www.ziyouz.com kutubxonasi
32
ataylab kelib o‘g‘irladilarmi, yoki ochiqqan, chanqagan otlar qandaydir bo‘shanib olgan
bo‘lsalar, suv tovushiga ergashib, to‘qay ichiga tushdilarmikin, deb chidab turolmay,
ko‘zga sanchisa ko‘rinmas qop qora tun ichida timirskilashib, har ikkovimiz ot
qaramoqchi bo‘lib ikki yoqdagi to‘qay ichiga kirdik. Bunday joylarda bo‘ri, ayiq kabi
yirtqich hayvonlarning bo‘lishi belgilikdur. Soqliq yuzasidan pichog‘imni qo‘limga olib,
to‘qay ichida turtinib yakin ikki soat qidirganim so‘nggida, ot sharpasi bilinmagach qaytib
chiqishga majbur bo‘ldim. Hay, shu kechaning uzunligi jonga botdi! Har ikkovimiz zoriqa
oriqa telmurganimizcha o‘ltirib, arang tong otqizdik. Yo‘ldoshim Ibiloxun o‘z qilmishidan
xijolatga qolib, bosh ko‘tara olmagan bo‘lsa ham, uyg‘urlar «Mullam, duoga zo‘rlang»
deganday, men o‘z odatimcha duoga kirishib «Solotan tunajjiyno»ni o‘qish bilan tong
ottirdim. Tong otishi bilan nomozimizni o‘qib olgach, yana izlashga kirishdik. Kun
ko‘tarilgan chog‘i edi. Chuqur soy bo‘yidagi to‘qay ichida «Hay, ot buyoqda ekan!» deb
yiroqdan qichqirgan yo‘ldoshimning uni eshitildi. Shu bilan bir zumda boshimizdan g‘am
tog‘i ko‘tarilib, bu kabi qo‘rqinchlik yerlarda safar xatarlarining qayg‘ulik, qorong‘i tuni
qoplagan tutiq ko‘nglimiz bir damda ochildi. Yaxshi, xudo o‘nglab boshqa harom qo‘l
tegmagan ekan, tezdan otlarimizni keltirdik, yemo‘p yegizib qondirganimizdan so‘ngra,
yana yo‘limizga tushdik.
Biroz vaqt yurganimizdan keyin Ketmontepa tomonidan qochib kelayotgan bola aqalik
ruslar, manzilga yetgunimizcha uzulmay oldimizdan o‘tkani turdilar. Nima bo‘ldi ekan
desak, O’sh atrofidan bosh ko‘tarib chiqqan Xolxo‘ja degan qurboshi qurollik-qurolsiz yuz
chamali yigitlari bilan kelib, Ketmontepa qishlog‘ida tinch yotgan ruslarni qamab
qo‘rqitgan ekan. Orada bir qo‘nib, ertasi Ketmontepaga yetdik. Bu esa orqa Turkiston
bilan Farg‘ona tizma tog‘lari orasiga tushgan Ora yaylov qatorida mashhur Susamir
yaylovining oyog‘i bo‘lib, obxaci rtacha, yeri keng, suvlari mo‘l, kelishgan go‘zal bir
yerdir. Ekinchilik ishlari bek unumli bo‘lib, ayniqsa har turlik don o‘simliklari boshqa
yerlarga ko‘ra bu yerda to‘lig‘i bilan yetishadi. Bug‘doy nonlari juda ham tamlik
bo‘lg‘anlikdan, chet yoqadan keluvchi yo‘lovchilar buning oldida boshqa narsani ko‘p
qo‘msamaydilar. Shuning uchun chor hukumati zamonidayoq bu joylarga qiziqish
boshlanib yerlik qirg‘izlar emas, rus kelgindilari bilan keraklik bari o‘rinlar to‘ldirilmish
edi.
Shunday qilib otushlik savdogarlardan birining uyiga qo‘nib, bir kun dam
olganimizdan so‘ngra, bu yerdan chiqib yurganimizcha Ichinsoy degan uzun bir o‘zanga
tushdik. Bosh oyog‘i ko‘rinmaydigan uzun soy ichi to‘lgan pista, bodom, yong‘oq kabi
qalin mevali daraxtlarni oralab yurganimizcha, Norin daryosi bo‘yiga chiqdik. U kunlari
bu daryo ikki qisiq tog‘ oralig‘ida oqayotganligidan, tikka tog‘ belidagi yolg‘iz oyoq tor
yo‘ldan otliq yurish anchagina xatarlik edi. Shu kungi qo‘nolg‘idan o‘tgach orada yana bir
qo‘nib, Norin suvidan Xo‘ja ko‘prigi orqalik o‘tib, Uchqo‘rg‘on qishlog‘iga kirdik. Bu esa,
yo‘lovchilar shimoliy tizma tog‘lardan o‘tib, Farg‘ona vodiysiga tushgach, birinchi
navbatda uchraydigan qishloqdir. Namangan, Andijon va boshqa Farg‘ona shaharlariga
shu yerdan tarqaladilar.
Bizning bu safarimiz 1921 yili bo‘lganlikdan «bosmachi» nomidagi xalq
qo‘zg‘olonchilarining eng ku-chab yotgan vaqti edi. Bir qishloqda bolsheviklar,
ikkinchisida «bosmachi»lar turib, oralarida otish-ma-chopishmalardan chiqqan miltiq
tovushlari uzulmas edi. Mingan otlarimizni ko‘rgan kishilar: «Hay, qanday bo‘lar ekan,
bu o‘xshash yaxshi otlarga ko‘zlari tushgaqda, hech qachon qutilolmaysizlar. Oriq otlarin
berib, bu otlaringizni tortib olmasalar», deb bizni vahimaga soldilar. Shundoq bo‘lsa
ham, Andijon shahriga yetkanimizcha biriga biri tutashishgan qalin daraxtlik qishloqlar
oralab ketdik. Ko‘cha boshlarida o‘ltirishgan odamlar, «Hali shu yoqqa ketgan
«bosmachi» beklar sizlarga qaerda yo‘liqishdi?» deb so‘rashar edi. Alloh saqlagan