www.ziyouz.com kutubxonasi
96
qadam bosgan edim, o‘g‘lim Asilxon: «Jon dada, zolim jallodlar oldiga chiqish aqldan
emas, qo‘llarida zanjir kishanlari shaldirab turibdi» degach, qochish ham
payg‘ambarimizdan qolgan emasmu xayoli bilan, tun qorong‘usi, qattiq bo‘ron
yomg‘iridan foydalanib, o‘g‘lim Asilxon oyog‘imdan dast ko‘targach, egiz tom osha
qo‘shni qo‘rasiga o‘zimni tashladim.
Qattiq bo‘ron, shamol aralash yomg‘ir urib turganlikdan har qanday sharpa bo‘lsa
ham, uqulg‘udek (bilingudek, ko‘ringudek) emas edi. Shundan foydalanib, qo‘radan
qo‘raga tom osha tushib, ko‘cha boshidagi tom ustiga uyilgan bir o‘ram hashak ostiga
kirib yoshirindim. Orada 5 6 hovli bo‘lib, o‘zim uzoqda turgan bo‘lsam ham, ikki ora
ochiqlik edi. Shunga ko‘ra o‘z qo‘ramizda bo‘layotgan ishlarni yiroqdan bo‘lsa ham
payqab turdim. Bosh oyoq uylarimizni, qo‘ni qo‘shnilarimizni qoldirmay, 1 2 soat ontar-
to‘ntar qilishib meni topisholmagach, Asilxonni olib jo‘nadilar. Bu zolimlar ketganlaricha,
uy ichi oilalarimizga vahshiylarcha ko‘rsatgan dahshatlariga qaralsa, bularni: «Ikki oyoqli
yirtqichlar», deyishlik xato aytilmagan bo‘ladi.
Bular ketib tong sahar yaqinlashgancha tarnovdan quygandek to‘xtamay yomg‘ir
yog‘mokda edi. Egni boshim siqib olg‘udek bo‘lib suvga chilanib qoldim va ham tong
otmasdan ilgariroq bu joydan boshqa bir o‘ringa yo‘tkalib yoshirinishim hammadan zarur
edi. Shuning uchun ko‘chamizdagi o‘z do‘stlarimizdan koshg‘arlik Ayuboxun usta
qo‘rasiga tushib, ming hijolatlik bilan sekingina o‘zi yotgan uy eshigini taqillatib edim,
dovushimdan tanidi bo‘lg‘ay, tura kelib eshikni ochib, musulmonga yarashgan axloq
bilan meni yaxshi qarshiladi. Bu voqea 1937 yili mart oyida bo‘lmish edi. Shu oradan 33
yil o‘tib, bu kitobni yozmoqdaman. Agar ming yil o‘tsa ham, bu yaxshilik hech vaqt
unutilmay doimiy saqlang‘usidir. Alloh uni rahmat qilsin!
Ho‘l kiyimlarim quritilib bo‘lg‘ach, erta namoz azoni aytilgach, katta salla, uzun
chopon bilan Ayuboxun uyidan «Bismilloh» deb masjidga ketayotgan bo‘lib eshik
oldimizdan o‘tayotganimizda qarasam, darvozamiz oldida ikki nafar xitoy cherigi turmish
ekandur. Shu o‘tganimizcha Ayuboxun usta boshlab olib, marhum Usmon qorim uyiga
yetkazdi. Ko‘cha eshigi ochilmagan, hali bomdot vaqti bo‘lmagan edi. Devordan oshib
tushib, mening xabarimni onglatgach, yugurganicha chiqa kelib, ko‘ngil ko‘targich so‘zlar
bilan do‘stlig‘ini bildirib, o‘ylagandan ortiqroq hurmat bilan meni kutib oldi. Alloh ulug‘
ajrlar bersin u kishiga!
Bu kishining uyida turishimiz ehtiyot yuzasidan to‘g‘ri kelmaganlikdan, o‘zidan
yiroqroq orqa ko‘chasida kuyov o‘g‘li qo‘rasida turishimizni maslahat ko‘rdilar. Mana shu
joyda 10 kun chamali turgandan keyin, bir kun hukumat josuslaridan bo‘lgan vijdonsiz
vatan xoini Sharop shangyu Usmon qorimga kelib mening to‘g‘rimda so‘z so‘rabdur. U
ketgandan keyin ehtiyot yuzasidan o‘rin yangilash lozim bo‘lib qoldi. Qorimning bog‘i
orqasida necha yillik tashlandi, eski, buzulgan xumdoni bor ekan, shoshilinchda joy
topolmagach, shuning ichiga tushib, to‘qqiz soat yoshirinib yotdim. Shu kuni kechqurun
bu joydan yo‘tkalib, daryo bo‘yiga yaqin bir xilvat yer topib, bir necha kunlik aziz
umrimni u joyda o‘tkazdim.
Mening bu kabi eng og‘ir kunlarimda vafodorlik qilib, do‘stlik haqini o‘tagan erlarning
eng birinchisi to‘qmoqlik Abdurahmon edi. O’g‘li Abduqodir boshliq katta kichik butun
oilasi bilan mening yordamimda bo‘ldilar. Ikkinchisi, otushlik savdogarlardan menga
jonfido ixloslik bo‘lgan Matniyoz edi. Bu qahramon Oltoy va Mong‘uliyada G’ulja yilqisi
pul ekan degan bahona bilan, ataylab men uchun yuz yilqi olib, Mong‘uliyaga
haydamoqchi bo‘ldi. Bundan maqsadi esa, meni ham xizmatchi yilqichilar qatoriga
qo‘shib olib, Mong‘uliyaga yetgach, u kunlari Manjuriyada turgan yaponlarga
o‘tkazvormoqchi edi. Chin ko‘ngli bilan biz uchun bu ishga kirishgan bo‘lsa ham, bu ish
to‘g‘ri kelmagach, yo‘limiz boshqa yoqqa burildi.