O‘N TO‘QQIZINCHI MO’JIZA Imom Ahmad, Imom Termiziy, Abu Said Xudriydan rivoyat qiladur:
«Makka, Madina tog‘lari orasidagi badaviylardan bir kishi qo‘y boqib yurgan edi. Bir kuni
bo‘ri kelib aning qo‘yiga chovut qildi va qo‘ylardan birini olib qochdi, egasi orqasidan
quvlab borib, bo‘ri og‘zidan qo‘yni ajratib olgach, bo‘ri besh-o‘n qadam yerga borib,
cho‘kkayib o‘ltirdi. So‘ngra Xudo qudrati bilan ul bo‘ri tilga kirdi va:
— Xudodan qo‘rqmasmusan, Xudo yetkizgan rizqimni og‘zimdan tortib olding?, — dedi.
Anda cho‘pon bu ishga hayron qolib:
— Bu qandoq ajab ishdurkim, bo‘ri odamdek bo‘lib so‘zlaydur, — dedi.
— Sening ishing bundan ham ajabliroq erurkim, oxirzamon payg‘ambari Muhammad
alayhissalom Madinaga keldi. Xudo oldida bundan ulug‘ darajali payg‘ambar yo‘qdur.
Butun xalqni haq yo‘lga chaqirur. Sakkiz jannat eshiklari uning yuziga ochilmishdur. U
bilan sening orangda ul tog‘dan boshqa hech narsa yo‘qdur. Shundog‘ ulug‘ ishni
tashlab, sen bu yerda qo‘y boqib yurursan. Dunyoda bundan ham ajabliroq hech ish
bo‘lurmi? Agar sen bormoqchi ersang, qo‘ylaringni menga omonat topshir, kelguningcha
boqib berurman, — dedi bo‘ri.
Bu karomatni ko‘rib, qo‘ylarni bo‘riga topshirdi. O‘zi Madinaga kelib, Rasululloh bilan
ko‘rishib iymon keltirdi. Bu mo’jizani barcha sahobalar eshitdilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytmoqqa ruxsat berdilar. Kelib qarasa,
bo‘ri cho‘ponlik qilib yuribdur. Qo‘ylariga hech qanday ziyon yetkazmabdur. Buni ko‘rib
darhol bir qo‘yni bo‘g‘izlab bo‘rini ziyofat qildi.