www.ziyouz.com kutubxonasi
107
ham tushgay», dedilar. Anda ul yahudlar: «Ey Muhammad, sen bizlarni o‘z qavming
arablaridek chog‘lama, Badr urushidagi g‘olibiyatga aldanib unga mag‘rur bo‘lma, urush
ishlarida ustaligi yo‘qligidan Quraysh qabilasi sendan yengildilar. Agar bizni ham ulardek
chog‘lab, biz bilan to‘qnashur bo‘lsang, ana shunda urushning qandoq ekanligini, kimlar
urush erlari ekanligini bilur eding», dedilar.
Mana shu chog‘da Allohdin bu oyat keldi: «Qul lillaziyna kafaruv satug‘labuna va
tuhsharuvna ila jahannama va bi’sal mihad»: Ma’nosi: «Ey Muhammad, bu kofirlarga
aytgil, agar biz bilan urushur bo‘lsangiz, albatta yengilursiz, o‘ldirilursiz, so‘ngra
jahannamga yiqilursiz, borgan joyingiz qandoq yomon o‘rinligini shunda bilgaysiz»,
demakdur.
So‘ngra Rasululloh yahudlardin yaxshilik chiqmasligini yuqorigi oyat mazmunidan
ongladilar. Alar ham dushmanliklarini ochiqdan-ochiq bildirib, musulmonlarga bog‘iy,
ya’ni, dushman bo‘ldilar. Bu sabablardin Rasululloh boshliq Islom tug‘ini ko‘tarish hazrati
Hamzaga topshirilgan edi. Madinadan askar chiqqan xabarini eshitib, yahudlarga qattiq
qo‘rqinch tushdi. Yuqorigi oyat mazmunicha, Islom askariga ko‘zlari tushmay turib,
barilari qochib, qo‘rg‘onga qamaldilar. Buning ustiga Rasululloh qo‘shin bilan kelib, o‘n
besh kun qo‘rg‘onni qattiq qamal qildilar. Yahudlarning xotun va bolalaridin boshqa
urushga yaramlik askarlari yetti yuz kishi bor edi. Ilohiy tomonidan bularning
ko‘ngullariga qattiq qo‘rqinch tushganligidan hech qandoq qarshilik ko‘rsata olmadilar.
Oxir Rasulullohdan o‘zlari so‘radilarkim, yolg‘uz yo‘l ozug‘i bilan bola-chaqalarini olib
arab tuprog‘idan chiqib ketgaylar. Qolgan mol-mulk, turar joylarini qoldirgaylar. Mana
shu so‘zga to‘xtash bo‘lganidin so‘ngra, ko‘chib ketmakka uch kun muhlat berildi. Bu
ishga Uboda ibn Somit vakil bo‘ldi. Arab tuprog‘idan o‘tib, Shom tuprog‘iga kirganda
Azruot degan joyda vatan tutib o‘ltirdilar. Lekin yiliga yetmayoq, barchalari vabo kasali
bilan o‘lib tugadilar.