www.ziyouz.com kutubxonasi
93
Bularning kundalik ahvollari esa, sovet elchixonasiga yetkazilib ma’lum bo‘lib
turmoqda edi. Shungachalik sovet konsuli orqali saqlanib kelgan Xo‘janiyoz, o‘qitgan
yosh boladek, tayyorlanmish edi. Uning tilidan, qo‘lidan hujjat xat olgani ustiga, yerlik
hukumat a’zolari boshliq boylar va boshqalardan ko‘rsatilgan kishilarni qoldirmay ushlab,
Shing Dubanga topshirish vazifasi ham unga 1934 yili sovet konsuli tomonidan
topshirilmishdur. Qo‘yilgan bu shartlar Xo‘janiyoz tomonidan bajarilgan taqdirda, uni
musulmonlar vakili o‘rnida Shing Duban o‘rinbosari qilishga va’da berilmishdur. Shunday
bo‘lib, bari ishlar qizil markaz tomonidan qolipga solinib, tayyorlangan so‘ngida,
Xo‘janiyoz qalpog‘i ostida qizil jallodlar ishga kirishgali turdi.
Xalq ko‘zini qo‘rqitib, yuraklarini mujush, hammaga dahshat ko‘rsatib, xalq ichida
haybat oshirish bularga qonuniy shior bo‘lganlikdan, hech qanday qiyinchilik ko‘rmagan,
ayniqsa, diniy odamlar, kat-ta-kichik boylar, xalq ichida ko‘zga ko‘rinarlik kishilar,
birinchi navbatda qo‘lga olinmishdurlar. Ular ichida Muhammadoxun xalpitim yuqorida
aytilganidek, tungonlar qiynovida vafot topgan bo‘lsa ham, biz bilgan Koshg‘ar
ulamolaridan tubandagi kishilar: domla Sobitoxun otush, Sobitoxun qizil biya,
Hoshimoxun xalpitim, Shamsiddin domla boshliq oz bo‘lganda din ulamolaridan 40 50
odam shu inqilobning qurboni bo‘ldilar. Bular ichida yuqorida nomlari yozilgan olimlar
kitob yozib asar tasnif qilishga qudratlari yetarlik edi. Afsuski, domla Sobitdan boshqa
birortalaridan o‘z tillarida yozilgan asar borligi bizga ma’lum emas. Shunday bo‘lib,
bechoralarning qiynov ostida o‘lganlaridan qolganlarini qo‘l oyoqlariga temir zanjirlar
solingan holda Urumchiga, Shing Duban bosqinchining oldiga olib kelib, oz bo‘lganida 10
yildan kam emas, turmaga kesdilar.
Ota bobolarimizdan qolgan o‘z vatanimizga, el qatori insoniy haqlarimizga boshqalar kabi biz ham ega bo‘laylik, degan to‘gri talablaridan boshqa bularning nima gunohlari bor edi? «Va aidduv lahum min quvvatin». Bu oyat ma’nosi: «Dushmaninglarga qarshi imkoniyat boricha kuch kuvvat tayyor qilinglar», demakdur. Musulmonlar Qur’onning yolgizgina shu hukmiga amal qilgan bo‘lsalar, butun insonlar ustiga hukmron bo‘lib, islom adolati yer ustida o‘rnashgan bo‘lur edi. Bu so‘zning haqligiga shak yo‘qdir, chunki payg‘ambarimiz aytdilar: «Mening ummatlarimdan qaysi kishi yaxshilik ko‘rsa uni Allohdan ko‘rsin, buni menga Alloh berdi deb bilsin; agar yomonlik ko‘rar ekan, o‘zidan ko‘rsin, o‘zini malomat qilsin», dedilar. Kur’on hukmiga ko‘ra, boshqalarga Vatanlarini bostirib, o‘z milliy hukumatlaridan ajrab, ularga tobun bo‘lgan musulmonlar, Alloh amrini bajarmaganlikdan xudo oldida javobga tortilib, ikki dunyoda ham xorlikka qoladilar. Bizning inqirozimizga eng birinchi sabablardan biri ittifoqsizligimiz bo‘ldi. Kur’onda mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi.