www.ziyouz.com kutubxonasi
354
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib dengiz qirg‘og‘idagi Rubug‘
qishlog‘i yaqinidagi G‘adirxom degan joyga yetdilar. Shu yerda sahobalarga qarata
ushbu va’zni aytdilar:
— Ey odamlar! Men ham insondan tug‘ilgan, sizlarga o‘xshash bir insondurman. Mundan
keyin ko‘p uzoqlamay Allohdan elchi kelib, meni chaqirib qolurmu, deb o‘ylayman. Agar
chaqirilsam, bormasga chora yo‘qdur, albatta, shunday bo‘lgach, bir kuni Xudo oldiga
boramiz. Men ham so‘ralurman, sizlardan ham bu ishni so‘raydilar. Anda nima javob
bergaysiz? — dedilar.
Sahobalar:
— Yo Rasululloh, biz guvohlik berurmizkim, siz Allohning amrini bizlarga yetkuzdingiz,
bu to‘g‘rida ko‘p mehnatlar ko‘rib, (bu yerda mehnat — arab tilidan qiyinchilik
mashaqqat ma’nosidadir) mashaqqatlar chekdingiz. Har (qanday) holda bizga yaxshilik
qildingiz, Alloh ajrini bersin. Bu ulug‘ xizmatingiz shukrini ado qilishdan ojizdurmiz, —
dedilar.
Anda Rasululloh:
— Barcha olamni yaratgan bir Allohdur, Muhammad uning haq payg‘ambaridur. Qiyomat
bo‘lishi haqdur, jannat haq, do‘zax haqdur. O‘lim haq, yana tirilish haqdur. Endi shu
narsalarga iymoningiz bordur! — dedilar.
Sahobalar:
— Yo Rasulalloh, bu narsalarga iymonimiz komil,— deb guvohlik berdilar.
Men sizlarga ikki ulug‘ narsani qoldirdim. Birinchisi, Xudoning kitobi Qur’ondur.
Ikkinchisi, mening avlodlarimdur. Qur’on bilan avlodlarim qiyomatgacha bir-biridan
ajrashmaydi, — deb marhamat qildilar.
Yana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Alini Yaman viloyatiga yuborib,
u yerdagi arab qabilalarini Islomga da’vat qilishga buyurgan edilar. Butun xalqqa qarata
yozgan nomalari ham bor edi. Rasulullohning nomalarini ko‘rishib, bir qancha qabilalar
urushsiz dinga kirmish edilar. Shundog‘ bo‘lsa ham, insonchilik, Hazrati Alining adolat
bilan qilgan ishlari ba’zi bir kishilarga yoqmasdan Rasulullohga shikoyat tushgan edi. Ish
tekshirilib ko‘rilgandan so‘ng shikoyat nohaq bo‘lib chiqdi. Haqiqatda esa, Hazrati Ali
karamallohu vajha Rasululloh nimani buyurgan bo‘lsalar, shuni bajargan edilar.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shikoyat qiluvchilarning so‘zini xalq
ichida rad qilib, Hazrati Alining fazllarini bayon qildilar. So‘ng hazrat Alining qo‘lini ushlab
turib:
— Har kim meni yaxshi ko‘rsa, Alini ham yaxshi ko‘rsin. Ey bor Xudoyo, kim muni do‘st
tutsa, sen ham uni do‘st tutgil. Uni dushman ko‘rganlarni sen ham dushman ko‘rgil.
Munga yordam berganlarga yordam ber, uni yordamsiz tashlaganlarni yordamsiz qoldir,
undan haqlikni ajratma, — dedilar.
Bu so‘zlarni eshitgandan so‘ngra Rasululloh oldida Hazrati Alining qanchalik ulug‘
martabaga ega ekani hammaga ma’lum bo‘ldi. Shuning bilan bir necha kunlab yo‘l yurib,
Madinaga yarim kunlik yo‘l qolganda, Zulhulayfa degan manzilga kelib tushdilar. Kechasi
shu yerda yotib, ertasi Madinaga qarab yurdilar. Rasululloh safardan qaytsalar shaharga
kunduzi kirish odatlari edi. Tog‘ ichidan chiqib kelib, yiroqdan Madina ko‘ringanda uch
marta takbir aytdilar. So‘ngra Allohga hamdu sano aytib, Madinaga kirdilar. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallamning so‘ngi safarlari shul edi. Shu bilan uch oydin so‘ngra
umrlari ham oxiriga yetdi.