BANI QAYS SHOIRI A’SHONING VOQEASI Bu kishi ersa, eng oliy tabaqalardin bo‘lgan arab shoirlaridin sanalur edi. Payg‘ambarimiz
bilan ko‘rishib, Islomga kirish qasdida o‘z yurti Yamomadin chiqdi. Bu qilgan safarida
Payg‘ambarimiz sha’nlariga aytgan, arablar odatlaricha, maqtov-sifatlarini qilgan uzun
bir she’r — qasida tuhfasi bor edi. Bu shoir Makka shahriga yaqinlashganda, uning
kelgan xabari Quraysh xalqiga eshitildi. Alarga tashvish tushdiki, agar bu shoir kelib,
Muhammadga iymon keltirsa, she’r aytib, tili bilan tashviqot qilib, butun arablarni
qo‘zg‘ashi mumkindir. Buning chorasini ko‘rib, uni Muhammadga ko‘rishtirmay qaytarish
kerak, deb maslahat qildilar. Shuning bilan Quraysh raislaridin Abu Sufyon oldidin to‘sib
chiqib, u bilan ko‘rishdi, aning maqsadini so‘rab bilgandin so‘ngra, u:
— Ey A’sho, agar Muhammadga iymon keltirsang, aning dinida uch narsa haromdur: 1.
Zino. 2. Hamr (aroq). 3. Qimor.
Agar aning diniga kirib, musulmon bo‘lsang, bu uch lazzatdin mahrum bo‘lursan, — dedi.
Anda A’sho:
— Birinchi deganing zino bo‘lsa, endi men qaridim, agar men uni tashlamasam, u meni
albatta tashlaydur. Ikkinchi aytganing hamr bo‘lsa, undan ko‘p yillardin beri ichib, bir
kishichalik haqqimni olib, qonganman. Uchinchi — qimor o‘yinidin qaytarsa, uni
o‘ynaganimda yutib olib, foydalanishim aniq emasdur. Ammo Muhammadning
juvonmard, saxiyligini aniq, deb ongladim. Agar iymon keltirsam, aning ato va
baxshishlaridin bahra topgayman — dedi.
Abu Sufyon uni bu so‘zlar bilan qaytara olmasligiga ko‘zi yetgandin keyin, turib:
— Ey A’sho, bu ishga ko‘p shoshmasdin yana biror yil o‘tguncha payqab qaragin, endi
sening bu kelishing ham quruq bo‘lmasin, Quraysh xalqidin qizil tuklik bir yuz tuya
yig‘dirib berayin. Agar bu orada Muhammad bizni yengib, ishi rivojlansa, bir yil so‘ngra
kelib, unga iymon kelturursan, ham buning ustiga yuz tuya ortiqcha o‘lja olgan
bo‘lursan, yo‘q, agar bundog‘ bo‘lmay, biz uni yengib chiqar bo‘lsak, ul chog‘da butun
arab o‘z dinida qolib, aning bu ishi o‘rtadin ko‘tariladi. Ul holda yuz tuya senga yana
foydaga qoladi, — deb uni ta’maga soldi.
U ham bo‘lsa, mol hirsi ko‘ngliga tushgandan, uning bu so‘ziga rozilik ko‘rsatdi.
Shundog‘ qilib, Abu Sufyon Quraysh xalqidin yuz tuya yig‘ib, unga topshirgandin keyin,
Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishmasdin, dunyoga aldanib, o‘z eliga qaytib ketdi. Yo‘lda
ketayotganida uyiga yetmasdin ilgarigi tuyasidin yiqilib o‘ldi. Dunyo hirsi balosiga qolib,
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
43
shundog‘ ulug‘ davlatdin mahrum bo‘ldi. Lekin buning shu safaridagi Payg‘ambarimiz
sha’nlarida aytgan she’ri ersa, shu kungachalik kitoblarda mashhurdur. Balki g‘oyibona
iymon keltirgan bo‘lsa ham ajab emas.