BADR G‘AZOTI Bu g‘azot ersa, butun Islom olamida bo‘lgan g‘azotlar ichida eng ulug‘ atalmishdur.
Buning ulug‘ligi moddiy jihatdan, ya’ni askarning ko‘pligi, yaroq-jabduqning mo‘lligidan
emas, balki ma’naviy-diniy tomondan qaralganda, bek ulug‘ g‘azotdur. Yuqori olam,
ya’ni yetti qat osmon, to Lavhu Qalam, Arshi a’zam farishtalari oldida ham bu g‘azotning
shuhrati bordur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelishlari bilan, hidoyat
quyoshi yangidan tug‘ilgan bo‘lsa ham, lekin bu qutlug‘ g‘azot natijasida hidoyat ahllari
zafar bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarib, butun zalolat olamiga maydon o‘qidilar. Ulug‘
farishtalardin Jabroil, Mikoil, Isrofil alayhissalom, bu uchovlari uch tug‘ ko‘targan uch
ming farishta bilan maydonga hozir bo‘ldilar. Bu sirni Alloh taolo Payg‘ambarimizga
Qur’onda bu oyat bilan xabar berdi:
«Ala yakfiyakum an yumiddakum rabbukum bisalasati alafin minal malaikati munzalin».
Ma’nosi: «Kifoya qilmasmu, Rabbingiz sizlarga madad bersa o‘z tarafidan tushirilgan uch
ming farishtalar bilan», degan bo‘lur.
Yuqorigi uch ulug‘ farishtalar tug‘-bayroqlari bilan bu maydonga hozir bo‘lganlaridek,
bularga qarshi Iblis mal’un, Bani Kinona qabilasining raisi Suroqa ibn Molik suratiga
kirib, bu ham hozir bo‘ldi. Shu qabila kishilarining suratlariga kirgan bir qancha kofir
jinlardan qo‘shin tuzib, tug‘-bayroqlar ko‘targan holda Badr maydoniga keldilar. Quraysh
mushriklari bularning kelganlarini ko‘rib, ko‘ngillari taskin topdi. Yo‘q ersa, bu ikki qabila
orasida eskidan qolgan adovatlari bor edi. Bundoq vaqtda alarning qarshi harakat qilib
qolishlari mumkinligidan qo‘rqar edilar. Suroqa suratiga kirgan iblis mushriklarga aytdi:
«Bizdan ko‘nglinglar tinch bo‘lsin, men sizlarga yordam berish uchun keldim. Endi bu
urushda sizlarga dushmandan yengilmoq yo‘qdur», deb Abu Jahlning ukasi Hars ibn
Hishom qo‘lini tutdi. Biroq shu chog‘da Jabroil alayhissalomga Iblisning ko‘zi tushdi. Tani
simobdek larzaga tushib, darhol tutib turgan kishi qo‘lini siltab tashlab, orqasiga
qaramay qochdi. Kofirlardan birovi turib: «Ey Suroqa, yordamga keldim, deb bizni
quvontirgan eding, endi o‘z so‘zingga vafo qilmay, qayon borursan?», dedi. Suroqa
aytdi: «Sizlar ko‘rmaganlarni men ko‘rurman, endi bu joyda turmoqqa toqatim yo‘qdur»,
deb askarlari bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Endi bu g‘azotning boshlanishi shundoq edikim, yuqorida aytg‘animizcha, Makka
mushriklarining katta karvoni Rasulullohga tutqich bermasdin, Shom viloyatiga o‘tib
ketgan edi. Bir necha kundan keyin ularning Shomdan qaytgan xabarini eshitdilar. Anda
sahobalarga aytdilar: «Bu kelayotgan karvonni agar qo‘lga tushirsak, biz ulug‘ o‘ljaga
ega bo‘lurmiz. Endi shuning chorasiga kirishaylik, kimning ot-ulog‘i oldida hozir bo‘lsa,
biz bilan chiqsin. Ot ulog‘i yo‘q kishilarni kutib turishga vaqt sig‘maydi», deb yo‘lga
chiqdilar. Bu voqea hijratning ikkinchi yili, Ramazon oyining to‘rtinchi kuni edi. Bu
muborak g‘azotga tayyorlanib chiqqan sahobalarning soni uch yuz o‘n uchga yetdi.
Buning ikki yuz qirqtachasi ansorlar bo‘lib, qolganlari esa muhojirlar edi.
Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinaga vaqtlik voliy qilib qo‘ydilar. Bu askarning borlik