BANI OMIR ELCHILARI Bular ichida Omir ibn Tufayl, Arbad ibn Qays, Jabbor ibn Salamiy degan qabila
boshliqlari, elchilar raislari edi. Butun qabila ustidan raislar boshlig‘i qilib Omir ibn
Tufaylni saylamish erdilar. Muning ko‘rinishi ko‘rkam, egiz bo‘ylik, yuzi chiroylik,
chechan tillik kishi erdi. Islomiyatdan ilgari arablar o‘z odatlaricha har yili Ukoz,
Zulmajoz degan mashhur bozorlarga yig‘ilishib mushoira-mufohara (muzokara) qilishur
edi. Ya’ni, arab shoirlari, xatiblari oralarida so‘z musobaqasi bo‘lur edi. Qaysi qabila
shoirining she’ri fasohat, balog‘at to‘g‘risida boshqalarnikidan ustunlik qilar ekan, uni
keltirib hurmatini ko‘tarish uchun Ka’ba devoriga osib qo‘yishar edi. Mundog‘ she’r
egalarining xalq ichida qadri ko‘tarilib, ularga ulug‘ shoirlik unvoni berilur edi. Bu ish
ersa o‘shal zamon arablari oldida ulug‘ sharafga ega bo‘lgani uchun she’r sifati eng oliy
darajaga yetmaguncha Baytulloh devoriga osishga yo‘l qo‘ymas edilar. Mana shundoq
joylarda xalq yig‘ilib to‘lganida shu Omir ibn Tufaylning amri bilan uning jarchilari xalq
ichini oralab: «Kim piyoda ersa ot mindiramiz, kim och bo‘lsa to‘yg‘izamiz, dushmandan
qo‘rqqan bo‘lsa qutqazamiz», deb qichqirishur edi. Lekin Omirning ko‘nglida hasadi
bo‘lg‘onlikdan Rasulullohga qattiq dushmanligi bor edi. Qabila ichidagi yaxshi kishilar:
— Ey Omir, Makkani Muhammad fath qildi, Quraysh unga iymon keltirdi, butun arab
xalqi Islom diniga kirgani turdilar. Endi sen ham ko‘p qatorida iymon keltirgin, — dedilar.
Anda ul:
— Hoy, men unga qanday iymon keltiraman? Butun arab xalqini o‘zimga qarataman deb
ont ichgan edim. Endi Qurayshdan chiqqan bir kishiga bo‘ysunmoqni o‘zimga or
ko‘rurman, — dedi.