Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
355
PAYG‘AMBARIMIZNING O‘G‘ILLARI IBROHIMNING VAFOTI
Shu o‘ninchi yili ro‘za hayitining yigirma to‘qqizinchisida Payg‘ambarimiz o‘g‘illari
Ibrohim vafot topdi. Yoshi bir rivoyatda o‘n olti oy sakkiz kunlik, ikkinchi rivoyatda o‘n
sakkiz oylik edi. Bu o‘g‘illari tug‘ilganida Rasululloh bek suyungan edilar. Vafot
bo‘lganida qattiq qayg‘urib:
— Ey Ibrohim, sening firoqingdan ko‘nglimiz g‘amga to‘ldi, — deb muborak ko‘zlaridan
yosh to‘kdilar. Buni ko‘rib Hazrati Umar:
— Yo Rasulalloh, o‘lganga yig‘lashdan
bizni qaytargan edingiz, nega endi o‘zingiz
yig‘laysiz? — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Qachon sizlarni ko‘z yoshidan qaytardim? Musibat yangidur, ko‘nglimiz yumshaydi,
ko‘zimiz yig‘laydi. Xudo rozi bo‘lmagan so‘zlarni aytmagaymiz. Yoqa yirtib,
soch yulib
yig‘lashdan, dod-voy qilib, nohaq so‘zlar aytishdan qaytardim, — dedilar.
Bu o‘g‘illari Moriya ismlik cho‘rilaridan tug‘ilgan edi. U Misr podshohi Muqovqisdan
Rasulullohga hadya bo‘lib kelmish edi. Mundan boshqa Rasulullohning
barcha bolalari
onamiz hazrati Xadichadan tug‘ilmish edilar.
O‘g‘illari yoshligida vafot bo‘lishib, Fotimadan boshqa qizlari ham o‘zlaridan ilgari vafot
topgan edi. Fotima ersa Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi. Boshqa onalarimizdan
bola bo‘lmagan edi. Shu uchun Ibrohim tug‘ilganda barchalarning rashklari qo‘zg‘almish
edi. Ibrohimning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qidilar. Yana shu kuni quyosh tutilib,
olamni qorong‘ulik bosdi. Xalq bu voqeani Rasululloh o‘g‘li Ibrohimning
motami uchun
bo‘ldi, deb o‘yladilar. Muni anglab Rasululloh minbarga chiqib:
— Ey odamlar! Bu oy-kun ersa Allohning ulug‘ qudratini bildirishga ikki alomatdur.
Birovning o‘lishi yoki tug‘ilish uchun kun kuyib, oy tutilish degan ish yo‘qdur, — deb
mundoq o‘rinsiz e’tiqod qilishdan saqlanish kerakligini ularga bildirdilar.
Yana shu yili, ya’ni hijratning o‘n birinchi yili, safar oyining avvallarida Rasulullohning
buyruqlari bilan to‘rt ming kishilik askar qo‘shini tuzildi. Muning
ustiga Usoma ibn Zaydni
bosh qo‘mondon qilib qo‘ydilar. Undan ikki yil ilgari Usomaning otasi —
Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisani to‘rt ming askarga bosh qilib
Shom yerida Mo‘ta g‘azotiga yuborgan edilar. Buning bayoni ersa yuqorida o‘tdi. Bu
askarni ham yana shu joyga borib g‘azot qilishga buyurdilar.
Sahobalarning kattalaridan bu askar ichida Abu Bakr Siddiq, Umar, Abu Ubayda, Sa’d
kabi bir qancha kishilar ham bor edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usomaga tug‘
topshirgan chog‘da:
— Ey Usoma, Alloh yordami bilan aning yo‘lida g‘azot qilg‘aysan.
Xudo rizoligi uchun
so‘zidan tongan kofirlarga qarshi savashursan, — dedilar.
Yoshi o‘n sakkizdan o‘tmagan o‘spirin yigitni bunday ulug‘ g‘azot qo‘shini ustiga,
ayniqsa, Hazrat Ali, Hazrat Abu Bakr, Hazrati Umar kabi katta
sahobalar oldida amir qilib
qo‘yganlarini yoqtirmasdan o‘zaro so‘z qilishganlar ham bor edi.
Bu so‘z tarqalib Rasulullohga yetdi ersa, qattiq g‘azablari kelib:
— Ey odamlar! Usomaning amirligiga rozi emas kishilar bor deb angladim. Bu qandoq
ishdur? Munga rozi bo‘lmagan kishilar ersa, bundan ilgari otasi Zayd bin Horisani Mo‘ta
askariga qo‘mondon qilganimda, unga ham rozi bo‘lmagang edilar.
Alloh haqqi, Zayd,
Usoma — ota-o‘g‘il har ikkovi ham amirlikka loyiq kishilardur. Ayniqsa, Usoma menga
hammadan yaqin, hammadan suyuklik kishidur. Har yaxshilik bulardan kelgusidur. Bu
to‘g‘rida qilgan topshiriqlarimni qabul qilinglar, — dedilar.
Shu bilan boshqa so‘zlar bosilib, bu tayyorlangan qo‘shin yurish ustida turganda
Rasulullohning betobliklari boshlanib qoldi.