BANIL MUSTALIQ G‘AZOTI Bu voqea shundoq erdikim, shu qabilaning raisi Horis ibn Zarror Uhud urushida Quraysh
mushriklariga yordam berib, Rasulullohga qarshi urushgan edi. Shundagi g‘olibiyatga
mag‘rur bo‘lib, o‘z qabilasidan boshqa arablardan kuchlik bir qo‘shin qurib, Rasulullohga
qarshi urush ochmoqchi bo‘ldi. Rasululloh bu xabarni eshitgach, buni aniqlash uchun
yashirincha Burayda sahobani yubordilar. Aniqligi ma’lum bo‘lgach, muhojir ansorlardin
yetarlik askar tuzib, yo‘lga chiqdilar. Bu safarda munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubay ibn
Salul boshliq bir muncha kishilar ham bor edi. Bu safardin g‘arazlari ersa, agar
musulmonlar yengsalar, o‘ljalik bo‘lib, mol topish, agar yengilur bo‘lsalar, Islomga qarshi
ish ko‘rish edi. Bularning maqsadlari Rasulullohga ma’lum bo‘lsa ham, murosa uchun
sabr qildilar. Ketayotganlarida dushman tomonidan yuborilgan josus qo‘lga tushdi.
Dushman holini andin Rasululloh so‘rab edilar, ochiq aytgani unamay, so‘zga kelmadi.
Iymon arza qilsalar, qabul qilmadi. Boshqa chorasi bo‘lmagach, uni o‘limga buyurdilar.
Ikkinchi manzilda Abdul Qays qabilasidan bir kishi kelib, Rasulullohga salom berdi.
Rasululloh:
— Qaydin kelding, qayon borursan? — deb andin so‘radilar.
U ersa:
— Joyim Ruhodadir, siz keltirgan islom dinini haq bilib, iymon keltirgani keldim, — dedi.
Buni anglab, Rasululloh Xudoga hamdu-sano aytib, bek suyundilar. So‘ngra ul odam:
— Yo Rasulalloh, iymon keltirgandin keyin, mo‘min kishiga qaysi ish qilish hammadan
yaxshiroqdur? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Namoz vaqti kirishi bilan ta’xir qilmay, (kechiktirmay), o‘tashdur.
Bu so‘zni anglagach, ul odam umri boricha namozni avvali vaqtida o‘qishni o‘ziga lozim
tutdi.
So‘ngra dushmanlar raisi Xoris ibn Zarrorga xabar yetdikim, aning yuborgan josusi
ushlanib, o‘ldirilmishdir. Bundin yomon fol olib, ko‘ngliga qo‘rqinch tushdi. Askar ichida
ham har xil vahimalik so‘zlar paydo bo‘lib, shu bahona bilan birmunchalari tarqalib
ketdilar.
Payg‘ambarimiz aytdilar: