...Men sizni o‘ylasam Charog‘onbo‘ladiolamim. Men sizni o‘ylasam
Qoraqonbo‘ladiolamim...
Anvar aka, qo‘ying, bunaqa gaplarni... Shunaqa desangiz... gaplashmay qo‘yaman... Hamshira shunday deb kaftlarini yuzlariga bosdi. Anvarning shirin so‘zlari unga yoqqan, bu so‘zlar vujudidagi shaytonni uyg‘otgan, shayton esa fursatni qo‘ldan bermay, ayolning nozik hislarini qo‘zg‘ata boshlagan edi. Ayni chog‘da, sergak farishtalar ayolning uyat, nomus, hayo tomirlarini uyg‘otmoqqa kirishgan edilar. Osmondagi bulut to‘dalari to‘qnashib yashin chaqqani kabi bu vujudda ikki kuch ayol yuragini yondirib, larzaga soldi. Bu kuchdan juvonning yuzlarigacha qizarib ketdi. Chiroqning xira nurida hamshiradagi bu o‘zgarish sezilmasa-da, u o‘ng‘aysizlanib, yuzlarini kaftlari bilan to‘sgan edi.
Anvar juvondagi bu o‘zgarishni sezdi. Kunduzi bir shifoxonada hamshiralik qilib, bu yerda haftaning ikki tunida navbatda turuvchi, ustiga-ustak qo‘shni idorada farroshlikni ham bo‘yniga olgan bu ayol har qanday erkakning xayolini o‘g‘irlashi tayin edi. Bu xushro‘y ayolning eri majruh ekani, to‘shakdan turolmasligini bilgan erkak esa unga bir qarmoq tashlab ko‘rmasa ko‘ngli tinchimas. Hamshira bunga ko‘nikib qolgan. Ko‘zlarini chaqchaytirib turib ko‘ngil izhor qilgan, ayniqsa bilagiga qo‘l yuborganlarida u erkak zotidan, hatto ba’zan o‘z eridan ham nafratlanib ketadi. «Erim sog‘ bo‘lganida shularga o‘xshar edimi», deb o‘ziga o‘zi savol beradi. Bolaligida xastalanib, so‘ng to‘shakka bir umr mixlangan bu yigitni yaxshi ko‘rib tekkan. Ko‘nglida uyg‘ongan his nima edi — muhabbatmi yo rahm-shafqatmi aniq bilmaydi. Yigitni xastaxonada ilk ko‘rganida yuragi g‘alati bo‘ldi. Yuzida kulgichi bor, ko‘zlari qisiqroq, qoshlari qalin bu yigit istarali, so‘zlari esa shirin edi. U xuddi xirgoyi qilayotgandek shirin gapirardi... Boshqa hamshiralar muolaja qilishsa, gapga solishsa uning g‘ashi keladigan bo‘ldi... Otasi ko‘nglida norizo bo‘lsa-da, sirtiga chiqarmadi. «Shu g‘aribga baxt bersa, savob», dedi. Dunyodagi eng xushsurat yigitni kuyov qilaman, degan umidda yurgan onasi ko‘z yoshi to‘kdi-yu, baribir ko‘ndi. Ba’zilar to‘rt muchasi sog‘ go‘zallarga yetishguncha dard chekishadi. Hozir yuzlariga kaftlarini bosib turgan juvon esa xasta yigitga yetguncha ko‘p qiynaldi. U kechirgan to‘lg‘oqli tunlar tasviri alohida doston bo‘lar. Ko‘nglini muhabbat chaqmog‘i ozgina bo‘lsa ham yoritgan insonga bu kechmishlar begona emas.
Hamshira ko‘nglida shilqimlik uyg‘ongan erkaklarga duch kelganida to‘shakda yotgan eri ko‘z oldiga kelardi. Shunda unga xiyonat qilganday, o‘zini o‘zi la’natlar edi. Bilagiga begona erkakning qo‘li tekkuday bo‘lsa vujudi kirlanganday, yomon bir kasal ilashib qolganday tuyular, uyiga qaytgach, erining ko‘ziga boqishga qurbi yetmas, bolalarini
o‘pishga ham yuragi betlamas edi. Uyiga go‘yo haromni boshlab kelganday o‘zidan-o‘zi nafratlanar, dunyoni bunchalar yaralganidan xafa bo‘lib ketardi. Ba’zi hollarda «erim sog‘ bo‘lganida shu yo‘lda yurarmi edi» deb savol tashlab, yuragi battar ezilib ketardi.
Nomusni jondan aziz bilgan ayol xiyonatga duch kelsa nima bo‘larkin? Ming yillar muqaddam o‘tgan Yevripid degan shoir:
Nomussizlik gar ilashsa nikoh ipiga Ayolqalbishuqadarliqonsiragayki, Topolmaysizyeryuzidabunaqasini,
deganida balki bizning hamshirani nazarda tutgandir.
Xullas, rashk mavjud, ammo xiyonatga begona oila sohibasi garchi Anvarga mehri bo‘lsa-da, chegaradan chiqa olmas edi. Chegarada nomus, iffat, hayo degan qo‘riqchilar borki, ular iblisning zarbalariga yo‘l bermaydilar. Hamshira «shunaqa desangiz... gaplashmay qo‘yaman» deganida shunchaki po‘pisa qilmadi. Hozir Anvar gapni shu ohangda davom ettirsa, chindan ham suhbatga chek qo‘yar edi.
Anvar hamshiraning gapini yolg‘on po‘pisa deb anglamadi. Balki gaplari noto‘g‘ri talqin etilganidan afsuslandi:
Dilobar, — dedi u, — siz meni tushunmadingiz. Erkak bilan ayol bir-birini yaxshi ko‘rsa maqsad faqat to‘shak bo‘lmaydi-ku? Aka-singilday yaxshi ko‘rish mumkinmi? Men sizning qoshu ko‘zingizni emas, faqat inson bolasiga xos odatlaringizni yaxshi ko‘rishga haqqim yo‘qmi? Yorug‘ olamda besh milliardga yaqin odam yasharkan. Lekin ko‘ngil ba’zan beshta yaxshi odamga muhtoj bo‘ladi-ku? Shu besh odamning biri ayol bo‘lishi mumkin emasmi?
Dilobar «Gapingiz rostmi?» deganday unga bir qarab oldi. Anvar boshini egib, ko‘zlarini bir nuqtaga qadab o‘tirar edi. Hamshiraning qarab qo‘yganini sezmadi.
Siz mendan nafratlanmang. Agar siz mendan ranjisangiz... men dunyodan nafratlanaman.