“Ey odam farzandlari! “Shaytonga ibodat qilmangiz, chunki u sizlarga ochiq dushmandir, Mengagina ibodat qilingizlar! Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir!” deb buyurmaganmidim? Aniqki (shayton) sizlarning ichingizdan ko‘p avlodni yo‘ldan ozdirdi. Axir aql yurituvchi bo‘lmadingizlarmi? Sizlarga va’da qilingan jahannam mana shudir! Sizlar (hayoti dunyoda) kofir bo‘lib o‘tganlaringiz sababli bu Kunda jahannamga kiringizlar” (Yosin, 60-64).
Shunda hamma ummatlar tiz cho‘kadilar, Alloh taoloning qavlida aytiladiki:
“U Kunda barcha ummatni (dahshat va iztirob ila) tiz cho‘kkan holda ko‘rursiz. Har bir ummat o‘z nomai a’moliga chaqirilur. (So‘ng ularga deyilur): “Bugun qilib o‘tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar” (Josiya, 28).
Shundan so‘ng Alloh taolo maxluqlari orasida hukm chiqaradi, vahshiy va vahshiy
bo‘lmagan hayvonlari orasida hukm chiqaradi: shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yning haqini
olib beradi, so‘ngra hayvonlarga, tuproqqa aylaning, deyiladi, ular tuproq bo‘lib
ketadilar. Shu payt kofir:
“Koshki edi tuproqqa aylanib ketsam” (Naba’, 40), deb qolur. Keyin Alloh taolo
bandalari orasida hukm chiqaradi.
48. Nofe’ ibn Umardan rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz aytdilar: “Qiyomat kuni insonlar
onalaridan tug‘ilgandek yalang‘och va yalangoyoq tiriladilar” Oyisha roziyallohu anho
aytdiki: “Erkak va ayollar hammi?” “Ha”, dedilar. Shunda Oyisha: “Voy o‘lmasam,
hamma bir-biriga qaraydimi”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yelkasiga urib: “Ey
ibn Abu Kuhofaning qizi, u kunda insonlar o‘zlari bilan ovora bo‘lib, qarolmay qoladilar.
Osmonga tikilib, qirq yil yemay-ichmay turadilar, ter kimningdir to‘pig‘igacha, kimningdir
boldirigacha, kimningdir qornigacha yetadi, kimningdir turaverganidan ter jilovlab-
yuganlab oladi. Keyin farishtalar Arshning atrofini o‘rab turadilar. Alloh taolo nido
qilguvchiga buyuradi va u: “Falonchi qani?” deb nido qiladi. Insonlar o‘sha ovozga
boshlarini ko‘taradilar. Chaqirilgan kishi odamlar orasidan chiqib, Allohning oldida turgan
bo‘ladi, keyin zulm bilan mollari olingan kishilar birma-bir chaqirilib, zulm qilgan
kishining savoblaridan ularga olib beriladi, u kunda pul ham, dinor ham yo‘q. Faqat
savobidan olinadi, gunohi zolim kishiga o‘tkaziladi, mazlumlar uning savobidan
olaveradilar, savobi qolmagach, gunohlarini unga o‘tkazadilar, unga, endi onangni oldiga
bor, deyiladi (bu yerdagi “onadan” murod do‘zaxdir). Bu Kunda hech kimga zulm
qilinmaydi. Alloh taolo tezda hisob qilib, jazo va mukofotni tezda berguvchidir, deyiladi,
o‘sha Kunda Allohga yaqin farishta ham, o‘zi yuborgan payg‘ambar ham, shahidlar ham
bu hisobning qattiqligini ko‘rib, bu Kunda Allohnning o‘zi saqlamagan odam qutulib najot
topa olmasligini bilib qoladi”.
49. Maoz ibn Jabal roziyallohu anhu Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladi: “Qiyomat
kunida banda to‘rt narsa haqida so‘ralmagunicha o‘rnidan qo‘zg‘almaydi. Umrini nima
bilan o‘tkazgani haqida, jasadini (kuchini) nimaga ishlatgani haqida, ilmiga qanday amal
qilgani haqida va nihoyat molni qaerdan topib, qaerga sarflagani haqida”.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy