XXIII BOB. G‘AZABNI YENGMOQ 256. Faqih Abu Said Xudriydan, Alloh undan rozi bo‘lsin, rivoyat qiladi: Payg‘ambar
(s.a.v.) aytdilar: «Albatta, g‘azab o‘tdan uchqundir. Kimga g‘azab kelsa, tik turgan
bo‘lsa, o‘tirib olsin, agar o‘tirgan holda g‘azabi to‘xtamasa, yotib olsin, agar yotib olgan
taqdirda ham g‘azabi kelsa, tuproqqa yumalasin».
257. Abu Said Xudriy, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladi:
Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «G‘azabdan saqlaninglar. Albatta, u inson yuragida o‘t
yondiradi. Ko‘rmaysizmi, agar birontalaringizga g‘azab kelgan vaqtda ko‘zlari qanday
qizarishini va bo‘yin tomirlarining bo‘rtib chiqishini. Agar sizlardan birontangiz g‘azabdan
biron narsani sezsa, yotib yerga yopishib olsin». Va yana aytdilar: «Sizlardan g‘azabi tez
kelib, tez ketadiganlaringiz bor. Bittasi ikkinchisi bilan. Sizlardan g‘azabi sekin kelib
sekin qaytadiganlar bor. Biri boshqasi bilan. Sizlardan yaxshilaringiz g‘azabi sekin kelib,
sekin ketadiganlaringizdir».
258. Abu Amoma Bohiliy, Alloh undan rozi bo‘lsin, Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qiladi:
«Kim o‘ch olishga qodir bo‘lib, o‘ch olmasdan, g‘azabini bossa, Alloh uning qalbini
qiyomat kunida rizo bilan to‘ldiradi».
Aytilishicha, Injilda bunday yozilgan:
«Ey Odam farzandi! Meni o‘zingga g‘azab kelganda eslagin, Men seni g‘azabim kelganda
eslayman. Senga bergan yordamimga rozi bo‘lgin. Albatta, Mening senga yordamim
o‘zingga qilgan yordamingdan yaxshidir».
Umar ibn Abdulaziz g‘azabini keltirgan bir kishiga aytdi: «Agar sen mening g‘azabimni
keltirmaganingda men seni jazolar edim».
Allohning:
«Va g‘azablarini ichlariga yutadigan» (Oli Imron, 134) so‘zini iroda qilib aytgan edi.
Zikr qilindi: U kishi bir mastni ko‘rgan ekan. Unga ta’zir berishni xohladi. Haligi mast u
kishini so‘kibdi. So‘kayotganida Umar qaytib ketdi. So‘ngra so‘rashdiki: «Ey
mo‘minlarning amiri, sizni so‘kayotganda nima uchun uni tark qildingiz?» Umar: «Chunki
u mening g‘azabimni keltirdi, shu paytda unga ta’zir berganimda, nafsimning g‘azabi
uchun bo‘lar edi. O‘zimning hamiyatim uchun musulmon kishini urmoqni
xohlamayman», dedi.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy