QIRQINCHI MO’JIZA Ka’bul Ahbor rivoyat qilur:
«Bani Isroil qavmi haq yo‘ldan adashib o‘z payg‘ambari Hazrati Armiyo alayhissalom
nasihatlarini qabul qilmadilar. Shuning uchun Alloh taolo ularga qahr qilib Buxti Nasr
degan podshoni yubordi. Yahudlar ustiga hisobsiz cherik keltirdi. Bu ersa, Qur’onda
aytilgan Bobil shahrining podshosi edi. Yahudlar bunga qarshi turolmadilar. Falastin
viloyatiga bosib kirib Baytul Muqaddasni buzib, butunlay xarob qildi. Shahar xalqini
qatliomga buyurdi. O‘limdan qolganlarini asir olib, Bobilga qarab jo‘nadi. Bular ichida
Doniyol payg‘ambar ham bor edilar. Bu yerga kelib bir qancha zamon o‘tgandan keyin
Buxti Nasr bir kecha qo‘rqinchlik tush ko‘rib uyg‘ondi ersa, ani unutmish edi. Qo‘ruqchi,
sehrchilarni yig‘ib:
— Bu kecha uyqumda bir tush ko‘rmish edim. Endi siz shu tushimni topib, uning ta’birini
ayting, — dedi.
Anda ta’birchilar:
— Eshitmagan tushga qanday ta’bir aytgani bo‘lur?— dedilar. Anda podshohning g‘azabi
kelib:
— Bir kunimga yararmikinsizlar deb sizlarni tarbiyat qilmish edim. Agar uch kun ichida
buning ta’birini topmas ekansiz, barchangizni o‘ldirurman, — dedi.
Alar buni anglab, qattiq g‘amgin bo‘ldilar. Bu ish uddasidan qandog‘ chiqa olgaymiz, deb
motamda qoldilar. Bu voqeaning xabari shahar ichiga tarqaldi. Shu kunlarda ersa,
hazrati Doniyol zindonda edilar.