi.

  • Demak, bu ish Asadbekka borib taqaladimi? — dedi u daftarchasini cho‘ntagiga solib.

  • Bo‘lishi mumkin, — dedi Hamdam. — Lekin bu ikki galvarsdan gap olaman, deb ovora bo‘lma. Ular Asadbekni bilishmaydi. Sharif Namozov bilan suhbatlashsang ko‘p narsa oydin bo‘ladi. Olimligi bor ekan. Bunaqa odamlar haqiqatparast bo‘lishadi. Adolat qilaman, degan bo‘lsa, qopqonga tushirishgan. Endi istasang-istamasang, qamoqqa olasan. Qoni tekshirilib giyohvand deb turilibdi. Uyidan kukunlar chiqdi. Yuz ming so‘mning nari-berisidagi mol-a! Yuz mingdan kechishibdimi, demak, ish katta.

  • Agar siz aytganday Asadbekning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lsa, osongina yo‘q qilishmasmidi?

  • Maydaroq odam bo‘lganida balki sen aytgan yo‘lni tutishardi. Namozov biron-bir masalada ochiqchasiga qarshi chiqqandir. Umuman... Yuz ming so‘m ularga tramvay pattasiday gap. Agar Namozovni qamoqqa olishga ruxsat bermasang, ertaga uyingga besh yuz ming tashlab ketishlari mumkin. Unda ham ko‘nmasang...

  • O‘ldiradimi?

  • Yo‘q, o‘ldirmasa kerak. Lekin yo‘lini topadi. Har holda ish Asadbekka borib taqalsa, u bilan o‘chakishma. Sendan zo‘rlar ham eplasha olmagan uni. Biz sen bilan komissar Katani bo‘lolmaymiz. Lekin Asadbek advokat Teraziniga dars berishi mumkin. Senga maslahatim: Namozovni qamash kerak. Qamasang, uning jonini saqlab qolasan. O‘ylab ko‘r.



2


Hamdamning taklifini o‘ylab ko‘rishga ulgurmay depara ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i kapitan Mirsultonov kirib keldi:



  • Ot aylanib qozig‘ini toparkan. Bizdan qutulib bo‘psiz! — u shunday deb Zohid bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni o‘zimizdan boshlaganingiz, yaxshi bo‘libdi. Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib ko‘rgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?

  • Hali tayin bir xulosaga kelganim yo‘q.

  • Bu ko‘p o‘ylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.

Zohid o‘zini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi? Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda mashshoqlarga uch so‘m berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni istagan muddatga qamatish cho‘t bo‘lmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular
«ovora bo‘lma, qo‘lingdan kelmaydi. Sen uch so‘mlik restoran mashshoqisan», deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni o‘tkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret so‘rab olib tutatdi. Boshliq stolni nog‘oraday chertib, javob kutardi.

  • To‘g‘ri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo bu yerda emas, shahar turmasida o‘tira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-to‘rt kun qamoqda o‘tirsa, ancha o‘ziga kelib qoladi.

«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:

  • Guvohlarni... majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.

  • U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.

Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.

  • Guvohlar soxtaga o‘xshaydi, — dedi Hamdam boshlig‘iga. Keyin Zohidga yuzlandi. — Menga qara, prokuror, mijg‘ovlik qilmay to‘g‘risini aytib qo‘ya qolmaysanmi, —u yana boshlig‘iga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga o‘xshaydi. Fe’lini bilasiz-ku?

Mirsultonov yana stolni chertdi.

  • Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Fe’lini bilaman, bu o‘jarning. Avval gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qo‘rqadi, derdi. Endi amalidan ko‘rqadigan boshlig‘i boshqa, — u boshini ko‘tarib Zohidga qaradi. — Bukirni go‘r to‘g‘irlarkan. Sen ko‘zingni ochib yur. Bukir bo‘lsang ham shu yorug‘ dunyoda yuraver. U yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan bo‘ldi.

  • Bir tajang uyg‘ur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski paxsa devor yorig‘ida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta cho‘p olib arining inini obdan kavlabdi, ari rosa to‘zigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi, odash!» degan ekan.

Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay, jiddiy turib aytdi.

  • Sen o‘sha «Choqsunla»ga o‘xshaysan. Lekin sen arining emas, naq o‘limning uyasini kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan bo‘lsa ham qadamingni o‘ylab bos. Bola- chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qo‘rqoq deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni kushxonaga boshlaydi. O‘zi qo‘ng‘iroqli serka singari o‘tib ketadi. Pichoqqa senga o‘xshagan laqmalar duch keladi.

Zohid sobiq boshlig‘ining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida gap talashguday bo‘lsa, boshliq qo‘rs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi.
Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshlig‘iga «ha» ham, «yo‘q» ham demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni ko‘p aytardi. O‘zingni o‘qqa-cho‘qqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq- chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?
Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib, tozalab, tiklab qo‘ysa olam guliston bo‘ladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora bo‘lma», deganlar u uchun ojiz maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qo‘ygan. Sobiq boshliqni ham shular qatoriga qo‘shgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina bo‘lsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini o‘ylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon ko‘rgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: siz ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Ha, ha, yashirmay bo‘yningizga olavering. Barchani birday yaxshi ko‘rish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Lekin o‘sha odamni o‘ldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon ko‘rib yurganingiz uchun, salomiga alik olmay qo‘yganingiz uchun o‘zingizni la’natlaysiz. Agarchi bu fojiadan quvonsangiz, «o‘ldirib ketishgani yaxshi bo‘libdi», desangiz, u holda siz odam emassiz. Shu o‘rinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qo‘polligim uchun ranjiysiz.
Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, o‘sha begunoh jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulg‘agan bo‘laman.
Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar bo‘limiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning tuyg‘usi qisman ma’lum. Sobiq boshlig‘ining gaplari u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqmaydi. Bu gaplarni so‘nggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi...

3


Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga keldi. Temir to‘siqlardan o‘tib, tergov xonasiga kirdi. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng eshik ochilib, soqchi ko‘rindi-da, mahbus olib kelinganini ma’lum qildi. So‘ng qo‘llarini orqasiga qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi zanjirband mahbuslarnikiday og‘ir edi. Ozg‘in, siyrak sochlari to‘zg‘igan bu odamning dumaloq ko‘zlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uyg‘otuvchi iltijo zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki og‘irlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga mahkamlangan qattiq kursiga o‘tirib, boshini xam qildi.


Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib turgach, cho‘ntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.

  • Cheking.

Sharif indamay qo‘l uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi. Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. So‘ng sigaretni stol ustiga qo‘ydi.

  • Uzr, chekmayman.

Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini o‘zi ham bilmadi. Kayfi tarqagan bo‘lsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga xayron, xayol uni turli ko‘chalarga haydardi. Berk ko‘chalarning biriga kirib, tentirab, undan chiqardi-da, so‘ng yana boshqa berk ko‘chaga ro‘para bo‘lardi. Uning esida qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qo‘limdan keladi!» deb katta ketgani. Boshqon «osmon qo‘lingda bo‘lsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi boshqon bilan yuz ko‘rmas bo‘ldim», deb o‘tirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib keldi. Boshqon ishi bo‘lsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini ko‘rib
«gapim jonidan o‘tibdi-da», deb o‘yladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat ilgari bo‘lib o‘tgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan o‘tganini men kechirdim, mendan o‘tganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:

  • Yuring, ketdik, — dedi.

  • Qayoqqa? — deb ajablandi Sharif.

  • Sattornikiga, bugun otasining yigirmasi.

Sharif bir bahona topib, to‘yga bormasa bormasdi, ammo ma’rakalardan qolib bo‘ladimi? Shu bois indamay turib, boshqonga ergashdi. Boshqonning mashinasiga yana idoraning ikki xodimi o‘tirib, to‘rtovlon yo‘lga chiqishdi. Ma’raka bo‘layotgan ko‘chani to‘planib turgan behisob mashinalardan ham bilsa bo‘lardi. Odamlar ham qator tizilishib, ichkari kirib osh yeb chiqish uchun navbatda turishardi. To‘g‘ri, ularning maqsadi qorinni to‘qlab ketish emas. Niyat — marhum ruhini eslash, xonadon egalariga hamdardlik bildirish.
Shunday bo‘lsa-da, Sharifga navbatda turish malol kelardi. U o‘zicha «obbo», yarim soat turarkanmizda», deb qo‘yib mashinadan tushdi-da, odamlar qatorida turib chetga chiqmoqchi edi, boshqon «bu yoqqa yuravering», deb hech qayoqqa qaramay to‘g‘riga yo‘l oldi. Sattor ularni ko‘riboq peshvoz chiqib, qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, uyga boshladi. Katta hovlidagi barcha o‘rinlar band. Xizmatdagilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Boshqon bilan kelganlarni alohida izzat bilan ichkariga, uyga boshlashdi. Keng, naqshinkor uyga ziyofatlardagiday dasturxon yasatig‘liq, tashqaridan eshitilib turgan tilovat ovozlari demasa, ziyofatga keldik, deb o‘ylash ham mumkin edi. Boshqonning o‘zi, Sharifni hayron qoldirib, qiroat bilan qur’on tilovat qildi. Choy kirdi, non sindirildi. Sharif «endi osh kirar», deb o‘yladi. Ammo yana choy kirdi. Ikkala choynakni olgan idora xodimi boshqonga qaradi:

  • Oqidanmi yo qizilidanmi, xo‘jayin?

  • O‘ldirsa ham qizili o‘ldirsin.

Sharif «ma’rakalarda ichilyapti», degan gapni eshitgan, ammo o‘zi bunga hali guvoh bo‘lmagandi. Unga ham quyib uzatishgach, bir ijirg‘andi-yu, olmadi. U xudojo‘y emasdi. Boshqon kabi tilovat qilish ham qo‘lidan kelmas edi. Ammo bunday marosimda ichishdan hazar qilardi. Ko‘kragida uyg‘ongan bir his nafrat uyg‘otar edi. Hozir shu nafrat bilan boshqonga qaradi:

  • Bu yog‘i o‘rischa bo‘p ketdi-ku? — dedi.

  • Olavering, gunohi mening bo‘ynimga, — dedi boshqon. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — Niyat bilan olsa gunohi yo‘q. Buning kayfi harom, o‘zi halol. Uzumning suvini shu paytgacha birov harom demagan. Sattor «otamning joyi jannatda bo‘lsin», deb niyat qilib dasturxon yozgan. Kimda-kim shu niyatiga yetmasin desa, mayli, olmasin.

Sharif shu gapdan keyin ham ichmadi. Keyin shunga o‘xshagan gap yana qaytarilgach, uni ham shayton yo‘ldan urdi. Go‘yo uning aybi bilan marhum do‘zax olovida qovurilayotgandek tuyulib, bir-ikki xo‘plam ichdi. Keyin esa... So‘ng bu «ma’raka»dan chiqib, kimnikigadir ziyofatga kirishdi. Gapdan gap chiqdi. Boshqonga nimadir otgani esida. Keyin... o‘zini qamoqda ko‘rib «bitta-yarimtani o‘ldirib qo‘ymadimmi», deb ham o‘yladi.
Hozir tergovchi uzatgan sigaretni olganida shu dahshat iskanjasida o‘tirgan edi. Shu talvasaga bandi bo‘lib, sigaretga qo‘l uzatganini o‘zi ham sezmadi.

  • Men Zohid Sharipovman. Shahar prokuraturasining tergovchisiman. Aybingizni bilasizmi? — dedi Zohid unga tikilib.

  • Yo‘-o‘q... — Sharif Namozov o‘zining ovozini o‘zi bazo‘r eshitdi.

  • Siz qoradorifurushlikda ayblanyapsiz. Uyingizdan katta miqdorda qoradori kukuni topilgan. Portfelingizdan ham. Xaltachalarda barmoq izlaringiz bor.

  • Nima dedingiz? Qoradori... furushlik? Mening uyimdan... Portfelimdan... — Namozov Zohiddan «adashibman, gunohingiz boshqa» degan gapni kutib, ilinj bilan tikildi. — Siz... adashmayapsizmi? Gunohim boshqadir?

  • Yana qanday gunohingiz bo‘lishi mumkin?

  • Gunohimmi? — Namozov daf’atan javob berolmay chaynaldi. — Masalan... birovni

urgandirman... Kayfda bo‘ladi-ku?

  • Birovni urgan bo‘lsangiz, bu ish bilan shahar prokuraturasi shug‘ullanmas edi. Adashganimiz yo‘q.

Namozov yengil tin oldi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Zohid undagi o‘zgarishni sezdi. U Namozov aybnomani darrov rad etadi, isbot talab qiladi, deb o‘ylagan edi.
Indamay o‘tirishiga qarab, «bo‘yniga oldimi», deb taajjublandi.

  • Nimaga indamayapsiz?

  • Men... ochig‘ini aytsam, odam o‘ldirib qo‘yibmanmi, deb qo‘rquvdim.

  • Qoradorifurushlikni yengilroq jinoyat deb o‘ylayapsizmi?

  • Sizning tilingizda yengilmi yo og‘irmi, bilmayman. Balki unisi uchun ham, bunisi uchun ham otarsizlar. Lekin men uchun odam o‘ldirib otildi, degan nomus yomon.

  • Qoradori o‘nlab yosh jonlarni halok qiladi. Bunisiga nima deysiz?

  • Nima derdim, bunga qoradori sotadiganlar javob beraversin.

  • Siz-chi?

  • Umrimda qilmaganman bunaqa ishni.

  • O‘zingiz ham iste’mol qilmaganmisiz?

  • Nimani? Qoradorinimi? — Namozov bosh chayqadi.

  • Qoningiz tekshirilganda tarkibida qoradori topilgan. Siz faqat aroqdan emas, qoradoridan ham mast edingiz.

  • Yolg‘on.

  • Sizga sudmedekspertiza xulosasini ko‘rsatamiz. Hozir esa... bilagingizga qarang. Namozov shoshilib pidjagini yechdi-da, yengini shimarib bilagiga qaradi. Yo‘g‘on tomir ustida bilinar-bilinmas igna izini ko‘rib, Zohidga dahshat nazari bilan qaradi. Uning yumaloq ko‘zlari yanada kattalashganday bo‘ldi.

  • Tamom! — dedi u titroq ovozda.

  • Nima tamom! — dedi Zohid tushunmagan odamday.

Namozov boshini egib, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday dedi:

  • Men ajal bilan o‘ynashgan ekanman... — u boshini ko‘tarib Zohidga qaradi. — Mening bo‘larim bo‘pti. Bola-chaqam omonmi, faqat to‘g‘risini ayting.

  • Xotiningizni ko‘rdim. Bolalaringizni...

  • Bolalarim oyimnikida edi.

  • Siz kimdan qo‘rqyapsiz?

  • Kimdan qo‘rqyapsiz? Men qo‘rqmayman. Qo‘rqqanimda bu yerda o‘tirmas edim... Zohid qalin daftar ochib, taomilga ko‘ra Namozovni so‘roq qila boshladi. Ism-sharifini, tug‘ilgan yili, kunini so‘radi. Namozov savollarga qisqa, sovuq ohangda javob berar edi.

  • Qoradorini sizga kim yetkazib berar edi? — deb so‘radi Zohid asosiy maqsadga ko‘chib.

  • Tanimayman, — dedi Namozov gap ohangini o‘zgartirmay. U qamoqqa kimning istagi bilan kelib qolganini anglagan, puxta o‘ylangan tuzoqqa tushganini fahmlagan edi.

Tuzoqdan qanday qutulishni bilmas edi. Tergovchi ham balki ularning odamidir, degan o‘y uni nochor ahvolga solib qo‘ygan, na ochiq gaplashishni, na o‘zini go‘llikka solishni bilardi. Qisqa muddat ichida tanlanishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l — «bilmayman» deb turish. Zohid uning tutgan yo‘lini ko‘ra bildi. Shuning uchun arqonni uzun tashlab, so‘roqni davom ettirdi:

  • Mijozlaringizni ayting?

  • Tanimayman.

  • Qanchadan olib, qanchadan pullardingiz?

  • Kilosinimi?

  • Aytaylik, kilosini?

Namozov o‘ylandi. O‘zicha chamaladi.

  • Ming so‘mdan olib, bir yarim mingdan sotardim.

  • Demak, kilosidan besh yuzdan qolarkan-da?

  • Ha, shunaqa.

  • Ko‘pdan beri sotarmidingiz?

  • Ko‘pdan... uch-to‘rt yil bo‘ldi.

  • Pulni nima qilardingiz?

  • Pulnimi? Yeb-ichib...

  • Meni laqillatmoqchimisiz?

  • Savollaringizga to‘g‘ri javob beryapman-ku?

  • Qoradorining kilosi ming so‘m ekanmi? Qaysi ahmoq ishonadi bu gapga? Siz ilmdan boshqa narsalarga ham hech aralashganmisiz?

Namozov «ilm» degan so‘zni eshitib, xuddi «daftarim uyda qolibdi», deb yolg‘on gapirib qo‘yib uyalgan boladek boshini egdi.

  • Yolg‘onni eplagan odam gapirishi kerak, — dedi Zohid achchiqlanib.

«To‘g‘ri, — deb o‘yladi Namozov, — bunga ham iste’dod lozim. Men hatto oddiy yolg‘onni ham eplay olmayman. Yolg‘ondan qulluq qilsam, yolg‘ondan jilmayib qo‘ysam... allaqachon akademik bo‘lib ketarmidim... Nasiba «bunchayam noshudsiz-a», deb to‘g‘ri aytadi...»

  • Menga to‘g‘ri gapni ayting. Men qoradorifurushligingizga ishonmayman. Agar «yo‘q, chindan ham qoradori sotardim», desangiz, qani, meni ishontiring-chi?

Sharif qotmadan kelgan, qoracha bu yigitga ajablanib qarab, bazo‘r kulimsiradi.

  • Ishontiring, deysizmi? Men jinoyatchi ekanimga sizni ishontirishim kerakmi? Qiziq-ku?

  • Ha, qiziq. Aslida men sizni ishontirib, aybingizni bo‘yningizga qo‘yib, qamatishim kerak.

  • Ayblayvering. Men tonmayman. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Bir-ikki yil o‘tadi- ketadi. U dunyodan hali hech kim qaytmagan. Qamoqdan esa eson-omon qutulib chiqish mumkin.

  • Bir-ikki yil deng?.. — Zohid o‘rnidan turdi-da, stolni aylanib o‘tib, mahbusning qarshisida to‘xtadi. Namozov «urmoqchimi?» degan xavotir bilan qarab, turmoqchi bo‘ldi. Zohid uni yelkasiga qo‘lini qo‘yib, «jilmang» degan ishora qildi. — Bir-ikki yil emas, sayru sayohat uzoqroq davom etsa kerak.

  • O‘n yil bo‘lmaydimi, menga desa.

Zohid achchiqlanib, mahbusni ikki yelkasidan mahkam ushlab bir-ikki siltadi.

  • Siz men bilan oldi-sotti qilmang. Bo‘ladigan gapni ayting, kimdan qo‘rqyapsiz? Sharif uning ko‘ziga qarab oldi. Yaqindagina muloyim boqib turgan, ishonch uyg‘otishi mumkin bo‘lgan nigohda jahl uchqunlarini ko‘rib «Endi do‘pposlaydi», deb o‘yladi.

Boshini egib, gardaniga musht tushishini kutdi. Hatto gardani toshday qotib, zirillay boshladi. Musht tushsa, og‘riq tarqab, yengil tortadiganday tuyulib, «ursa uraqolmaydimi» deb o‘yladi. «Keyin kaltakdan odam o‘lmaydi. Odam qatoriga kirib kaltak yesam yebman-da. Bola bo‘lib birov bilan mushtlashmabman, birovdan tuzukroq kaltak yemabman. Ana endi, dong‘im chet elga chiqib turganida bir befarosat savalasa. Lissabonda hozir mening ta’rifimni keltirib maqtashayotgandir. Bu yerda kaltak yeyayotganimni tasavvur ham qilishmasa kerak...»
Sharif kutganday musht tushmadi. Zohid uni qo‘yib yuborib, joyiga qaytdi.

  • Siz olim odam ekansiz. Agar zavodda oddiy xizmatchi yoki oddiy ishchi bo‘lsangiz, nimadan qo‘rqayotganingizga tushunib yetardim. Birga o‘g‘irlik qilgan sheriklaridan cho‘chiyapti, derdim. Hozir joyingizga qaytib, o‘ylang.

Eshik ochilib, soqchi kirdi. Mahbus tomon ikki qadam qo‘ydi.

  • Tur, — dedi sovuq ohangda. Sharif turdi. — Qo‘lingni orqaga qil. Sharif itoat etib, buyruqni bajardi.

«Joyingizga borib, o‘ylang» emish, — deb fikr qildi u, qamoqxonaning uzun dahlizidan borar
ekan. — Endi bu yer mening joyim bo‘lib qoldimi? Mening joyim... Yomon emas. Lahadga nisbatan shu yer tuzuk. Bolalarim omon bo‘lsa bas. «Katta miqdorda qoradori topildi», deydi. Katta miqdori qancha? O‘n ming so‘mlikmi? Yo ko‘proqmi? Shuncha qoradorini uyimga tashlab qo‘ygan bo‘lsa, bu tergovchilariga ham sarf-xarajat qilishgandir? Agar bu bolaga ham besh-o‘n ming so‘m berilgan bo‘lsa, umumiy hisobda... narxim chakki emas ekan-da? O‘n besh, yigirma ming so‘mlik odam ekanman-da? Ba’zi birovlarni sariq chaqaga ham olishmaydi. Menga shuncha pul sarflashibdi. Boyvachchalar birovni qamoqdan chiqarish uchun pul sochishardi. Menga kelganda qamoqqa tiqish uchun sarflashdi. O‘n besh, yigirma ming ularga pulmi? Bir kunda chiqarib olishadi. Men ularga yoqmay qolgan ekanman, shuncha ovora bo‘lib,
nayrang ishlatib, pul ketkazib yurmay, shartta o‘ldirib yubora qolishsa yaxshi emasmidi? Yo o‘ldirish qimmatroq tusharmidi? Be, uch-to‘rt yuz so‘m bilan tinchitishardi. Bitta alkashni yoki giyohvandni ishga solishsa tamom-da. Lekin qon to‘kkilari kelmabdi.
Nimaga? Insof qilishdimi? Insofni qayoqdan olishdi? Yo qo‘rqishdimi? Kelib-kelib mendan qo‘rqishadimi? Yo mening burnimni yerga ishqab, mulla qilishmoqchi bo‘lishdimi?
«Mulla» bo‘lgan taqdirimda ular nima naf ko‘rishadi? Baribir endi o‘sha zavodga qaytib bormayman-ku?»

  • To‘xta, devorga yuzlanib tur.

To shu buyruq yangraguncha, kamera eshigi taraqlab ochilguncha mana shu xayollar Sharifga hamroh bo‘ldi.


4


Zohid mahbus chiqib ketganidan keyin ham bir necha fursat o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv inspektorining ishida katta farq borligini mana shu birinchi qadamidayoq aniq his qildi. Uning nazarida prokuraturadagi ish osonroq tuyulardi. Prokuratura xodimlari uning ko‘ziga loqayd to‘ralar sifatida ko‘rinardi. Uning avvalgi ishi jinoyat iziga tushish, jinoyatchini ushlashdan iborat edi. Qolganini jinoyatning katta-kichigiga qarab yo shahar, yo depara prokuraturasiga o‘tkazilardi.


Tergovchilar savol-javob qilib ishni sudga oshirishardi. Endi esa sobiq hamkasbi — jinoyat qidiruv inspektori ushlab bergan jinoyatchining taqdiri uning qo‘lida. Birinchi jinoyatchi — olim. Yaqindagina olimlik shohsupasi tomon dadil borayotgan, akasi o‘limidan so‘ng shartta burilib, boshqa yo‘lga o‘tgan, dam-badam olimlik ko‘chalarida xayolan sarsari kezuvchi yigit yangi ishda ilm odamiga yo‘liqib tursa! Taqdir uni sinamoqchimi?
Zohid yuragi siqilib, daftarga formulalarni beixtiyor yoza boshladi. Uning odati shu — yuragi siqilsa, kalavaning uchini yo‘qotib, garang bo‘lsa, beixtiyor ravishda formulalar yozib, yechib chiqara boshlardi. Yod bo‘lib ketgan Eynshteyn nazariyalari yoki hisob olamining yechimi mushkul raqamlari daftar sahifalarini to‘ldirardi.
U huquq sohasiga buyuk umid bilan o‘tgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni to‘ygan, ovqat bo‘lmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga kelib, kalta bo‘lib qolgunicha yangisini ko‘rmay o‘sgan bola podsholik taxtini talab qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sig‘inib yashagan, rais buva marhamat etgan damda maktabda o‘qib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim
bo‘lish orzusida yurarmidi? Qarangki, shunday bo‘lishi mumkin ekan. Akasi shahardagi oliy o‘qishga kirganida Zohid to‘qqizinchi sinfda edi. Bir tomondan akasiga havas qilib, yana bir tomondan riyoziyot muallimi qiziqtirib o‘qishlari birmuncha yaxshilanib, oqibatda oltin nishonga da’vogar bo‘lib qoldi. Dunyoning ajabtovurligini qarang-ki, suvchining o‘g‘li shunday e’tiborga, ya’ni, da’vogarlikka loyiq ekan. Ammo palovning masallig‘i bilan shavla pishirish mumkin bo‘lganidek, a’lochi bola oltin nishon olavermaydi. Palovni damlayotganda bir piyola suvni me’yoridan ko‘proq quyib yuborsangiz, qo‘lbola shavla yeysiz, o‘quv davomida mingta «besh» olib, bittagina
«to‘rt»ga ilinsangiz, oltin nishonni tushingizda ko‘rib, a’lochi bola sifatida maktabdan uchirma bo‘lasiz. Albatta, bilim bergan muallimlaringizga mingdan-ming rahmatlar aytishni unutmaysiz.
Sizni bilmayman-u, ammo Zohidning boshiga shunday savdo tushgan. Peshonasiga
«jamiyatshunoslik» degan fandan bitta «to‘rt» olish yozilgan ekan, nima qilsin bechora. Riyoziyot muallimi bir yondan, akasi bir yondan targ‘ib qilib, uni Maskovdagi oliy o‘qishga borishga ko‘ndirishdi. Shu munosabat bilan otasi bitta sigirni sotadigan bo‘ldi.
«Ikkita sigirni boqish azobidan qutulaman. Bir oilaga bitta sigir yetadi-da, kuzga borib tug‘ib bersa, yana ikkita-da...» dedi otasi. Otasi ko‘p alomat odam-da. Xudo uni yaratishga yaratib, so‘ng unutib qo‘yganmi, har holda shundaygina yaralganicha qolavergan — ustomonlik, hiyla, makr, yolg‘on degan ne’matlardan bebahra yuravergan. Yo‘qsa, bitta sigirning puli bilan o‘g‘lim katta o‘qishga kirib, katta odam bo‘lib ketadi, deb o‘ylarmidi. Televizorni dastlab ko‘rgan mahalda g‘uncha labli qizga ko‘z qisib, imlab qo‘yib bir hafta o‘zicha xursand bo‘lib yurgan odamning o‘g‘li voyaga yetib Maskovday joyda o‘qir ekanu sigirdan voz kechishi nima ekan?..
Ham tijorat, ham sayohat deganlariday, riyoziyot muallimi ham borgan edi Maskovga. Yozma imtihondan «uch» olgach, tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushdi. Zohid masalani yod qilib olgan edi, muallimiga yozib ko‘rsatdi — to‘g‘ri chiqdi. Muallim imtihon oluvchilar bilan bahslashdi. Foyda bermadi. Og‘zaki imtihonni «to‘rt» bahoga topshirib, rus tilidan
«ikki» oldiyu «sigirning joni shularga xudoyi bo‘ldi-da», deb qaytishdi. Ular «Toshkent o‘qishxonalarida poraxo‘rlik kuchli, Maskovda insof bor», degan umidni, o‘yni o‘sha yoqning o‘ziga ko‘mib kelaverishdi. Zohid ketmonni yelkasiga tashlab, otasi bilan dalaga chiqdi.
Kolxozda o‘n besh kun ozodlik e’lon qilinib, kuniga to‘rt-beshtadan to‘y o‘tayotgan kunlarda qishloqqa tepakal bir o‘ris jingalak sochlari oqarib ketgan bir o‘zbek bilan birga kelib, Zohidni surishtirdi. Zohid uni tanidi: Maskovda og‘zaki imtihonni shu odamga topshirgan edi. Uning muallim ekanini bilardi, biroq, riyoziyot bo‘yicha yetuk mutaxassis ekanidan bexabar edi. Jingalak sochlari oqargan o‘zbekni esa Zohid tanimadi.

  • Yozma imtihondagi masalani men tuzgan edim. Uning ikkita yechimi bor edi. Sen yechimning uchinchi yo‘lini topgan ekansan. Keyin fikrlasam, sen topgan yo‘l ma’qulroq ekan. Sen kelgusi yili Moskvaga albatta borishing kerak. Mana, Habib Sattorovich sendan xabar olib turadilar. Bu kishi mening shogirdim. Sen menga kenja shogird bo‘lasan.

Zohid bundan behad xursand edi. Go‘yo oliy bilimgohni bitirib kelganday quvongandi. Biroq, muallimi tushmagur ishni buzdi.

  • Zohid endi Maskovga bormaydi, o‘rtoq professor. Bilimgohingizda O‘zbekiston uchun nechta o‘rin ajratilgan? — deb so‘radi. — Bittami? Bu yil kim kirdi? Sizga yolg‘on, menga chin — ministrning o‘g‘li kirdi. Karra jadvalni biladimi yo yo‘qmi, menga qorong‘i. Lekin u imtihonlarni «besh»ga topshirdi. Siz tuzgan masalani ham zo‘r qilib yechib bergandir.

O‘zbekistonda ministr deganlari ko‘p, ularning bolalari ko‘p. Har yili bittadan sigir sotishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kambag‘alning bolasi qadimda ham o‘qiyolmagan,
hozir ham o‘qiyolmaydi. Katta olimlar, katta odamlar tarjimai holida kambag‘aldan chiqqanman, yetimxonada o‘sganman, deb yozishadi. Bari yolg‘on! Hammasi boyning bolalari. Hammasi otasining oltinlari tufayli o‘qib odam bo‘lgan!
Muallimning bu gaplari Zohidning otasiga ma’qul kelib, «o‘g‘lim Maskovda o‘qisin» degan umididan voz kechdi.
Ketmonini tinchgina chopib yurganida, kelgusi yoz boshlarida Habib Sattorovich degan odam yana kelib, eski gapni qo‘zg‘adi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng tomonlar sulhga kelishdilar — Zohid Maskovda emas, Toshkentda o‘qishga rozi bo‘ldi.
«Mayli, oliy ma’lumotni Toshkentda olsin, biroq, aspiranturani albatta Moskvada o‘qiydi», dedi Habib Sattorovich. O‘qishning ikkinchi yiliyoq, Zohid olimlar nazariga tushdi. Uning imkoniyatlari, kelajagi haqida umidli gaplar boshlangandi. Biroq, akasining o‘limi, tergovchilar, hakamlarning nomardligi barcha imkoniyatu umidni parchalab tashladi. Zohidning yelkasiga bir shayton minib olib «bu o‘qishni tashlaysan, huquq ilmini olasan, bu ablahlarga qarshi kurashasan, adolatni tiklaysan, bechoralarga suyanchiq bo‘lasan», deb ming‘irlayverdi. Zohid bu gaplarga ko‘ndi. To‘ng‘ich o‘g‘li dardida qaddi bukilgan otaga ham shu fikr ma’qul keldi.
Mana, oradan yillar o‘tib, riyoziyotchilar umid bilan qaragan yigit shahar turmasining so‘roqxonasida yolg‘iz o‘tirib, raqamlarga raqamlar ulayapti: qo‘shuv, bo‘luv, oluv, so‘ng ildiz ostidagi raqamlar... Bularni yechish unga cho‘t emas. Ammo adolat formulasiga tishi o‘tmayapti. Ne-ne allomayu donishmandlar yecha olmagan masalaga uning qurbi yetarmikin?



  1. Yüklə 0,58 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin