www.ziyouz.com kutubxonasi
35
qo‘ymish edilar. Shundoqki, «Mana, sizlar ishongan Madaminbeginglar kofirga sotilib, o‘z
foydasi uchun sizlarni tutib bermoqchi bo‘ldi. Bu ishni bajarish vazifasi unga
topshirilmishdir. Yaqin orada kelib qolsa, shunga qarab chora ko‘rish kerak», degan
yolg‘on fitna so‘zlarni tarqatib, u ongsiz qora botirlarni ishontirib turgani ustiga,
Madaminbek ham kelmishdir. Haqiqatan ham ko‘krak kerib ot chopishdan boshqa hech
ishni bilmagan, maslaksiz qora botirlar ko‘zlari unga tushishi bilanoq gapirtirmasdan
«Hoy, sen bizlarni kofir bolsheviklar qo‘liga bermoqchimisan?» — deb uni o‘ldiradilar.
Bu ulug‘ jinoyatni bajarishgan so‘nggida ozu ko‘p kutilgan umidlar uzilib, ko‘z tutilgan
ishlar butunlay o‘zgardi. Bosqinchilarga haybat ko‘rsatgan Madaminbekning
qo‘zg‘olonchilar qo‘lida o‘lishi, musulmonlar uchun har holda foydalik ko‘ringan yuqorigi
bitimning buzilib ketishi kelajakda kutilgan yerlik xalqlar manfaatiga qattiq zarba
bermish edi. Bu fojialik voqeadan Vatan bosqinchilari o‘zlari tilagandek ikki taraflama
foydalanib xiyonat maqsadlariga erishdilar.
Mana shundan keyin o‘lka bo‘ylab tarqalgan qo‘zg‘olonchilarning qo‘ri tugab,
jamiyatlari buzildi; ruhlari tushib, to‘plari tarqashga boshladi. Yolg‘iz bolsheviklar emas,
balki o‘z xalqlari oldida ham o‘g‘ri — bosmachi nomini ko‘tardilar. U ishda rejalari to‘g‘ri
chiqqach, bundan bu bosqinchilar necha yoqlama foydalanishga kirishgani turdilar.
Xalqni talash-bulashda, o‘ldirish-kuydirishda bosmachi nomida chiqqanlar ularning
oldingi safdagi qurollik askarlari xizmatini bajardilar. Ko‘zlagan maqsadlari qo‘l kelib,
rejalari to‘lgunchalik mahalliy xalq ustida o‘tkazish lozim bo‘lgan har turlik
vahshiyliklarni nodon bosmachilar qo‘li bilan bajarish siyosatini tutdilar. Ularning
qurollari esa bular tomondan ta’minlanib turmoqda edi. Ish ortini o‘ylamagan, do‘st-
dushmanning kimligini bilmagan bir to‘da yasama vahshiylar orqalik o‘ylagan rejalari
to‘lib, ko‘zlagan ishlari bajarilib bo‘lguncha butun ko‘pchilik xalq jonlaridan to‘yib, qanot-
quyrug‘i yulingan, tumshug‘i bilan yer tirnagan qush kabi nima desa bo‘yinsunishga
tayyor bo‘lgan edi.
Makkor, hiylagar Maskov sehrchilarining tubgi (asl)
tutgan siyosatlari esa butun yerlik
xalqlarni, yuqorida aytilgandek, o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izlash, iqtisodiy bo‘lgunlikka
(inqiroz) tayyorlash edi. Telba, majnunlar qo‘llariga qurol ushlatib, shu orqali ishlari
baja-rilib, rejalari to‘lgan so‘nggidagina iblis Kalinin (KPSS va sovet davlati arboblaridan,
bolalarga qarshi dunyoda birinchi chiqarilgan vahshiyona «Uch boshoq qonuni»ning bosh
muallifi sifatida ham «mashhur»)
1925 yili Maskovdan keldi. Buning kelishini, har
yoqlama iskanja azobi ostiga olinib, eng oxirgi da-mini arang olayotgan bechora
musulmonlar o‘zlari uchun najot bayrami hisoblab, tantana bilan uni qarshi oldilar.
Haqiqatda esa, bu jallodlarning maqsadi bo‘ri og‘zidan qutqarib olib, o‘zlariga qurbon
qilish edi. Harholda bosmachilik plani to‘lib, bu hakdagi siyosat o‘zgarganlikdan Kalinin
va uning hay’atlari kelishi bilan har joyda qurilgan zulm-sudlari ishga kirishib, butun
bosmachilarni o‘limga buyurdilar. Shu bahona bilan o‘zlariga to‘g‘ri kelmagan ko‘p yerlik,
o‘z Vatani uchun qayg‘urgan kishilar otilib-chopilib, qolganlari surgun qilindi. «Dushman
qo‘li bilan ilon boshini yanch» degan maqolimiz o‘z ustimizda ishlatilib, o‘z qo‘limiz bilan
o‘zimizni bo‘g‘izlatdilar. Shunday bo‘lib, 6 — 7 yil davom etgan qo‘zg‘olonchilar hara-kati
ongli ravishda ilmiy-siyosiy asosga qurilmaganlikdan oxiri achinarlik holga aylanib, butun
ishlari natijasiz bo‘lib chiqdi. Yo‘q esa, qancha xalqimiz qonlari o‘rinsiz to‘kilgani ustiga
ne qahramon yigitlarimiz, Vatan o‘g‘lonlari bu yo‘lda qurbon bo‘lmas edilar.
Eshitishimcha, Kalinin 1922-1925 yillari bu O’zbekiston-Turkiston o‘lkasida o‘zlari
tilaganday bajarilgan butun ishlarni yakunlab Maskovga qaytib borgach, uni yigirma
mingdan ortiq odam qarshi olib, kutib chiqmishdir. Shu chog‘da ularga qaratib
Kalininning birinchi aytgan so‘zi: «O’rtoqlar! Bog‘-bo‘stonga o‘ralgan, noz-ne’matga
to‘lgan O’zbekistondan partiyamiz sizlar uchun, butun rus xalqi uchun oliy joylar