BANI QURAYZA G‘AZOTI Bani Qurayza bo‘lsa, Madina atrofida o‘rnashgan yahudlardan edilar. Ahzob askari buzilib
qaytqondan so‘ngra ahdlarini buzib, Rasulullohga qarshi ish qilganlariga qattiq
qayg‘urishib, bular ham o‘z joylariga qaytdilar. O‘zaro bir-birini malomat qilishur edilar.
Ammo na choradurki, ish vaqtidin o‘tgan edi. Boshqa ilojlari yo‘qligidan boshlariga
keladirgan qattiqchiliklardan qo‘rqishib, jon talvasasida o‘zlarini qo‘rg‘on ichiga oldilar.
Dushman qaytgandan keyin Rasululloh ham urush joyidan qaytib, Madinaga kirdilar.
Qurollarini qo‘yar-qo‘ymas Bani Qurayza yahudlarining ustiga yurmak uchun Allohdan
vahiy keldi. Yaqin bir oy Xandaq qamali ostida eng og‘ir kunlar kechirgan bo‘lsalar ham,
bu ishni kechiktirmaslikka Allohdan amr bo‘ldi. Hazrati Ali boshliq bir to‘p askar tezlik
bilan yo‘lga tushdilar. Peshin namozi Madinada o‘qilgan edi. Rasululloh: «Asr namozini
Bani Qurayzada o‘qinglar», deb buyurdilar.
Xandaq urushida hozir bo‘lg‘on kishilardin bu safarga chiqmagan hech kim qolmadi.
Chunki xalq g‘azabi bularga qarshi qo‘zg‘algan edi. Yangi qurilayotgan Islom davlatining
markazi Madina shahri va’dasida vafo yo‘q, so‘ziga ishonch yo‘q, bunday hasadxo‘r
dushmanlardan albatta tozalanmog‘i lozim edi.