www.ziyouz.com kutubxonasi
98
yo‘limiz yo‘qolgach, to‘g‘ri kelgan bir yerni topib, tushishga majbur bo‘ldik. Biroz
o‘ltirganimiz so‘nggida yana chidayolmay ko‘ngilga vahima keldiki, bu yer Xitoy
qorovulxonasiga yaqin bo‘lsa, ertalab cheriklarini chorlab chiqqanlarida falokat bosib
bizga yo‘liqishib qolmasin, men buni payqab kelishim kerak deb, G’apporxon otlanib
ketdi.
Xudo xohlasa balo yo‘q degandek, biroz yurganidan keyin yiroqqan chiroq yorug‘ini
ko‘rgach qozoq ovuli
bo‘lg‘aymu, bulardan yo‘l so‘rayman deb, borib qaraydi. Bir uy liq
to‘liq yaraq jabduqlik, uxlab yotgan xitoy qorovullari Dog‘ut, Toyoshuv dovon yo‘lini
to‘sib yotgan qalmoq askarlari ekandur. Xudo saqlashini ko‘ringki, qo‘yilgan qorovullari,
boqqan bo‘riday soqchi itlari, yotganlaricha qotib uxlab qolmish edilar. Bu kabi
dahshatlik vahshiylar balosidan qutulib kelib, voqeani aytishi bilan darhol orqaga qay-
tib, yo‘lga tushdik.
Kelishimizda ko‘rinmagan mo‘ljallik belgilarimiz qaytishimizda ot qashqasidek bo‘lib
oldimizda ko‘rina boshladi. Shundan mo‘ljal olib tog‘ tepasiga qarab tortilgan yolg‘izoyoq
yo‘lga tushganimizcha, uch to‘rt bel oshib, tutash tog‘lar orasida ketayotgan edik;
yo‘ldoshidan ajragan yo‘lborsdek, bir hayqiriq chikdi. Buni eshitgach, har ikkovlan
tinglashib (jim bo‘lib ma’nosida) quloq solsak, ikkinchi tog‘ betida arang ko‘ringan kishi
qorasi tomonidan «Hoy, G’apporxon!» deb chin yurakdan chiqargan qiyqiriq dovushi
ekandur. Bu tovush egasi mo‘ljal bo‘yicha o‘tgan kuni kechgacha bizning kelish yo‘limizni
to‘sib kutgan ekan. Biz adashib bir kun kechikib qolganligimizdan har turlik qo‘rqinchlik
ishlar ko‘ngliga kelib, bugun yo‘lda yo‘liqishmasak Oroltepaga bormoqchi bo‘lib, yo‘lga
chiqmishdur. Bu tovush eshitilishi bilan G’apporxon ham tog‘ ustiga chiqib, o‘zini
ko‘rsatmish edi. U orqasiga qaytib, biz tomonga qarab yura boshladi. Yaqinlashib
kelganida ko‘zi menga tushgach, o‘zini otdan tashlab, yig‘laganicha kelib men bilan
ko‘rishdi.
Bu kishi esa bizdan bir-ikki yil ilgari ruslar zulmiga chidayolmay G’uljaga qochib
o‘tgan To‘qmoq qirg‘izlaridan edi. Mening boshimga shu kabi zulm kunlari, qorong‘u
tunlari tushib, hech yerga sig‘may qochib yurganimni eshitgach, ko‘p xafa bo‘lib:
«Mening oldimga kelsun, Yulduz dovoni yo‘llari ochilguncha men o‘zim u kishini
saqlayman», deb o‘g‘lim G’apporxonga va’da bermish ekandur.
Bundan ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsak ham, bir yurtlik haqini saqlab, shundoq
og‘ir qo‘rqinchlik kunlarimizda bizga boshpana bo‘lib, ulug‘ xizmat qilmish edi. Agar bu
kishi vafot bo‘lib dunyodan o‘tgan bo‘lsa, Alloh u kishini rahmat suviga cho‘mildirib,
jannatdan darajali joylar ato qilsin! Agar hayot bo‘lsa, oxirgi kunlarigacha Allohning
panohida bo‘lsin!
B a y t: Yaxshilik qilg‘on kishini hech unutmas Sog‘uniy, To hayoti boricha doim duo qilg‘ay oni. Shunday qilib, bu do‘stimiz Turg‘un og‘a bilan yo‘l ustida topishqan so‘nggida,
Qo‘yoshuv degan dovonga yaqin yerda, qalin qarag‘aylik tog‘ ichida biz uchun
tayyorlangan yolg‘iz o‘tovga kelib tushdik. Marhum o‘g‘lim G’apporxon meni shu joyga
o‘rinlashtirib qo‘ygach, o‘z tirikchiligi uchun Oroltepaga qaytib ketdi. Mening bu turgan
joyim esa, har taraflama yigirma o‘ttiz chaqirimlab xalqdan yiroq, egiz tog‘lar, qalin
qarag‘aylar, o‘rmonlar orasida bo‘lganlikdan inson yirtqichlari, zolim vahshiylardan
o‘zimni qutilgan hisoblab, hurriyat osmoni ostida oz bo‘lsa ham ozodlik lazzatini
tatig‘andek bo‘lib yashamokda edim.
Vaqtlik bo‘lsa ham shu fursatdan foydalanib, tibbiyot xizmatida o‘tgan kunlarimda
to‘plangan tajribalarimni jamlab, umrim uzulgan so‘nggida xalq uchun, ayniqsa o‘z
avlodim uchun esdalik bo‘larmikin degan umid bilan, ochiq turkiy tilida bir kitobcha