www.ziyouz.com kutubxonasi
352
shuni ayturman. Ey odamlar! Mendan shu so‘zlarni aniqlab olinglar. Shu yildan so‘ngra
yana bu yerda sizlar bilan ko‘rishmog‘imiz menga ma’lum emasdur. Shuning uchun bu
kuni sizlarga ko‘p narsalarni aytib, topshirgayman.
Ey odamlar! Sizlarning qoninglar va molinglar bir-biringlarga haromdir. Shu kundan
boshlab qiyomatgacha bu hukm o‘zgarmasdur. Shu oyda shu shaharda bu arafa
kunining hurmatini saqlagandek, ularning ham hurmatini saqlanglar. Har kimga bir
kimsa omonat qo‘ysa, unga hech xiyonat qilmay egasiga topshirsin. Bu kundan keyin
hech kim sudxo‘rlik qilmasin. Islom dinida bu ish haromdur. Islomdan ilgari berilgan
ijara pullarini yo‘q qildim. Amakim Abbosning ijaraga bergan pullarini yo‘qotish bilan bu
ishni boshlayman. Johiliyat zamonida bo‘lgan qon da’volarini yo‘qqa chiqardim. Islom
davrida unday da’volar so‘ralmaydur. Dastlab o‘z amakim o‘g‘li Rabi’aning qon da’vosini
qoldirdim.
Qurol tutib, qasd qilib kishi o‘ldirganni qasos qilib o‘ldirurlar. Qasd qilganligi
aniqlanmagan, tayoq-tosh bilan urib o‘ldirganlarga xun baho to‘latib, ulardan yuz tuya
olinglar.
Ey odamlar! Xotinlarning sizlarda bir qancha haqlari bordur. Alardin biri shulki,
to‘shaginglarni boshqaga bostirmasinlar. Erlaridan ruxsatsiz ularning uylariga begonani
kirgizmasinlar. Nikoh xiyonatidan o‘zlarini yiroq tutsinlar. Agar shulardan birortasini qilar
ekanlar, ularni qiynashga Alloh ruxsat beradi. Shundoqkim, avval ular so‘z bilan o‘kta
(nasihat) qilinglar, agar bu bilan tuzalmasalar, o‘rin va to‘shakni boshqa solinglar.
Munda ham bo‘lmasa, yormay, ko‘kartmay uringlar. Agar tuzalib to‘g‘ri bo‘lsalar, ularni
yedirib-ichirib, butun nafaqasini berib turish sizlarga vojibdur.
Ey odamlar! Shuni bilinglarkim, xotinlaringiz sizlarning yordamchilaringizdir. Ularning
boshlariga ega bo‘lolmagaysiz. Alloh omonati bilan alarni oldingiz. Alloh amri bilan
sizlarga halol bo‘ldilar. Shunday bo‘lgach, xotinlarga zulm qilishdan saqlaninglar!
Ey odamlar! Mo’min mo’minning qarindoshi, og‘asidur. Mo’minlar bir-birlariga o‘zlari
suyub bermasalar, rizosizlik bilan olgan mollari hamromdur. Mening bu so‘zlarimni
angladinglarmi? Ey bor Xudoyo, sening buyruqlaringni bandalaringga yetkazdim, bunga
o‘zing guvohdursan.
Ey odamlar! Yaratgan Xudoyinglar birdur. Barchanglar bir Allohning bandalaridursiz.
Otanglar birdur. Baringlar Odamdan tarqaldinglar. Odam tuproqdan yaratildi. Kim
taqvolik bo‘lsa, Xudo oldida qadri shudir. Arabning Ajamdan ortiqligi yo‘qdur. Kim taqvoli
ersa, shu ortiqdur. Ey bor Xudoyo, o‘zing guvoh bo‘l, sening amringni bandalaringga
yetkazdim. Menim shu so‘zlarimni hozirlar g‘oyiblarga, uqqanlar uqmaganlarga
yetkazsinlar.
Ey odamlar! Har bir vorisga merosdan tegadigan hissasini Xudo Qur’onda o‘zi taqsim
qilib qo‘ymishdir. Merosdan vorisga vasiyat qilish durust emasdur. Xudo bo‘lgan narsani
yana bandasi qanday bo‘la oladi? Meros molining uchdan biriga vasiyat yuradi. Har kim
o‘z otasini tashlab, boshqaga bola atalsa, yoki o‘zini ozod qilgan xo‘jasidan tonib
boshqaga bog‘lansa, unday odamga Allohning, farishtalarning, barcha insonlarning
la’nati bo‘lsin! Unday odamning toat-ibodatlari qabul bo‘lmaydi.
Ba’zilarning so‘zlaricha, shul arafa kuni ushbu oyat Xudodan keldi: «Al-yavma akmaltu
lakum dinaku va atmamtu alaykum ne’matiy va roziytu lakumul isloma dinan». Ya’ni:
«Shu kunda dinlaringni kamoliga yetkazdim, diniy ne’matlarimni tamom berdim, sizlar
uchun Islom dinini xohlab, uni ato qildim», demakdur.
Juma kuni asr namozidan so‘ngra Arafot tog‘ida Qasvo nomli tuyalarini minib
turganlarida yuqorigi oyat nozil bo‘ldi. Vahiy og‘irligini ko‘tarolmay oyog‘i
sinayozganlikdan tuya darhol cho‘kdi.
Ibn Abbos rivoyat qiladi: «Shu Arafotda to‘rt toifa din ahllarining bayramlari bir kunda